Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va Zangiota tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan Nazarbek mahallasiga bordi. Sayyor xizmatlar uchun moʻljallangan avtobusning kelishi shu hududda yashovchi insonlarga yengillik yaratib, vaqtini tejash imkoniyatini berdi. Tadbir davomida nazarbekliklar farzandlarini davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish, kommunal xizmat koʻrsatish tarmoqlariga ulanish, kadastr pasportini shakllantirish, soliqdan qarzi bor yoki yoʻqligi haqida maʼlumot olish kabi 20 ga yaqin davlat xizmatlaridan foydalandi.
Sayyor xizmat davomida aholi oʻrtasida xizmatlarni davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan, Yagona interaktiv portal orqali elektron tarzda olish targʻib qilindi. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib toʻlanadigan toʻlovga nisbatan kamroq toʻlash imkoniyati, yaʼni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilganligi boshqarma mutaxascisi tomonidan tushuntirildi. Bunday qulayliklardan samarali foydalanish esa fuqarolarimizning vaqti ham, mablagʻi ham tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.