2021 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foizga o'sishi kutilyapti. Murojaatnomada mazkur maqsadga erishishning ustuvor yo'nalishlari belgilab berilgan. Eng avvalo, neftgaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to'qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bog'liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimizning “drayverlari”ga aylanishi zarur. Bunda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qo'llab-quvvatlash, kooperatsiyani taraqqiy ettirish alohida o'rin tutdi.

Tabiiy savol tug'iladi. Nega aynan ushbu omillarning yetakchi kuch bo'lishiga ishonch bildirilyapti? To'g'ri, iqtisodiy barqaror o'sishni ta'minlashda barcha tarmoqlarning rivoji va hissasi alohida o'rin tutadi. Lekin tahlillar jahonda pandemiya avj olib, iqtisodiy inqiroz sharoitida yuqorida qayd etilgan uch omil asosiy kuchga aylangan tarmoq va korxonalarda rivojlanish jadallashib, boshqa sohalarni ham o'z ortidan yetaklayotganini ko'rsatmoqda.

PARDOZBOR TOSHLAR KLASTERI

Peshtoqiga “Marmarobod” deb yozilgan binoga kirishingiz bilan uning keng sahnidagi dastgohlarning mahobati e'tiboringizni tortadi. Ular tog' jinslarini har qanday hajmda va qalinlikda kesadi, marmar va granitlarga kamalakday jilo berib, chiroyli mahsulotga aylantiradi.

—  Eng so'nggi avlodga mansub bu dastgohlar Xitoydan keltirilgan, — deydi “NBU G'ozg'on invest” MCHJ kompaniyasi rahbari Otabek Qurbonov. — Ular kompyuter dasturlari orqali inson aqlini shoshiradigan ishlarni bajara oladi.  Eng muhimi, an'anaviylariga nisbatan mahsulot tannarxini to'rtdan bir barobar kamaytirgan holda, yiliga 1,2 million kubometr mahsulot tayyorlash imkoniyatiga ega. Bu jihatdan ishlab chiqarishimiz sohadagi eng yirik korxona hisoblanadi. Dastlabki bosqich doirasida kompaniyamiz va maxalliy tadbirkorlar ishtirokida 14 ta loyiha ishlab chiqildi. Ayni kezda marmarga ishlov berish bo'yicha avstriyalik ishbilarmonlar  bilan yangi qo'shma korxonani tashkil qilish loyihasi ustida ish olib boryapmiz.

Prezidentimizning 2018 yil bahorida Navoiy viloyatiga tashrifi chog'ida mazkur ishlarga ta'mal toshi qo'yilgan edi. Topshiriqqa muvofiq, “Marmarobod” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Bir yil davomida 10 milliard so'm mablag' evaziga dashtlikdagi 6 gektar yerda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 million dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi.

Bularning hammasi dastlabki bosqichiga doir tadbirlar bo'lsa, davlatimiz rahbarining 2019 yil 12 mart kuni ushbu korxonaga tashrifi davomida uning navbatdagi loyihalar ko'lami belgilab berildi. Ya'ni, endilikda tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash klaster usulida amalga oshiriladi. Asosiy maqsad — loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga etkazish, mahsulotlar turini ko'paytirish va eksportga yo'naltirishga qaratiladi.

Qayd etish joiz, 2019-2020 yillarga mo'ljallangan birinchi bosqichda 52 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan edi. 2021-2022 yillarda joriy etiladigan loyihalar qiymati 145 million dollardan ortadi.

Mamlakatimizda o'z sohasida yagona hisoblangan ushbu klasterning hududi 37 gektar. U o'z tarkibiga granit va marmar konlaridan tortib, ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish korxonalarini qamrab olgan. Koranavirus karantinining eng og'ir davrida ham qurilish obe'ktlaridagi ish bir zum tingani yo'q. Pashshot, Pargat konlarining ustki qismini ochish barobarida yangi uskunalar yordamida granit toshlarni kazib olish, pardozbop mahsulotlar tayyorlash ishlari yo'lga qo'yildi.

—“Marmarobod” MCHJ klasterning asosiy bo'g'ini, ya'ni barcha qayta ishlovchilarni xomashyo bilan ta'minlovchi bosh korxona hisoblanadi. — deydi jamiyat rahbari Mahmud Sharofatov. —Uning yillik quvvati 70 ming kub metr tabiiy toshni qazib olishga mo'ljallangan. Bu hajm dastlabki bosqichda bosh korxonaning ham, tadbirkorlarning ham ehtiyojini  to'la qondiradi.

Bundan tashqari, klaster tarkibida g'ozg'onlik mahalliy tadbirkorlar uchun 10 ta ishlab chiqarish binosi barpo etildi. Ularni qurish va zamonaviy qayta ishlash dastgohlari bilan jihozlash uchun ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar taqdim etildi. Shu asosda beshta korxona o'z faoliyatini boshlagan bo'lsa, qolganlari ham  tez orada mahsulot tayyorlashga o'tadi.

“Marmarobod”  hududida bank, servis xizmatlari, o'quv markazi, ehtiyot qismlar va dastgohlar sotish do'koni ham tashkil qilindi. Uning dillerlik tarmog'i poytaxtimizda va boshqa viloyatlarda ham toboro kengayib boryapti. Ushbu filiallar orqali xaridorlar o'z yashash manzilidan turib, istalgan tur va hajmdagi mahsulotga buyurtma berishlari mumkin. Yana bir jihati, xaridorlarni topishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzurida tashkil etilgan sanoat kooperatsiyasi portali ham ularga yaqin ko'makchi bo'lib turibdi.

Yaqinda shahar maqomini olgan G'ozg'onning yaqin kelajagini bamisoli tabiiy pardozbop toshlar vodiysiga qiyoslash mumkin. Bu yerda biz hikoya qilgan korxonalar bilan bir qatorda tabiiy pardozbop materiallar ishlab chiqaruvchi "Trade production international" MCHJ QK va "Gazgan stone" MCHJ  ham o'z faoliyatini yo'lga qo'yayapti. "Gazgan Marble Grup" MCHJ esa, granit toshlarni qayta ishlashda hosil bo'ladigan uvoqlardan kompozit qoplama materiallar tayyorlashga ixtisoslashgan.

Aytish mumkinki, G'ozg'on pardozbor toshlar bo'yicha O'zbekistonning jahon bozoridagi brendini yuzaga keltiruvchi alohida ishlab chiqarish makoniga aylanmoqda. Ayni payda bu yerda kichik sanoat quvvatlari 164 ta bo'lib, qo'shma korxonalar soni 14 ta, tabiiy toshlarni qazib olish ishlari bilan shug'ullanuvchi biznes sub'ektlari 25 taga etdi. Hududiy eksport hajmi 900 ming dollarni tashkil etadi. 

Murojaatnomada e'tirof etilganidek, hozirgi kunda G'ozg'ondagi deokrativ toshlar bilan bir qatorda Namangandagi tayyor kiyim-bosh, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Texnopark” kabi sanoat klasterlari o'z samarasini ko'rsatib, ushbu tizim afzalliklarini namoyon etmoqda. Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 1 apreligacha istiqbolli sanoat klasterlari ro'yxatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirishga qaratilgan alohida dastur ishlab chiqish ustida ish olib boryapti.

Umuman olganda, 2021 yilda mamlakatimizda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni o'zlashtirish zarur bo'ladi. Natijada 226 ta yirik sanoat va infratuzilma ob'ekti ishga tushiriladi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta yirik metallurgiya zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen rudani qayta ishlash korxonasi, shuningdek, respublikamiz bo'yicha to'qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmoqlarida yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

INDUSTRIAL TARAQQIYOT PLATFORMASI

Bu dunyoda neki narsa borki, bir-biri bilan uzviy bog'liq. Masalan,  zamonaviy elektron  infratuzilmani shakllantirmasdan va tarmoqlarni integratsiya qilmasdan turib, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirib bo'lmaydi. Raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va talab yuqori bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda ham asqotadi.

Keyingi yillarda tegishli davlat idoralarida (soliq, bojxona, statistika, sertifikatlashtirish va boshqa) ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, ularning sifat sertifikatlari, faoliyat yo'nalishlari haqida elektron ma'lumotlar bazasi vujudga keltirildi va ularning bir-biri bilan axborot almashuvi toboro kengayib boryapti.

Bularning hammasi, o'z navbatida, Prezidentimizning 2019 yil 24 avgustda imzolangan “Davlat va xo'jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo'yicha mas'uliyatini yanada oshirish to'g'risida”gi qarori asosida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzurida 2019 yilning 15 noyabrida elektron kooperatsiya portali (cooperation.uz ) ni ishga tushirishda qo'l keldi.

— Portalimiz sanoatda kooperatsiya  aloqalarini rivojlantirish, kichik biznes sub'ektlarini ishlab chiqarish faoliyatiga keng jalb etish hamda xo'jalik yurituvchi subektlar o'rtasida o'zaro hamkorlik uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan, — deydi elektron kooperatsiya portali markazi rahbari Farrux Xo'jamqulov. — U orqali iste'molchilar mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni xarid qilishlari mumkin. Mahalliy sanoat korxonalarining ro'yxatdan o'tishi, o'z mahsulotlari to'g'risidagi ma'lumotlarni joylashtirishi, xaridor topishi uchun hech qanday to'lov talab qilinmaydi. Xo'jalik shartnomalarining tezkorlik bilan masofadan tuzilishi “onlayn” uslubida amalga oshiriladi.

Shu o'rinda bir misol. Navoiy kon-metallurgiya kombinati mahalliylashtirilgan va import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo'yicha respublikaning eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. 2020-2021 yillarga mo'ljallangan mahalliylashtirish dasturi kombinatda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish hajmini 3,3 barobar ko'paytirish orqali importni 76,2 million AQSH dollariga qisqartirish imkonini beradi.

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, kombinat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga import o'rnini bosuvchi 100 dan ortiq turdagi mahsulot va xizmatlarni taklif etib, ularni elektron kooperatsiya portaliga ham joylab kelyapti. O'tgan yilning boshida bu ko'rsatkich nari-berisi bilan 60 tacha edi. Uning tabora ortib borayotgani kon-metallurgiya tarmog'ida mahalliylashtirish ko'lamining yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi. Mutaxassislarning fikricha, mahsulotlarning portalga qo'yilishi, birinchidan, valyutani tejaydi, ikkinchidan, ishlab chiqaruvuvchilarning yangidan-yangi mahsulotlarni o'zlashtirishiga imkon yaratadi, uchinchidan, yangi innovatsion ishlanmalar joriy etiladi, to'rtinchidan, yangi ish o'rinlari va daromad manbai ko'payadi.

Kombinat ko'magida “Navoiyazot” AJda praestol flokulyanti, “Carbide Impex” MCHJda ferroqotishmalar, “Ihlas Elektrik” MCHJda grafitlangan elektrodlar, “Navpromlitmash” MCHJda texnologik g'alvirlar, “SDK Group And” XKda fil`trlash elementlarining yangi turlarini mahalliylashtirish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bunday misollarni har bir sohadan keltirish mumkin. CHunki, elektron kooperatsiya portalida mahalliy ishlab chiqaruvchilar o'rtasida aloqalarning ta'minlanishi tufayli shu yil yanvar` oyi oxiriga kelib, 73825 ta korxonaning 162,5 ming turdagi mahsuloti savdoga qo'yildi. Ularning xaridi bo'yicha 5,6 trillion so'mlik 41 308 ta o'zaro hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Portalda mahsulotlarning boshlang'ich narxini pasaytirish so'rovi bo'yicha raqobatchilar tomonidan taklif etilgan qulay narxlarda shartnomalar shakllanishidan buyurtmachilar yaxshi manfaat ko'rib kelyapti. Buning hisobiga ularning 1,13 trillion so'm miqdoridagi mablag'i iqtisod qilindi. Aslida lotlarning jami boshlang'ich narxi — 6,73 trillion so'mni tashkil etgan edi.

Albatta, elektron savdo maydonchasi orqali o'tkazilgan “onlayn” xarid jarayonidan keyin mahsulotlarning sifati, o'z vaqtida etkazilishi va to'loviga bo'lgan kafolot muhim o'rin tutadi. Bu qay tariqa amalga oshiriladi?

— Birinchidan, ishlab chiqaruvchining mahsuloti sertifikatlashtirilmagan bo'lsa, elektron portal uni qabul qilmaydi, —deydi Farrux Xo'jamqulov. — Tuzilgan shartnoma muddati buzilsa, kelishuv bo'yicha belgilangan ustama  to'lanadi. Lekin shu paytgacha bunday holat sodir bo'lgani yo'q. Chunki, buyurtmani o'z vaqtida bajarishdan ishlab chiqaruvchilarning o'zi manfaatdor. Iste'molchi mahsulotini qabul qilib olganligi haqida elektron ma'lumot portalimizga kelib tushgan zahoti uning “banki”dagi shartnomaviy  summa ishlab chiqaruvchining hisobvarag'iga o'tadi. To'lov kafolotiga keladigan bo'lsak, buyurtmachining tuzilgan shartnoma bo'yicha mahsulot summasi portalga tushmaguncha, elektron tizim mahsulotning yetkazib berishga yo'l bermaydi...

Vaqt shiddati, mahsulotlar turining ko'payishi, raqobatning kuchayishi, eng avvalo, raqamlashib borayotgan zamon bilan hamqadam ishlashni taqozo etadi. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashni kengaytirish, ularni eksport faoliyatiga jalb etishni yanada rag'batlantirish maqsadida portalda yangi xizmat turlari joriy etib borilyapti. Xususan, yaqinda  mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 40 mingdan ziyod hunarmandlar hamda ijtimoiy tadbirkorlik sub'ektlarining mahsulotlarini onlayn tarzda sotish bo'yicha savdo platformasi ishga tushirildi. U milliy va xalqaro to'lov tizimlari bilan integratsiya qilinganligi sabab hech bir  to'siqqa duch kelinmaydi va har qanday masofadan turib savdo-sotiq qilishni kafolatlaydi.

Prezidentimiz tomonidan o'tgan yil 21 avgustda imzolangan “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi qarorida 2020 yil 1 noyabrga qadar cooperation.uz portalida respublikada tayyorlanayotgan barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik ko'rsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bog'lanish ma'lumotlari bilan birgalikda joylashtirilishini hamda muntazam ravishda yangilab borilishini, uning Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi (TSOYAeAT) va Davlat xaridlarining maxsus elektron portali (xarid.uz) bilan integratsiyasini ta'minlash vazifasi yuklatilgan edi. Bu vazifa o'z vaqtida bajarildi va bugungi kunga kelib portalda 68 099 ta korxona tomonidan 163 mingdan ziyod mahsulotlar integrallashgan holda savdoga qo'yilgan. Bu elektron kooperatsiya portalida ro'yxatdan o'tgan jami korxonalarning 94 foizni tashkil etadi.

Shuningdek, aholi bandligini ta'minlashga va ishlab chiqarishning turli yo'nalishlarida maxsus bilim hamda ko'nikmalarga ega malakali mutaxassislarga ehtiyoji bo'lgan sanoat korxonalariga ko'maklashish bo'yicha maxsus vakansiyalar sahifasi ham faoliyat ko'rsatyapti.

Bugungi kunda xalqaro miqyosda ham tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish iqtisodiyotni boshqarishning muhim vositasiga aylangan. Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Afg'oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirga muvofiq, davlat buyurtmachilari uchun portal orqali mahsulotlarni xarid qilishni test rejimida ishga tushirish ishlari yakuniga etkazildi. Bu o'zaro savdoni yanada erkinlashtirish, ikki davlat tadbirkorlik sub'ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimiz bilan qo'shni davlat o'rtasidagi o'zaro yillik savdo hajmini 2023 yilgacha 2 milliard AQSH dollariga etkazish mo'ljallanmoqda.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida elektron kooperatsiya portalida sanoatimiz bazaviy tarmoq korxonalarining  “Virtual ko'rgazma” maydonini joriy etish yuzasidan topshiriq bergan edi. Bunday ko'rgazma xizmati mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulot hajmini mavjud talablar asosida rejalashtirish, yangi import o'rnini bosuvchi tovarlar tayyorlashni yo'lga qo'yishga doir oqilona qarorlar qabul qilish imkonini beradi. SHu asosda “O'zbekneftegaz” AJ tarkibidagi korxonalarning tayyor mahsuloti, unga talab etiladigan xom-ashyo, butlovchi buyum va materiallar, shuningdek asbob-uskunalarining tez ishdan chiquvchi qismlari (mahsulot chizmasi va texnik ko'rsatkichlari ko'rsatilgan holda) to'g'risidagi “Virtual ko'rgazma”si yaratildi. Bu boradagi ishlar belgilangan jadval asosida davom ettirilib, mamlakatimizdagi barcha sanoat korxonalarining ana shunday elektron xaritasi tayyorlanadi.

Qissadan hissa shulki, elektron kooperatsiya portalining ikki yildan sal ortiq vaqtdagi faoliyati tarmoqlar va hududlar o'rtasida o'zaro kooperatsiya bo'lmas ekan, qo'shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo'lmasligini yana bir karra ko'rsatib turibdi. Binobarin, mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari va nomenklaturasining kengayib borishi, raqobatning kuchayishi  ko'zlangan maqsadlarga qisqa yo'l bilan borishga, yangidan yangi rivojlanish bosqichlarini egallashga asos yaratadi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi