Sanʼat — qudratli toʻlqinga madad

    Toʻlqinlarning eng zoʻri qudratli, deb ataladi. Demak, ana shu toʻlqinlar ortida mehnat zavqi, ijod shavqi, doʻstga ragʻbat, yovga dahshat solib togʻdek toʻlqin kelyapti.

    Prezidentimiz shu yil 30-iyunda Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan maʼruzasida faol yoshlarimizni qudratli toʻlqinga oʻxshatdi. Yangi Oʻzbekiston yoshlariga berilgan bunday ulugʻ, muhtasham sifat ularga juda yarashadi.

    Bir ijodkor sifatida bu sifatni badiiy talqin qilib koʻrdim. “Qudratli toʻlqin” jumlasini eshitganda, beixtiyor «Nimaning toʻlqini? degan savol tugʻiladi. Javob aniq: yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakatining qudratli toʻlqini. Bu harakat ulkan dengiz sathidagi toʻlqinlarga oʻxshaydi. Toʻlqinlarning eng zoʻri qudratli, deb ataladi. Demak, ana shu toʻlqinlar ortida mehnat zavqi, ijod shavqi, doʻstga ragʻbat, yovga dahshat solib togʻdek toʻlqin kelyapti. Mana shunday koʻksi koʻkka yetgan, qudratli toʻlqin boʻlib maydonga chiqayotgan yoshlarimizga davlatimiz rahbari tahsin aytdi.

    Inson umri bolalik, yoshlik, keksalikka boʻlinadi. Bolalikka — oʻrganish, keksalikka — oʻrgatish fasli deyilsa, yoshlik — olingan bilimlarni hayotda qoʻllash, shijoat fasli boʻlib chiqadi. Hazrat Alisher Navoiy aytganidek, odamning aqlini ishlatib olamni obod qiladigan, goʻzal xulqi bilan elini shod qiladigan davri — yoshlik. Yaʼni yoshlik shijoati bilan ezgu orzularni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish mumkin. Buning uchun har bir yigit-qiz oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib yashashi kerak.

    Prezidentimiz Yoshlar forumida hammamizni bezovta qilayotgan ayrim muammolar va ularning yechimi haqida toʻxtaldi. “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzgʻunchi va radikal oqimlar taʼsiriga tushish holatlari davom etayotgani davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda. Oʻtgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yoshlar profilaktik hisobda turgani ham xavotirimiz bejiz emasligini koʻrsatmoqda”, dedi. Joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan nomaʼqul harakatlardan nihoyatda ranjiganini bayon qildi.

    Men bir qalamkash sifatida bu nomaʼqul ishlar sababini yoshlar qalbini tarbiyalashda yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklarimizda koʻrdim. Chunki bola bilimli, biroq qalbi boʻsh boʻlsa, goʻzallikka oshno boʻlmasa, uni his qilmasa, mana shunday bekorchi ishlarga qoʻl uradi. Shuning uchun ham dono xalqimiz bilib, koʻrib, sinab, “Bolam toshbagʻir boʻlmasin, desang, qoʻliga dutor tutqaz”, degan.

    Prezidentimizning “Bu borada meni bir narsa chuqur oʻylantiradi. Nima uchun yoshlar tarbiyasiga bevosita masʼul va javobgar boʻlgan tashkilotlar, ota-onalar, pedagogik jamoalar bu masala boʻyicha tezkor va prinsipial munosabat bildirmayapti?”, degan fikrlari har bir ziyolining vijdoniga murojaat boʻldi, deb oʻylayman.

    Ha, loqaydlik hali ham bizga pand beryapti. Mamlakatimizdagi islohotlarga xalal berayotgan muammo va kamchiliklarni birgalikda, oʻzimiz hal qilmasak, kim qiladi? Albatta, bajariladigan ishlarning tashkiliy jihati muhim. Shu bilan birga, har ishga ilm bilan yondashish zarurligi tobora oydinlashyapti. Yoshlarning qalbini tarbiyalash ishi ham ilmiy, ham amaliy asosga qurilsa, yaxshi natija olamiz. Toki har bir yigit-qiz goʻzallikni qalban his qilsin, tushunsin, qadrlasin, ardoqlasin, boyitsin. Bu esa, mamlakatimizda yoshlar tarbiyasida adabiyot va sanʼatning barcha turidan foydalanish samaradorligini oshirishni talab qiladi.

    Bugun yoshlarni sanʼat bilan tarbiyalash uchun ilgari boʻlmagan koʻplab imkoniyatlar yaratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Adiblar xiyoboni barpo etildi. Besh muhim tashabbus ommalashtirildi, maktablarda ijtimoiy-madaniy targʻibotchi lavozimlari joriy qilindi. Mana shu imkoniyatlardan ilmiy asosda foydalanishni yoʻlga qoʻysak, albatta, aniq natijalarga erishamiz.

    XXI asrda davlatlar orasidagi raqobatni inson kapitali hal qiladi. Qaysi sohada boʻlishidan qatʼiy nazar, mutaxassislardan ijodiy, innovatsion fikrlash talab etiladi. Jahon tajribasi buni tasdiqlab turibdi. Ijodkor tarbiyasida adabiyot, sanʼat va pedagogika sintezi asosida yuzaga kelgan, dunyo taʼlim tizimlariga tobora kengroq kirib borayotgan artpedagogika asosiy vosita boʻlib xizmat qiladi.

    Bugun yurtimizga, xalqimizga sodiq, ota-onasiga mehribon, xulqi goʻzal, kreativ fikrlaydigan yoshlar kerak. Bunga ong va qalbni uygʻun tarbiyalash orqali erishiladi. Men Prezidentimizning biz, yoshlarni qoʻllab-quvvatlovidan katta kuch olib, qudratli toʻlqin safida boʻlishga qaror qildim. Badiiy-ilmiy va milliy qadriyatlarimizga asoslangan artpedagogikaning samarali metodlarini yaratib, yangi Oʻzbekiston oʻgʻil-qizlarini sanʼatga oshno etib tarbiyalashga, navbatdagi qudratli toʻlqinning vujudga kelishiga oʻz hissamni qoʻshaman.

    Munira RAMAZONOVA,

    shoira, ilmiy tadqiqotchi