«Samosud» uchun qanday jazo bor?

    “Oʻzicha sudlash” (samosud) bu huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan yoki huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar bermay, uni oʻzboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolash hisoblanadi.

    Konstitutsiyaning 26-moddasiga koʻra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Yaʼni, tegishli sudning qarorisiz birovni aybdor hisoblash ham, jazolash ham mumkin emas. Shuningdek, oʻzicha sudlash (samosud), yaʼni qonun tili bilan aytganda “oʻzboshimchalik” Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 200-moddasiga muvofiq, oʻzboshimchalik, yaʼni oʻzining haqiqiy yoki nazarda tutilgan huquqini fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda oʻzboshimchalik bilan amalga oshirsa,fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi,

    Jinoyat kodeksining 229-moddasiga koʻra, oʻzboshimchalik, yaʼni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni oʻzboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab oʻtilgan.

    Samosud qilish natijasida oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazganlik uchun ham qonunchilikda javobgarliye belgilangan. Yaʼni Jinoyat kodeksining 103 moddasiga koʻra shaxsni qoʻrqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yoki oʻzini oʻzi oʻldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Bundan tashqari, oʻzicha sudlash (samosud) oqibatida qasddan odam oʻldirish jinoyati sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirsa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “l”-bandi yaʼni bezorilik oqibatida qasddan odam oʻldirish, oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi belgilangan.