Saylovlar jamiyatda yangi kuch va gʻoyalarni vujudga keltiradi

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan har bir oʻzgarish shu kunga qadar amalga oshirilgan demokratik islohotlarning koʻzgusidir.

    Soʻnggi yillarda dunyoda yuz berayotgan oʻzgarishlar, kuch markazlarining dunyo siyosiy xaritasini oʻzgartirishga boʻlayotgan urinishlari turli tahlikali vaziyatlarni yuzaga keltirmoqda. Sir emaski, ayrim mojarolar mamlakatimiz chegaralariga ham yetib keldi. Oʻzbekistonning yaqin hamkor davlatlari oʻrtasida ham turli darajadagi ziddiyatlar kuzatilmoqda. XXI asrda bunday voqeliklarga guvoh boʻlish hech kimning xayoliga kelmagan edi. Biroq biz mavjud reallikni his etishimiz lozim. Bunday sharoitda mamlakatimizning suvereniteti, uning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini saqlash masalasi har qachongidan ham muhim vazifaga aylandi.

    Har qanday mamlakatning barqarorligi uchun davlat va jamiyatning birdamligi, undagi siyosiy jarayonlarning naqadar ochiq va shaffof boʻlishi ahamiyatlidir. Biz nima uchun davlat boshqaruvida demokratik boshqaruv shakliga intilamiz? Biz orzu qilgan jamiyatga demokratiya orqali erisha olamizmi? Bu kabi savollarni koʻpchiligimiz oʻzimizga berib koʻrganmiz va hozircha Uinston Cherchillning oʻsha mashhur javobi dolzarbligini yoʻqotmadi. Yaʼni, demokratiya boshqaruvning juda yomon shaklidir, lekin biz hozircha undan yaxshirogʻini oʻylab topmadik.

    Darhaqiqat, demokratiya oʻz maʼnosiga koʻra – xalq hokimiyatchiligi. Mamlakat taraqqiyoti uchun qarorlar qabul qilishda jamiyatning ishtiroki muhim omillardan biri hisoblanadi. Demokratiyaning ham asosiy belgilaridan biri, bu – xalqning davlat va jamiyat boshqaruvidagi toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirokidir. Soʻnggi yillarda soʻz erkinligining taʼminlanishi demokratik islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Jamiyatimizda sogʻlom fikr, muqobil gʻoyalar paydo boʻla boshladi. Bir muncha konservativ fikrlashdan chekindik, xatolarimizga chetdan turib nazar tashlash imkoniyati tugʻildi. Bu esa rivojlanishimiz uchun zamin yaratmoqda.

    Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qildik. Eng muhimi, unda jamiyatimiz uchun muhim qadriyatlarni muhrlashga muvaffaq boʻldik. Misol uchun, Oʻzbekiston dunyoviy rivojlanish yoʻlidan borishi biz uchun konseptual ahamiyat kasb etadi. Oʻz oʻrnida mazkur oʻzgarish jahon hamjamiyati, Oʻzbekistonning tashqi hamkorlari uchun oʻziga xos signal vazifasini oʻtagani ham rost. Shuningdek, parlament vakolatining oshirilishi va mahalliy boshqaruvda hokimlarning vakolatlarini cheklashga qaratilgan normalar ham yaqin kelajakda boshqaruvni ixcham va professional shakllantirish hamda oʻzini oʻzi rivojlantiruvchi tizim yaratishga mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

    Aslini olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan har bir oʻzgarish shu kunga qadar amalga oshirilgan demokratik islohotlarning koʻzgusidir. Shu nuqtayi nazardan, uning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan hujjatga aylantirilgani ham bejiz emas. Endilikda asosiy vazifa ushbu qoidalarning toʻlaqonli ishlashini taʼminlashdan iborat. Yangi kun tartibiga muvofiq, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻz vakolatidan foydalangan holda, navbatdan tashqari prezidentlik saylovlariga start berdi. Hali amalda boʻlgan 3,5 yillik muddatidan voz kechganini demokratik islohotlarning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin. Bugun mavjud reallikdan kelib chiqib mamlakatimiz uchun yangi kun tartibini, Oʻzbekistonning kelgusi yillardagi rivojlanish yoʻlini belgilashda ushbu saylovning ahamiyati katta.

    Birinchidan, saylov jarayoni rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlarini belgilab olishga imkoniyati yaratadi.

    Ikkinchidan, jamiyatimizda siyosiy muhokamalar faollashadi, natijada xalqimizning mamlakatning yangi Hukumatdan kutayotgan talablari oʻrtaga chiqadi. Bu esa mavjud siyosatga qoʻshimcha chizgilar, yangiliklar kiritishni taqozo etadi.

    Uchinchidan, saylov jarayonlari hokimiyatning legitimligini belgilaydi va jamiyatda islohotlarga boʻlgan ishonchni baholash imkoniyatini oshiradi. Aynan mana shu omillar sabab navbatdagi islohotlarda ustuvor jihatlar aniqlanadi.

    Shunday ekan, Prezidentlik saylovi mamlakatimiz tarixiy rivojlanish yoʻlidagi muhim pallaga aylandi. Bugun xalqimiz oʻz irodasini namoyish etish arafasida turibdi va oʻz kelajagi yoʻlidagi tarixiy tanlovni amala oshiradi.

    Bu davrda vatandoshlarimiz passiv kuzatuvchi roli bilan cheklanib qolmasdan, saylovlarda faol ishtirok etishi, oʻz mamlakatining barqaror, tinch va farovon kelajagidan manfaatdor boʻlishi kerak.

    Demak, Oʻzbekistonda Prezident saylovi nafaqat mamlakatning yangi rahbarini saylash jarayoni, balki siyosiy barqarorlik va demokratik taraqqiyot yoʻlidagi muhim bosqichdir. Zero, saylovlar jamiyatimizda yangi kuch va yangi gʻoyalarni vujudga keltiradi, Oʻzbekiston ravnaqiga hissa qoʻshadi, demokratik rivojlanish anʼanalarini davom ettiradi.

    Bobur Bekmurodov,

    “Yuksalish” umummilliy harakati raisi