Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jamiyat siyosiy hayotida muhim oʻzgarishlarni boshlab berdi. Saylov qonunchiligini takomillashtirish doirasidagi bir qator oʻzgarishlar ichida Saylov kodeksi qabul qilingani muhim yangilik boʻldi. Ushbu kodeks joriy yil boʻlib oʻtadigan Prezident saylovini umum eʼtirof etilgan huquqiy meʼyorlar va demokratik tamoyillar asosida oʻtkazishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Aytish kerakki, har qanday demokratik davlatda kuzatilganidek, saylovoldi tashviqoti va saylovgacha boʻlgan barcha jarayonlar, shuningdek, saylov natijalariga nisbatan muayyan eʼtirozlar yuzaga kelishi tabiiy jarayon hisoblanadi. Bunday eʼtirozli holatlar qonun doirasida hal etiladi. Mamlakatimizda saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun muayyan javobgarlik koʻzda tutilgan. Dastavval, saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi bilan bogʻliq javobgarlik masalasiga toʻxtalsak.

Shunisi ahamiyatliki, fuqarolarning saylov huquqi eng muhim konstitutsiyaviy-siyosiy huquqlardan biri boʻlib, uni bevosita va bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu boradagi munosabatlar ham amaldagi Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi. Saylov komissiyalari saylov kampaniyasini oʻtkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning mazkur kodeks talablari buzilgani yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida oʻziga kelib tushgan murojaatlari boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazadi. Bunda uch kunlik muddatda murojaatchilarga yozma javob berilishi lozim. Saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlar esa darhol koʻrib chiqilishi va ularga tezkorlik bilan javob qaytarilishi shart. Bunda saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan endilikda saylov jarayoni subyektlari saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin besh kun ichida Oliy sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyatlar kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa darhol koʻrib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

Amaldagi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 142-moddasiga koʻra, saylov komissiyalarining xatti-harakati va qarorlari yuzasidan eʼtirozlar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari yoki qarorlari yuzasidan eʼtiroz tugʻilganda, bu ishlar Oliy sud tomonidan koʻriladi. Bu toifadagi shikoyatlar sud tomonidan shikoyat berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay koʻrib chiqilishi zarur. Agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan boʻlsa, shikoyat darhol koʻrib chiqilishi shart.

Mazkur kodeksning 167-moddasiga koʻra, saylov komissiyalarining xatti-harakatlari yoki qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ishlarga doir sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq tegishli saylov komissiyasi va arizachiga topshiriladi. Bunda sudning tegishli qarori darhol ijro etilishi lozim.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, Saylov kodeksida murojaat qilish tartibi hamda muddatining bir xilligi, ularni tegishli organlar tomonidan oʻz vaqtida, ochiq va transparentlik tamoyillari asosida koʻrib chiqish, saylov komissiyalari qarorlarini sud hokimiyati tomonidan qayta koʻrib chiqish imkoniyati koʻzda tutilgan. Misol uchun maʼmuriy sudlarda 2018–2019-yillarda boʻlib oʻtgan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), Oliy Majlis hamda viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bilan bogʻliq ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid 126 ta maʼmuriy ish koʻrilgan. Shundan yuzta ish boʻyicha arizachi sifatida deputatlikka va fuqarolar yigʻini raisligiga nomzodini qoʻygan fuqarolar, 26 ta maʼmuriy ish boʻyicha saylovlardan norozi boʻlgan arizachi fuqarolar murojaat qilgan. Ushbu maʼmuriy ishlarning 6 tasi boʻyicha fuqarolar jamoaviy tartibda ariza bilan murojaat qilgan.

Shu oʻrinda saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik haqida ham alohida toʻxtalish lozim. Amaldagi qonunlarimizda saylov qonunchiligini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy taʼsir choralari ham belgilangan boʻlib, bundan saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligiga toʻliq rioya etishi va saylov huquqlari samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadi koʻzlangan. Xususan, 2014-yil 4-sentyabrda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 8 ta moddadan iborat maxsus “Saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik” deb nomlangan V1 bob (512-519-moddalar) bilan toʻldirildi. Unda saylov jarayonida sodir etilishi mumkin boʻlgan qonun buzilishlar uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar oʻz ifodasini topgan. Ahamiyatlisi, ushbu toifadagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar ham bir sutka mobaynida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. Eng muhimi, saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklarning barchasi qasddan sodir etilgani isbotlanishi lozim.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 512, 513, 514, 515-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslar, 516 va 518-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun jismoniy va mansabdor shaxslar, 517-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun jismoniy shaxslar javobgarlik subyekti hisoblanadi. Bunday qonun buzilish holatlari aniqlanganda, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yigirma baravarigacha jarima maʼmuriy jazosi qoʻllanishi mumkin.

Saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqliligi boʻyicha Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 245-moddasi 1-qismiga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, saylash va saylanish fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqlaridan biri boʻlib, ushbu huquqlar jinoyat qonunchiligi bilan ham muhofaza qilinadi. Saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi amaldagi Jinoyat kodeksining 146 va 147-moddalarida belgilangan. Taqqoslash uchun aytadigan boʻlsak, rivojlangan demokratik davlatlarda ham saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Masalan, Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya kabi davlatlarning jinoyat qonunchiligida saylovlarni oʻtkazishga zoʻravonlik yoki qoʻrqitish yoʻli bilan toʻsqinlik qilish, saylov natijalarini, saylov hujjatlarini soxtalashtirish, saylov sirini oshkor qilish, saylov huquqini amalga oshirishga zoʻravonlik bilan qarshilik koʻrsatish singari qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizda saylovga oid qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga asoslangan va rivojlangan demokratik davlatlarning qonunchilik amaliyoti hamda tajribasiga mosligidan dalolat beradi.

Xulosa oʻrnida aytsak, saylov qonunchiligini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar va jinoyat uchun javobgarlik qatʼiy belgilab qoʻyilishi saylov erkinligi prinsipi toʻliq amalga oshirilishi, mamlakatimiz saylov tizimining yana-da demokratlashishi, saylovning ochiq hamda oshkoraligi tamoyillari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Robaxon Mahmudova,

Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari