Oʻzbekistonning ilmiy doiradagi imiji

Globallashayotgan dunyoda hayotimizni ilm, maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Boisi, qaysi sohada oʻzgarish, rivojlanish yoki kashfiyot kuzatilayotgan boʻlsa, uning mohiyati, poydevori — ilm-fan. Shuning uchun ham jahonning yetakchi davlatlari taʼlim va ilm-fanni rivojlantirishga birinchi galdagi strategik vazifa sifatida qaraydi.

Oʻzbekistonning bu boradagi pozitsiyasini esa davlatimiz rahbarining quyidagi soʻzlari ifodalaydi: “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq”.

Soʻnggi yillarda taʼlim tizimida boʻy koʻrsatayotgan oʻzgarishlar bu taʼkidning amaliyotdagi harakati, samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Birgina faktga eʼtibor qarataylik: yurtimizda oʻtgan besh yilda 22 ta xorijiy hamda 21 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etilgan, qabul kvotalari 3 barobar ortgan.

Tizimdagi oʻzgarishlar qiymati raqamlar bilan oʻlchanmaydi, albatta. Qachonki, son va sifat mushtarak boʻlsa, koʻzlangan maqsadga erishilgan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan bugun har bir oliy taʼlim muassasasining ilmiy salohiyatini oshirish, yoʻnalishda mavjud muammolarga yechim topishga tizimli yondashilmoqda.

Ilm-fan rivoji islohotlar odimiga mosmi?

Ochigʻini aytish kerak, keyingi besh-olti yilda ilm-fan rivoji uchun yangi davr boshlandi. Ilm ahlining igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnati qadr topa boshladi. Ilmga eʼtibor jamiyat uchun ikki muhim natija beradi: birinchisi, ijtimoiy dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechim topish muddati qisqaradi. Ikkinchidan, oʻz sohasining sir-sinoatlaridan puxta xabardorlik taʼlim sifatining yaxshilanishiga sabab boʻladi.

Qisqasi, natijasi kafolatlangan teorema ishga tushadi: oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish amaliyotiga oʻtiladi. Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy salohiyat yildan-yilga oshib borayotgani alohida eʼtiborga molik. Jumladan, mavjud ilmiy salohiyat Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti, Oʻzbekiston Milliy universitetida 60 foizdan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Samarqand davlat universitetida esa 50 foizdan yuqori.

Mazkur ijobiy natija bilan birga 14 ta oliy taʼlim muassasasida ilmiy salohiyat 18 foizdan 30 foizgachani tashkil etayotganini ham aytishimiz kerak. Bu koʻrsatkich ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar nisbatiga qarab belgilanadi. Oliy taʼlimga qamrovning keskin ortishi esa mazkur masalada qisqa vaqtda samarali choralar koʻrishni taqozo etadi.

Bu, ayniqsa, uzoq yillar mudroq holatda boʻlgan koʻplab oliygohlar oldiga yangi masalalarni qoʻydi. Ularni yon-atrof da kechayotgan islohotlarga mos, yangi Oʻzbekistonga xos faoliyat yuritishga majbur qilmoqda. Xususan, oʻtgan yili yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida 1765 ta doktorlik dissertatsiyasi (1521 ta falsafa doktorligi (PhD) va 244 ta fan doktorligi (DSc) uchun) yoqlandi. Bu koʻrsatkich 2019-yilga nisbatan 60 foiz oshganini koʻrsatdi.

Dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha Oʻzbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Buxoro davlat tibbiyot instituti eng yaxshi natijani qayd etdi. Oʻtgan yili dissertatsiya yoqlovi koʻrsatkichi yurtimiz oliy taʼlim muassasalaridagi har 10 nafar ilmiy darajali professor-oʻqituvchiga nisbatan oʻrtacha 1,7 nafarni tashkil etdi.

Bu borada Termiz davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti nisbatan yaxshi koʻrsatkichga ega boʻlgan. Biroq 2021-yilda oʻtkazilgan jami dissertatsiyalar yoqlovining oliy taʼlim muassasalaridagi professor unvoniga ega xodimlar (2 657 nafar) nisbatiga nazar tashlansa, bir professorga bittadan ham toʻgʻri kelmagani oydinlashadi.

Vaholanki, fan doktori bir vaqtning oʻzida 5 nafargacha tadqiqotchiga ilmiy rahbar va maslahatchi boʻlishi mumkin. Masalaga dissertatsiyalar yoqlovi boʻyicha ilmiy kengashlarni koʻpaytirish, doktorantlar, ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar, ilmiy rahbar va maslahatchilarning masʼuliyatini oshirish, samarali mehnatni ragʻbatlantirish orqali yechim topish mumkin. Bundan tashqari, har bir oliy taʼlim muassasasi oʻzining ilmiy salohiyatidan toʻliq va unumli foydalanishi zarur.

Tanganing ikki tomoni

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va tadqiqot olib borishga qiziqish ortdi. Boisi sohaga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratila boshladi. Shuningdek, yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim — ilmiy-tadqiqot olib borish bosqichlari va shakllari — tayanch doktorantura, doktorantura, mustaqil izlanuvchilik, ilmiy daraja va unvonlar berish masalalari qonun bilan mustahkamlab qoʻyildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash toʻgʻrisida”gi qarori esa ilmiy-tadqiqotlarni ragʻbatlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Hozir 70 ta oliy taʼlim muassasasi va vazirlik tizimidagi 5 ta ilmiy tashkilotda doktorantura faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilda doktoranturaga qabul kvotasi oʻtgan yilga nisbatan 100 foiz oshirildi. Ayni paytda oliy taʼlim muassasalarida 5 281 nafar doktorant (4 964 nafar tayanch doktorant — PhD, 317 nafar doktorant — DSc) va 650 nafar stajyor-tadqiqotchi ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanmoqda.

Koʻrsatkichlar tahliliga koʻra, doktoranturada oʻz muddatida dissertatsiya yoqlovi koʻrsatkichi oʻrtacha 50 foizga teng boʻlib, 8 ta oliy taʼlim muassasasida oʻz muddatida himoya qilish koʻrsatkichi oʻrtacha 70 foizdan yuqori. Chunonchi, Termiz davlat universiteti — 85; Toshkent davlat stomatologiya instituti — 75,8; Namangan muhandislik-texnologiya instituti — 71,2; Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti — 71; Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining koʻrsatkichi 70,5 foizni tashkil etdi.

Yutuqlar oʻzimizniki, lekin sohadagi kamchiliklardan ham koʻz yuma olmaymiz. Jumladan, 6 ta oliy taʼlim muassasasida oʻz muddatida dissertatsiya yoqlash koʻrsatkichi 20 foizdan past. Bu doktorant va mustaqil tadqiqotchilar bilan ishlashda tizimlilik yetishmayotgani, ularga zarur shart-sharoit yaratilmagani, ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchilarning masʼuliyatsizligini anglatmaydimi?! Shu bois, oliy taʼlim muassasasi rektorlari har chorakda kamida bir marta doktorantlar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlishi, muammolarini hal qilishda amaliy yordam koʻrsatishi zarur.

Son va sifat proporsionalmi?

Sanoqdan sifat sari tamoyilini amaldagi saʼy-harakatga aylantirish vaqti allaqachon kelganini tan olishimiz shart. Chunki mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, yangilanishlar bizdan ilmiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqishni talab etyapti. Birgina misol, 2017-yili dissertatsiyalar yoqlovi boʻyicha atigi 32 ta ilmiy kengash faoliyat yuritgan boʻlsa, oʻtgan yili ular soni 172 taga yetganini taʼkidlash joiz.

Shu bilan birga, ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda bir qancha nufuzli oliygohlarning ilmiy kengashlari dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolatiga ega boʻldi. Ilmiy daraja olish jarayoni birmuncha yengillashtirilgani sifatga salbiy taʼsir oʻtkazmaydimi, degan haqli savol tugʻiladi. Bugungi holatga qarab dabdurustdan javob berish mushkul.

Yuqorida aytganimizdek, 2021-yilda 1 762 ta dissertatsiya yoqlangan. Biroq bu koʻrsatkichni ilmiy kengashlar nisbati bilan taqqoslaganimizda raqamlar muvozanatida muhokamali holat kuzatilyapti. Mana, masalan, Qoʻqon davlat pedagogika institutining bitta ilmiy kengashida 33 ta dissertatsiya yoqlangan boʻlsa, Buxoro davlat universitetida esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 6 tani tashkil etyapti.

Bundan koʻrinadiki, ayrim kengashlar haqiqatan ham faol, ayrimlari esa sust ishlamoqda. Masalaning yechimi yana oliy taʼlim muassasalarining rahbarlarida qolmoqda. Yaʼni har bir rektor, prorektor faoliyati davomida ilmiy kengash aʼzolari bilan yaqindan ishlashi, ularni oʻylantirayotgan muammolarni tinglash bilan cheklanmay, hal qilishga koʻmaklashishi, hisobotlardan xabardor boʻlishi, sifat va son koʻrsatkichidagi muvozanatni saqlashi lozim.

Prezidentimizning “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora- tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa ayni masalada yanada keng imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Yaʼni 2022-yil 1-yanvardan ilmiy kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi mazkur kengashni tuzgan taʼlim muassasasida faoliyat yurituvchi olimlardan iborat boʻlishi kerakligi haqidagi talab bekor qilinib, har bir oliy taʼlim muassasasi koʻzga koʻringan olimlarni jalb etgan holda ilmiy kengashlarni ochishi mumkinligi belgilandi.

Ilmiy kengashlar ishini axborot texnologiyalaridan foydalangan holda masofaviy shaklda tashkil qilish imkoniyati mavjudligi, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilmiy tadqiqotlar rolini kuchaytirish uchun endilikda viloyatlardagi oliygohlarda bunday kengashlar ishini tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.

Xalqaro reytinglardagi natija yaxshilanishi uchun...

Oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatining oshayotgani, tabiiyki, mamlakatimizning jahon sahnidagi ilmiy imijiga ham ijobiy taʼsir etadi. Bu imijning qiymati esa oliy taʼlim muassasalarining QS (Quacquarelli Symonds) va Times Higher Education (THE) xalqaro reyting tashkilotlarining 1000 ta eng yaxshi oliygohi qatoriga kirishi bilan oʻlchanadi. Shuningdek, dunyoning eng yaxshi oliy oʻquv muassasalari qatorida boʻlish uchun soʻnggi besh yilda xalqaro ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar bazasining indekslangan ilmiy jurnallarida professor-oʻqituvchilarning ilmiy maqolalari nashr qilingani ham inobatga olinadi.

Bundan tashqari, Xirsh indeksi (h indeksi) dunyoda tadqiqotchilarni ilmiy tashkilotda doimiy ish bilan taʼminlash masalasini hal qilishda yordamchi omillardan biri boʻlib kelmoqda. Ayni masalalar yuzasidan bajarilgan ishlar natijasi oʻlaroq, oʻtgan yili Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi nufuzli ilmiy jurnallarda yurtimiz oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining 3 389 ta maqolasi nashr etildi.

Bu 2019-yilga nisbatan 2,6 barobar koʻp, degani. Ammo Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 100 nafar professor-oʻqituvchiga nisbatan oʻrtacha 10 tani tashkil etgan. 25 ta oliy taʼlim muassasasida bu koʻrsatkich 3 taga ham yetmaydi. Har bir muammoning yechimi bor. Ushbu masalani hal etishning birinchi bosqichi sifatida, avvalo, oliy taʼlim muassasalarida tegishli fan tarmogʻi boʻyicha xalqaro tan olingan ilmiy jurnallar (Q1, Q2 kvartalli) roʻyxatini shakllantirish va ular bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak.

Shuningdek, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop ettirishga doir maxsus amaliy seminar-treninglarni koʻpaytirish, maqolasi chiqqan mualliflarni ragʻbatlantirish mexanizmidan samarali foydalanish zarur. Eng muhimi, har bir jarayon oliygoh rektori, ilmiy kengashning doimiy nazoratida boʻlishi shart. Yana bir muhim tashabbus: oliy taʼlim muassasalari ilmiy jurnallarining Scopus, Science Direct va boshqa xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritilishini taʼminlash lozim.

Bu borada ilk qadamlar tashlangani bizni quvontiradi. Jumladan, Oʻzbekiston Milliy universitetining “Bulletin of National University of Uzbekistan: Mathematics and Natural Sciences” ilmiy jurnali, Toshkent davlat texnika universitetining “Technical science and innovation” va “Chemical Technology, Control And Management”, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining “Irrigation and Melioration”, Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Chemistry and chemical engineering” ilmiy jurnallari Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indeksatsiya qilinishi uchun ariza berilgan. Shu yoʻsinda besh-olti yilda 35 ta ilmiy jurnalni nufuzli xalqaro bazalarga kiritish rejalashtirilmoqda.

Gʻoyadan tayyor mahsulotgacha

Ilm-fanni qoʻllab-quvvatlash bevosita mablagʻga borib taqaladi. Bu xususda ham oliy taʼlim tizimida ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida oʻtgan yili oliy taʼlim muassasalarida umumiy mablagʻi 165 milliard 445 ming soʻm boʻlgan 403 ta ilmiy loyiha bajarildi. Bu loyihalarning 59 tasi fundamental, 193 tasi amaliy, 101 tasi innovatsion hamda 50 tasi yosh olimlarning fundamental, amaliy va innnovatsion loyihalari sanaladi.

Moliyaviy tushumlar hisobotiga koʻra esa, 2021-yilda oliy taʼlim muassasalaridagi bir nafar professor-oʻqituvchiga nisbatan ilmiy loyihalardan tushgan mablagʻ oʻrtacha 5 million soʻmdan toʻgʻri kelmoqda. 22 ta oliy taʼlim muassasasi bu borada yuqori koʻrsatkichga erishgan boʻlsa, 32 ta oliygoh va filiallarda davlat dasturi doirasidagi ilmiy loyihalardan moliyaviy tushum mutlaqo boʻlmagan. Xalqaro ilmiy-amaliy loyihalardan tushgan mablagʻ esa bir nafar professor-oʻqituvchiga nisbatan oʻrtacha 935 AQSH dollarini tashkil etdi.

Eng yaxshi natijalarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti qayd etgan. Mazkur raqamlarda yana muvozanat buzilganiga guvoh boʻlish mumkin. Yaʼni baʼzi oliygohlar mablagʻlar aylanmasini tashkil etishda yaxshi natijaga erishgan, ayrimlari esa yoʻq.

Gʻoyalarni mahsulotga aylantirish borasida soʻz ketganda yurtimizdagi 15 ta oliy taʼlim muassasasida mavjud 39 ta ilmiy laboratoriya imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi yaqqol ayon boʻladi. Ayni paytda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy faoliyat infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida 7 ta oliy oʻquv yurtlariaro ilmiy laboratoriya tashkil etish va ularni bosqichma-bosqich jihozlash jarayoni ketmoqda.

Bu ishlarga Jahon banki bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida 10,3 million AQSH dollari sarflandi. Hozir oliygohlarning oʻzi ham zamonaviy labaratoriyalar tashkil etishga harakat qilmogʻi zarur. Bugun moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta oliy taʼlim muassasasining 9 tasida ilmiy laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ilmiy laboratoriyalarni akkreditatsiyaga tayyorlash, laboratoriya xizmatlarini kengaytirish orqali oliy taʼlim muassasalari nafaqat sifatli ilmiy-tadqiqot oʻtkazish, shuningdek, qoʻshimcha mablagʻ topish imkoniyatiga ham ega boʻladi. Shu bois, laboratoriyalarni tashkil etish va faoliyatini rivojlantirish maqsadida oliy taʼlim muassasasi har yili mablagʻ ajratishi kerak.

Ixtiroga aylangan loyihalar

Inson tafakkuri va izlanishlari mahsuli boʻlmish intellektual mulk samarasini bugun barcha jabhada koʻrish mumkin. Binobarin, hozir foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, umuman, kundalik ehtiyojimiz shu salohiyat bilan chambarchas bogʻliq.

Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, sohadagi yutuqlarni qiymatli mahsulotga aylantirish muhim koʻrsatkichdir. Dunyoda tovarlarning brend qiymati yuqori hisoblanadi. Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. Oliygohlarning intellektual mulk obyektlari uchun olgan guvohnomalari soni oʻtgan yili 2019-yilga nisbatan 3,8-marta oshgan, 1819 ta patent (jumladan, 226 ta ixtiro, foydali model uchun patent, 1593 ta dasturiy mahsulotlar uchun guvohnoma) olingan.

Oliy taʼlim muassasalarida olingan patent va guvohnomalar har 100 nafar professor-oʻqituvchiga nisbatan oʻrtacha 8 tadan toʻgʻri keladi. Hududlarda “fan — taʼlim — ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlash maqsadida 23 ta oliy taʼlim muassasasida Texnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Boisi, markazlar professor-oʻqituvchilarga intellektual mulk obyektlariga doir guvohnomalarni olishda bevosita yordam beradi.

Istiqbolli gʻoya — muvaffaqiyat omili

Iqtisodiy oʻsishda ilmiy loyihalar bilan bir qatorda startap loyihalarni rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Masalan, bu sohaga 2019-yili AQSHda 158 milliard, Xitoyda 110 milliard, Hindistonda 27 milliard, Buyuk Britaniyada 23 milliard va Isroilda 18 milliard AQSH dollari sarflangan.

Ajratilgan mablagʻ hisobiga birgina AQSHda 7568 ta, Buyuk Britaniyada 1570 ta, Xitoyda 1505 ta, Hindistonda 798 ta yangi startap loyiha amalga oshirilgan. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda startap loyihalarni rivojlantirish va bu orqali yurtimizning jahon startap bozoridagi nufuzini oshirish muhim ahamiyatga ega. Yaqin vaqtgacha talabalar uchun oʻz gʻoyalarini loyihaga aylantirishda maslahat va koʻrsatma beradigan startap platforma, mentor va murabbiylar yordamida ishlash imkoniyati yoʻq edi.

Lekin bugun IT park va oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligi tufayli talabalar inkubatsiya markazlarida taʼlim olish imkoniyatiga ega. Oʻtgan yili 14 ta oliy taʼlim muassasaci huzurida “Biznes-akselerator” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, Inkubatsiya markazlari tashkil etildi. Hozir yurtimizdagi 40 ta oliy taʼlim muassasasida 47 ta “Inkubatsiya markazi” faoliyat yuritmoqda. Qolgan oliy taʼlim muassasalarida “Inkubatsiya markazlari”ni tashkil etish ishlari davom etmoqda.

Inkubatsiya markazlari talabalarga nima beradi?

Inkubatsiya markazlari talabalar uchun turli konsultatsiya, musobaqa, xakaton va seminarlar oʻtkazadi. Boshlangʻich ekotizim haqida asosiy tushuncha berish bilan birga, yoshlarning oʻzini axborot texnologiyalari sohasida tadbirkor sifatida namoyon etishiga yordam beradi. Hukumatimiz qarori bilan har yili Innoweek — xalqaro inovatsion koʻrgazmasi tashkil etiladi. “Innoweek-2021” koʻrgazmasi doirasida oliy taʼlim muassasalari 202 ta ishlanma bilan qatnashdi.

Jumladan, “Toshkent irrigatsiya va qish loq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti — 24 ta, Toshkent davlat transport universiteti — 23 ta, Toshkent davlat texnika universiteti — 22 ta, Namangan muhandislik-texnologiya instituti — 20 ta, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti — 17 ta, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti — 15 ta, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 12 ta, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali — 9 ta, Urganch davlat universiteti 8 ta ishlanmani taqdim etdi.

Muammolar uchun yechim

Mamlakatimizda ilm-fanni, ilmiy-tadqiqot muassasalari va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bilan bogʻliq mexanizmning barcha bosqichi samarali ishlashi uchun keng imkoniyat mavjud. Galdagi muhim vazifa ulardan unumli foydalanib, ilmiy kashfiyotlar qilish, oʻzbek ilm-fanini dunyo boʻylab ommalashtirishdan iborat. Buning uchun bir necha masalaga jiddiy eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Avvalo, ilmiy-tadqiqot sohasida oliy taʼlim muassasalarining xalqaro aloqalarini, xalqaro ilm-fan bilan oʻzaro integratsiyasini kuchaytirish zarur. Bu jarayonda doktorant va tadqiqotchilarning xorijda malaka oshirish koʻlamini kengaytirish, nufuzli xalqaro jurnallarda koʻproq maqolalar chop ettirish, oliy taʼlim muassasalariga xorijdan malakali mutaxassislarni keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy-tadqiqot mavzularini tanlashda har bir hududning oʻziga xosligini inobatga olish, ilmiy ishni tarmoq va hududlardagi aniq muammolar yechimiga yoʻnaltirish, tadqiqot natijalarini tijoriylashtirishga eʼtibor qaratish oldimizdagi muhim vazifalardandir. Doktorantlarning boshqa hududlardagi laboratoriyalarda tadqiqot oʻtkazishi, turli ilmiy anjumanlarda ishtirok etishi (transport, turar joy, yashash) uchun oliygohlarga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan pul oʻtkazish huquqini berish ham bugun dolzarb masala boʻlib qolmoqda.

Shu bilan birga, yosh olimlarni turar joy bilan taʼminlash tizimini yanada yaxshilash lozim. Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida “doktorantlar uylari”ni tashkil qilish, yosh olimlar uchun ijara toʻlovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish, doktorantlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish masalalarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Mutaxassislik kafedralari tomonidan ilmiy innovatsion faoliyat natijasida ishlab topilgan mablagʻning kamida yarmini mustaqil ravishda, jumladan, kafedra aʼzolarining xorijiy safarlarini tashkil etish, ularni moddiy ragʻbatlantirish, startaplarni moliyalashtirish, yosh olimlarga grantlar ajratish, labaratoriya va kompyuter texnikasini xarid qilish uchun sarflash tizimini joriy qilish darkor.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsad yoʻlida olib borilayotgan chora-tadbirlarni ilm-fanga eʼtibor va innovatsiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Aynan taʼlim, fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq qilish mamlakatimizning yetakchi davlatlar qatoridan oʻrin olishi, xalqaro raqobatbardoshlikka erishishi, aholi farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.