Sarimsoq qondagi qand miqdorini samarali ravishda kamaytiradi

    Xitoyning Janubi-Sharqiy universiteti olimlari sarimsoq qondagi glyukoza va xolesterin miqdorini samarali ravishda normallashtirishini aniqladilar. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida chop etilgan.

    Tadqiqotchilar oʻsimlik mahsulotlari va ziravorlarning inson kardiometabolik salomatligiga taʼsiri (meta-tahlil) mavzusida ilgari chop etilgan 29 ta ilmiy ish natijalarini tahlil qilgandan soʻng shunday xulosaga keldi. Tadqiqotda turli mamlakatlardan jami 1 567 kishi ishtirok etdi. Koʻngillilarning yoshi 18 yoshdan 80 yoshgacha boʻlgan.

    Taʼkidlanishicha, tajribalarda sogʻlom odamlar ham, ikkinchi turdagi diabet, koronar arteriya kasalligi, alkogolsiz yogʻli jigar kasalligi, yurak xuruji, semirish, gipertoniya va polikistik tuxumdon sindromi boʻlgan bemorlar ham ishtirok etgan. Tadqiqotlarda sarimsoq xom va kukun shaklida, shuningdek, eski ekstraktlar va ovqatga qoʻshimcha shaklida isteʼmol qilingan.

    Meta-tahlil shuni koʻrsatdiki, sarimsoqni har tomonlama isteʼmol qilish ijobiy taʼsir koʻrsatdi va qondagi shakar va xolesterin miqdorining pasayishiga yordam berdi. Olimlar sarimsoqning foydali xususiyatlari uning organizmdagi allitsin deb ataladigan organik birikmaning sintezini tezlashtirish qobiliyatiga bogʻliq deb taxmin qildi. Allitsin qon aylanishini normallashtiradi, mikroblarga qarshi taʼsirga ega va jigarda triglitseridlar (yogʻlar) hosil boʻlishining oldini oladi, deb xabar beradi doctor.rambler.ru.