Zamonaviy turizm sohasining tayanch ustuni sayyohlik maskanlaridir. Hududning raqobatbardoshligi aynan shunday xushmanzara, kishi eʼtiborini oʻziga tortuvchi joylariga bogʻliq. ularning ijobiy imijini shakllantirishda mavjud resurslarning ahamiyati katta. Bu jihatdan Oʻzbekiston ulkan imkoniyatlarga ega. ajdodlarimizning yuksak aqlu zakovati mahsuli boʻlgan noyob obida va yodgorliklar hali-hanuz sayyohlarning aqlini shoshiradi. Xususan, hozir yurtimizda 8 mingdan ziyod madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, ularning 200 dan ziyodi YUNESKOning Jahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan.

Yurtimizda 8 ta davlat va majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi, 13 ta milliy va tabiat bogʻi, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qoʻriqxonasi, 1 ta jayronlar maxsus pitomnigi bor. Barchasining umumiy maydoni 6,321 million gektardan oshadi. Shu bois, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati deganda koʻp asrlik tarixiy meros, diqqatga sazovor tabiiy maskanlar, nodir moddiy va madaniy boyliklar, lazzatli taomlar va noyob ekologik hududlar koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Keling, shu jihatlarga bir oz kengroq nazar tashlaylik.

Diyorimiz, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz kabi koʻp asrli tarixiy shaharlari bilan mashhur. Koʻhna savdo yoʻllari chorrahasida joylashgan madaniyat va savdo markazlari sifatida bu shaharlarning dongʻi yetti iqlimga taralgan. Ularda boy meʼmorlik namunalari, jumladan, masjid, madrasa va maqbaralar saqlanib qolgan. Mana shu jihatlar tarixiy shaharlarimizni, albatta, kelib koʻrish shart boʻlgan noyob sayyohlik maskanlari maqomiga koʻtargan.

Ikkinchidan, diqqatga sazovor tabiiy hududlar: togʻlar, choʻllar, koʻl va daryolarimiz bor. Bu yerlarda jonivorlarning noyob turlari yashaydigan qoʻriqxonalar, Amudaryo oʻzanlaridagi toʻqayzorlar, Shohimardon, Boʻstonliq, Kitobning soʻlim maskanlari, hatto Orol dengizi qurigan qismining bugungi manzaralari sayyohlar uchun qiziqarli boʻlishi shubhasiz.

Uchinchidan, oʻziga xos madaniyatimiz va sanʼatimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Mamlakatimiz koʻplab milliy raqs va ashulalar, diltortar kuy-ohanglar va hunarmandlikning noyob asriy anʼanalari saqlanib qolgan oʻlka sifatida eʼtirof etiladi. Shuningdek, muzey va galereyalarga, ochiq osmon ostidagi qalʼalarga borish, milliy oʻyin-tomoshalardan, hunarmandlik sanʼatining betakror amaliy namunalaridan bahramand boʻlish mumkin. Yurtimizdagi muzeylarning har biri tarix bilan bugunning rishtalari uzviyligi, soha va yoʻnalishlarda erishilgan muvaffaqiyatlar haqida soʻzlaydi.

Toʻrtinchidan, gastronomiya borasida imkoniyatimiz katta. Zotan, Oʻzbekiston Sharq va Gʻarb taomlarining oʻziga xos uygʻunligidan iborat oshxonasi bilan mashhur. Sayyohlar qadimiy uslub boʻyicha tayyorlanadigan palov, shoʻrva, lagʻmon, somsa kabi taomlarni tatib koʻrishi yoki ularni oʻzlari tayyorlashi uchun shart-sharoit mavjud. Mazkur yoʻnalishlarning oʻzi turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega, keng qamrovli soha ekanini koʻrsatib turibdi.

U daromad keltirishi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turadi. Yana bir muhim jihati — kam xarajat bilan koʻp ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi. Birgina servis yoʻnalishini olsak, ushbu faoliyat doirasi poytaxtimizdagi yirik mehmonxonalardan tortib, qadimiy shaharlarimizdagi kichik xostellar, mehmon uylari, avia, temir yoʻl, taksi xizmatlari, xalqaro aeroportlardagi butiklar, Buxoro va Xivaning xushmanzara koʻchalaridagi moʻjaz hunarmandlik doʻkonlarigacha qamrab oladi.

Bu borada sarflangan bir dollar uch hissa boʻlib qaytadi. Shunday boʻlsa-da, uzoq yillar mobaynida mamlakatimizning bu salohiyatidan toʻlaligicha foydalanilmadi. Masalan, 2011-2016-yillarda xorijiy mehmonlarning yurtimizga oʻrtacha yillik tashrifi atigi 8 foiz oʻsgan.

Qiziqarli manzillar koʻp, maʼlumot kam

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha iqtisodiy tarmoqlari singari turizm ham yangicha bosqichda rivojlana boshladi. 2016-yil dekabr oyi boshlarida davlatimiz rahbari mutasaddilar oldiga turizmni jadal rivojlantirish vazifasini qoʻydi va bu boʻyicha tegishli hujjatni imzoladi.

Vakolatli organ tashkil etildi. Shu yoʻnalishdagi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etish, milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorda samarali targʻib qilish uchun sharoit yaratish boʻyicha qarorlar qabul qilindi. Viza rejimi liberallashtirildi. Ayni paytda 90 mamlakat fuqarosi Oʻzbekistonga vizasiz kela oladi, yana 60 davlat aholisi uni internet orqali olish imkoniyatiga ega.

Turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtiborni jahon hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Sohani qoʻllab-quvvatlashga doir 90 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatning qabul qilingani mamlakatimizda sohaning yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirishga xizmat qilyapti. Bu yil yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi yigʻilishi oʻtkazilishi, Samarqand 2023-yilda Jahon turizm poytaxti deb tanlangani ham shundan dalolat beradi. Koronavirus pandemiyasi dunyo miqyosida turizm rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Chegaralarning yopilishi, xorijiy mamlakatlardan sayyohlar kelishiga doir turli cheklovlar, vaksinatsiyaga oid talablar va boshqa muammolar shular jumlasidan. Shunga qaramay, Oʻzbekistonda xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda sayyohlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi, soha vakillari ragʻbatlantirildi, imtiyozlar berildi. Bu chora-tadbirlarning amaliy natijalari sayyohlar soni keskin ortib borayotganida yaqqol koʻrinib turibdi.

Masalan, oʻtgan yili yurtimizga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3 barobar oshgan. Soha eksporti 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan. Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani natijasida u yerga qoʻshimcha 2 million sayyoh borgan. Aslida, mamlakatimizning bu sohadagi salohiyati bundan ancha yuqori.

Yurtimizga kelmoqchi boʻlganlar juda koʻp. Lekin ularni qiziqtiradigan joylar haqida maʼlumot kam, 4-5 kun olib qoladigan dasturlar yetishmaydi. Samolyot va poyezdga biletni bir necha oy oldindan sotib olishda noaniqliklar mavjud. Prezidentimiz raisligida shu yil 29-mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan shu kabi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarning mantiqiy davomi va huquqiy asosi boʻldi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga koʻtarish, ichki sayyohlik xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin koʻpaytirish, sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromad manbaini kengaytirishni taʼminlash masalalari ijrosining aniq muddati va manzillari koʻrsatib berildi. Ushbu vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi mamlakatimizga joriy yilning oʻzida 7 million xorijlik va 12 million mahalliy sayyohni qabul qilish imkonini beradi.

Hududlarning turizm salohiyati

Hududlarning sayyohlik salohiyatini oshirish borasida koʻplab ishlar qilinmoqda. Lekin bu boradagi mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinyapti, deb boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari ayni shu masalaga eʼtibor qaratar ekan, har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish oʻrinlariga aylantirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Masalan, Shahrisabz va Kitob tumanlariga yoz faslida koʻplab mahalliy va chet ellik sayyohlar keladi. Har bir mehmon oʻrta hisobda 1 million soʻmgacha sarflaydi. Lekin zamonaviy sharoit va infratuzilma yetarli emas. Prezidentimizning 2022-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2023-2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish hamda qurish uchun 81,7 million AQSH dollari ajratilgani ham hududning investitsion, turistik salohiyati va jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 24-fevralda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabogʻ tumanlarida turizmni rivojlantirish uchun Shahrisabz — Qarshi — Samarqand yoʻnalishi boʻylab elektropoyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi. Bu turizm bilan birga savdo va servis taraqqiyotiga ham qoʻshimcha turtki beradi.

Mutaxassislarning tahlilicha, Kitob tumaniga investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha eng ustuvor yoʻnalishlardan biri turizmdir. Tumanning geografik jihatdan qulay togʻli hududda joylashgani, koʻplab dam olish maskanlari va sanatoriylar, Hazrati Bashir, Xoʻja Neʼmatulloh, Hazrati Sulton kabi ziyoratgohlar, Hisor va Kitob qoʻriqxonasi, Maydanak rasadxonasi mavjudligi, yilning toʻrt faslida eko, agro, etno, tibbiy, gastronomik, ekstremal turizm turlarini rivojlantirish, dam olish infratuzilmasini yaratish investorlar uchun ham keng imkoniyat beradi.

Shahrisabz tumani uchun ham bu soha investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan “oʻsish nuqtasi” sifatida tanlangan. Miraki, Koʻl, Gʻilon, Hisorak hududlarida yil davomida turizmning koʻplab turlarini tashkil etish mumkin. Qamashi, Yakkabogʻ tumanlarining sayyohlik jozibadorligiga doir bunday misollar roʻyxati ham oz emas. Xususan, Yakkabogʻning Hisor togʻidagi Amir Temur gʻori, uning ulkan kirish qismi buyuk kanʼonning sharqiy etagida daryo bilan kesilgan yerda joylashgani har qanday kishini hayratga soladi. Qamashi tumanidagi Langarota ziyoratgohiga boruvchilar ham kun sayin koʻpayyapti.

Joriy yilning 29-mart kuni oʻtkazgan videoselektorda turizm dasturlarining mazmuniga ham eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, xorijlik sayyohlarning Oʻzbekistonda bir kun koʻproq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshiradi. Shu maqsadda  Oʻzbekistonda turizm salohiyatini oshirish boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi.

Jumladan, har bir viloyatning “tashrif qogʻozi” ishlab chiqiladi, turistik mavsum uzaytiriladi, 2023-yil mamlakatning turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlib, bunga 100 milliard soʻm ajratiladi. Sohani izchil rivojlantirish maqsadida viloyatlarga oʻzlariga biriktirilgan 11 ta oliygoh bilan hamkorlikda ishlab, turizm obyektlari toʻgʻrisidagi kontentni boyitish vazifasi berildi.

Birgalikda 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontenti yaratiladi. Ular asosida 12 tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yoʻnalishlarida oʻqiyotgan talabalarning kamida 2 oylik amaliyoti mazkur tumanlarda tashkil etiladi.

Kitob, Shahrisabz, Qamashi tomonlarda

Toshkent davlat transport universitetiga Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qamashi va Kitob tumanlari biriktirildi. Oliy taʼlim muassasamizda tuzilgan ishchi guruh mazkur hududlarning hozirgi turizm holatini oʻrgandi. Jarayonda 22 mahalla fuqarolar yigʻini turizm salohiyatiga ega deb baholandi. Ushbu mahallalarda 1399 tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda, 462 turizm obyekti joylashgan.

Oʻtgan yil davomida yuqoridagi obyektlarga keluvchilar soni 1 million 130 ming nafarni tashkil etgan. Jami sayyohlarning 5 ming 200 nafari, yaʼni 0,6 foizigina xorijlik boʻlib, ularning aksari (4 ming 790 nafari) Tojikiston fuqarolaridir. Shuningdek, sayyohlarning oʻrtacha bir kunlik soni 10 ming atrofida, bir va undan ortiq kun qoluvchilar soni 5 ming 500 dan sal ziyod. Kelayotgan ichki sayyohlarning asosiy qismi Buxoro, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo va Qoraqalpogʻiston aholisi.

Hozir Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida 3 ta turoperator, 12 ta mehmonxona va xostel, 168 ta mehmon uyi hamda 11 ta sanatoriy va oromgoh faoliyat yuritmoqda. Ular kuniga 6 ming 350 kishini qabul qilishi mumkin. Bundan tashqari, 158 ta dam olish maskani, 100 dan ortiq ovqatlanish, 300 ga yaqin yonilgʻi quyish shoxobchasi, 429 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti, 30 ga yaqin hunarmandlik markazi boʻlib, mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etishda muhim oʻrin tutadi.

Ushbu tumanlardagi asosiy maskanlar Kitob tumanidagi Hazrati Bashir, Qamashi tumanidagi Langarota ziyoratgohlari hamda Shahrisabzdagi Oqsaroy obidasidir. Oʻrganishlardan kelib chiqib, qator manzilli va aniq takliflar taqdim etildi. Jumladan, qayd etilgan tumanlarda turistik-rekreatsion potensial yuqori boʻlishiga qaramay, samarali foydalanilmayotgan sayyohlik maskanlarini rivojlantirish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Bu jarayonda sayyohlar vaqtdan samarali foydalanishi uchun maqbullashtirilgan manzillar xaritasini ishlab chiqish zarur.

Ayni paytda universitet tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar yordamida sayyohlar oqimini oshirish yuzasidan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda faoliyatni muvofiqlashtirish choralari koʻrilyapti. Menejment va marketing taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalardan iqtidorlilarini tanlab olib, amaliyotini turistik salohiyatli hududlarda tashkillashtirish va ular taklif etayotgan startap loyihalarni tatbiq etish koʻzda tutilmoqda.

Hozir Toshkent davlat transport universitetida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qamashi va Kitob tumanlaridan mazkur taʼlim yoʻnalishlarida 231 nafar yigit-qiz oʻqimoqda. Ularning 2 oylik amaliyoti shu tumanlarda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlaridagi 65 ta madaniy meros obyekti boʻyicha kontent yaratish ishlari jadal olib borilmoqda. Ishchi guruh 40 ta madaniy merosning birlamchi kontentini oʻzbek tilida ishlab chiqdi. Qolgan 25 ta obyekt boʻyicha maʼlumot tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.

Haqiqatan, mamlakatimizning hududiy turizm imkoniyati beqiyos. Undan samarali foydalanish sayyohlik rivojlanishiga hamda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, aholini barqaror ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Buning uchun yangi turistik dasturlar, chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, ijrosini bosqichma-bosqich, izchil amalga oshirish zarur. Oʻz navbatida, bu ishlar hududlarning turistik “tashrif qogʻozi”ni xalqaro talablarga mos tarzda yaratishga zamin yaratadi.