Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Hindiston Respublikasi temir yoʻllari, savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal raislik qildi.

Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini kelishishni jadallashtirishga kelishildi.

Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari koʻrib chiqildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Hindiston hamkorlari bilan birgalikda taʼlim, IT-texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari, toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 85 dan ortiq qoʻshma loyiha amalga oshirilyapti. Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish maqsadida yaqin kelajakda investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash uchun barcha zarur masalalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tadbir davomida savdo-sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirishning muhim sharti sifatida transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash istiqbollari ham muhokama etildi. Tomonlar quruq portlar tarmogʻini birgalikda rivojlantirish hamda tashuvlar uchun undiriladigan toʻlovlar va tariflarga oʻzaro chegirmalar joriy etish orqali transport aloqalarini yaxshilash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga kelishib oldilar.

Shuningdek, “Shimoliy-Janubiy” tashabbusi doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashishni hajmini oshirish, logistika infratuzilmasini, multimodal transport koridorlarining mintaqaviy tarmogʻini rivojlantirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida Hindiston — Markaziy Osiyo transport vazirlari uchrashuvini oʻtkazishga kelishildi.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida 2021-2025-yillarga moʻljallangan Madaniy almashinuv dasturining ijrosi koʻrib chiqildi. Ayni paytda ushbu dastur doirasida bir qator amaliy tadbirlar amalga oʻtkazildi: Oʻzbekistonda yoga festivallari va Hind kinosi kunlari boʻlib oʻtdi, Amity, Sharda, Sambram universitetlarining filiallari oʻz faoliyatini boshladi. Hozirgi vaqtda yana uchta OTM oʻz filiallarini ochish arafasida. Bular Global, LNT va Integral universitetlaridir. Yigʻilish maydonlarida kelishilganidek, qisqa vaqtda yangi qoʻshma umumtaʼlim, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarini ochish, tadqiqot va texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, innovatsion ishlanmalar va startaplarni tijoratlashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshma “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

Tadbir yakunida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yigʻilishi bayonnomasi imzolandi. Unda tadbir davomida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar oʻz ifodasini topdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.