Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishning zamonaviy, qulay va samarali usuliga aylanib bormoqda.
So'nggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida faol tashkil etilayotgan bunday iqtisodiy maydonlar import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish, joylarda eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish o'rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta'minlashda yirik “drayver”ga aylandi. Prezidentimizning 2021-yil 30-aprel qabul qilingan “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori esa tarmoqni rivojlantirish yo'lidagi yana bir muhim qadam bo'ldi.
Ayni vaqtda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda. erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o'rni yaratilgan bo'lsa, kichik sanoat zonalarida 5 trillion so'mlik 1 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta'minlangan. Bu esa mazkur tizimni yo'lga qo'yish borasida yurtimizda zarur tajriba to'planganidan dalolatdir.
Ana shunday zonalardan joy olib, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish istagidagi ishbilarmonlar soni ortib boryapti. Ammo chekka hududlardagi sanoat zonalarining etarlicha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ega emasligi bu erda ish boshlagan ko'plab o'rta va kichik biznes vakillari qatori xorijlik investorlarni ham qiynab kelayotgani sir emas.
Bundan tashqari, hozirgi kunda jami 8,8 ming gektar er maydoniga ega iqtisodiy zonalarning 3,9 ming gektarida qiymati 5,3 milliard dollarga teng 895 ta investitsiya loyihasi joylashtirilgan bo'lsa, qolgan 4,9 ming gektari loyihalarini joylashtirish mumkin bo'lgan bo'sh yer maydonlari hisoblanadi va ularning 65 foizida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud emas. 2,4 ming gektar er maydoniga ega kichik sanoat zonalarining ham 822 gektari, qolaversa, faoliyat ko'rsatayotgan 60 ta kichik sanoat zonasi zarur infratuzilma bilan to'liq ta'minlanmagan. Bu esa mazkur zonalarning to'laqonli faoliyat ko'rsatishiga xalaqit berayotgan eng katta to'siq va muammolardan bo'lib turibdi.
Prezident qarori yuqoridagi masalalarga yechim bo'lish barobarida, iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash borasida navbatdagi muhim qadam bo'ldi. Qaror bilan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari obyektlarining manzilli dasturi va ro'yxati shakllantirilib, amalga oshiriladigan ishlar uchun 2021-yilda 1,6 trillion so'm, 2022-yilda xuddi shu maqsadlarga qo'shimcha 1,8 trillion so'm mablag' ajratilishi belgilandi.
— Shu paytgacha tizimga bir vaqtning o'zida bunday katta mablag'lar ajratilmagan, — deydi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i Azamat Oteuliyev. — Ular maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda tub burilish yasaydi. Bu borada tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim bo'ladi. Mazkur qaror ijrosi erkin iqtisodiy zonalarda qiymati 5,3 milliard dollarga teng bo'lgan 704 ta investitsiya loyihasi, kichik sanoat zonalarida esa qiymati 11,7 trillion so'mlik 2 090 ta investitsiya loyihasini zarur infratuzilma bilan ta'minlash imkonini beradi. Natijada har ikkala tarmoqda jami 138,8 mingta ish o'rni yaratiladi.
Qaror bilan ajratilgan mablag'lar ichimlik va oqova suv tarmog'i, avtomobil yo'llari, elektr va gaz tarmoqlarini qurish hamda rekonstruktsiya qilishga yo'naltiriladi. Mablag'larning joylarda tezroq o'zlashtirilishi va sifatli infratuzilmani tashkil etish bo'yicha Hukumat komissiyasiyasi tomonidan maxsus Ishchi guruh tuzilib, “Yo'l xaritasi” shakllantirilgan. Ayni paytda o'rganish ishlari boshlab yuborilgan. Dastur doirasiga tog'li hududlarda joylashgan 5 ta Farm zonalar ham kiritilgan. Qator noqulayliklar sabab etarlicha muammolarga ega ushbu zonalar zarur infratuzilma bilan ta'minlanadi.
Sanoat zonalari ixtisoslashtiriladi
Yosh tadbirkor Said Qobilov sanoat zonasidan joy olib, ishlab chiqarishni boshlaganiga ko'p bo'lmadi. Avvaliga barcha ishlar ko'ngildagiday kechdi. Ammo sanoat zonasi tog'li hududga yaqin bo'lgani bois, tez-tez elektr toki o'chib qolishi muammosi yuzaga kela boshladi. Natijada korxonaning ishlab chiqarish quvvati pasayib, buyurtmalarni o'z vaqtida yetkazish bilan bog'liq muammolar yuzaga kela boshladi...
Bunday muammolar birgina Said akani emas, balki ko'plab tadbirkorlarni qiynab kelayotgan edi. Yuqoridagi qaror bilan ayni shu masalalarni tezkor va sifatli hal etish, tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish orqali mamlakatimizda ishlab chiqarish ko'rsatkichlarini oshirish vazifasi belgilab olindi.
Joriy yilning 12-may kuni Prezidentimiz raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o'sishni ta'minlash bo'yicha birinchi chorakdagi ko'rsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida iqtisodiy o'sish uchun, eng avvalo, energiya resurslari zarurligi ta'kidlangani boisi ham shundan. Tahlillarga ko'ra, sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar va aholi ehtiyojlarini to'la qondirish uchun “O'zbekneftgaz” tomonidan ikkinchi chorakda 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz, “Issiqlik elektr stantsiyalari” va “O'zgidroenergo” tizimida jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish talab etiladi. Elektr texnikasi, to'qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi sanoat tarmoqlarida ham yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlar bor. Ulardan unumli foydalanish esa iqtisodiy o'sishga yo'l ochadi.
Sanoat zonalarining infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablag'lar yangi ishlab chiqilgan loyihalarni joylashtirishda tadbirkorlarga qulaylik yaratadi. Bu nafaqat mahalliy ishbilarmonlar, balki chet ellik investorlar, xorijiy hamkorlar uchun ham katta imkoniyat. Davlatimiz rahbari endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni o'z vaqtida ishga tushirish, ekanini ta'kidladi.
— Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo'lgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion so'mlik 1 ming 845 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan, — deydi Azamat Oteuliyev. — Infratuzilma masalasining hal bo'lishi bu loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini beradi. Loyihalar asosan, iqtisodiyotimizning o'sish nuqtasi hisoblangan elektrotexnika, charm-poyabzal, qurilish materiallari, neft-gaz, farmatsevtika, turizm, issiqxona xo'jaliklari, xalq iste'mol mollarini ishlab chiqarish sanoati yo'nalishlarida amalga oshiriladi. Buning natijasida 20 ming 298 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Bu esa shu yilning yakuni bilan 400 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 350 million dollarlik import o'rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish hamda davlat byudjetiga qo'shimcha 2 trillion so'mdan ko'p mablag'larni yo'naltirishga imkon beradi.
Shuningdek, qaror bilan 2021-yilda yangi tashkil etiladigan sanoat zonalarining tashqi elektr va gaz tarmoqlarini qurish ishlariga zaxira sifatida 150 milliard so'm ajratish ko'zda tutilgan. Ushbu zonalarda ish boshlash istagidagi yurtimiz va xorijlik fuqarolar uchun kiritiladigan investitsiyalari hajmiga qarab beriladigan ayrim soliq imtiyozlari ham tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratada. Ammo iqtisodiy yoki kichik sanoat zonasi ishtirokchisiga aylanish uchun tadbirkor avvalo, iqtisodiy zona direksiyasi bilan tuziladgan bitimga asosan, kiritiladigan investitsiya, ishlab chiqarish, eksport hajmlari hamda ish o'rinlarini yaratish talablarini bajarishi lozim.
Sanoat zonalarida ixtisoslashuvni yo'lga qo'yishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu asosiy masalalardan biri bo'lib, iqtisodiy zonalar ichidagi turli tadbirkorlik subyektlariga tegishli ishlab chiqarish jarayoni bir-biriga ta'sir ko'rsatmasligi lozim. Masalan, yonma-yon joylashgan korxonalarning birida oziq-ovqat, boshqasida o'tkir hidli bo'yoqlar qo'shiladigan biror qurilish yoki sanoat mahsulotlarining ishlab chiqarilishi qaysidir mahsulotning sifatiga putur etkazmay qolmaydi. Shu bois, maxsus Ishchi guruh tomonidan har bir hududni alohida o'rganish asnosida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o'sish nuqtalari belgilanib, shunga mos tarzda ixtisoslashtirish ishlari olib borilyapti.
Mutaxassislarning aytishicha, maxsus iqtisodiy zonalar hozirda 13 xil yo'nalishga ixtisoslashtirilyapti. Bunda tadbirkorlarning loyihalari bir-biriga halal berishining oldini olish barobarida, sohasi jihatidan o'zaro yaqin korxonalarning kooperatsiyalarda birlashib, birgalikda ishlashi, umumiy izlanishlar asosida yangi standartlarni joriy qilishiga turtki berishi kutilmoqda.
Aslida, iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil etishdan maqsad ham tadbirkorlarni bir nuqtada jamlab, ular uchun o'zaro tajriba maydonini yaratish orqali sifat jihatidan xorijnikidan kam bo'lmagan, import o'rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko'rsatkichlarini oshirishdan iborat. Mazkur iqtisodiy zonalarning infratuzilmasini to'liq ta'minlash esa ushbu maqsadlar yo'lida yanada faol harakatlanishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri