"Xovar" Tojikiston Milliy axborot agentliginining xabar qilishicha, Tojikiston Prezidenti emomali Rahmonning topshirig'i asosida "Qal'ai Xo'jand" majmuasi qayta tiklanmoqda. Qurilish ishlariga 300 nafardan ortiq mutaxassis va quruvchilar, xalq hunarmandlari va rassomlari, dekorator, kulol va o'ymakorlar jalb etilgan.
Loyiha asosida qal'a devorlarini tiklash, ma'muriy bino barpo etish, Xo'jandning qadimiy uylari va hovlilari namunalari, mehmonxona va muzey, choyxona, hammom, xizmat ko'rsatish shoxobchalari va boshqa yordamchi inshootlar qurilishi rejalashtirilgan. Ishlar jadal sur'atlarda davom etmoqda.
Xo'jand qal'asi shahar istehkom tizimining ajralmas qismi sifatida, arxeologlarning fikriga ko'ra, miloddan avvalgi VI—V asrlarda bunyod etilgan. VI—VII asrlarda yangi qal'a qurilgan. O'rta asr Xo'jand qal'asi mintaqadagi eng mustahkam qal'alardan biri hisoblangan.