Senatning ellik birinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlangandek, Xalqaro mehnat tashkilotining 156-sonli Konvensiyasining maqsadi – xaq to‘lanadigan ishni bajaradigan yoki bajarishni xoxlaydigan, ishlayotgan ayollar va erkaklar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlarni taʼminlash, oilaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan shaxslarning kamsitishga uchramagan hamda imkon qadar kasbiy va oilaviy majburiyatlarni uyg‘un tarzda birlashtirgan xolda o‘z huquqlaridan foydalana olishdir.
Xalqaro mehnat tashkilotining 156-sonli Konvensiyasi iqtisodiy faoliyatning barcha sohalariga va barcha toifadagi ishchilarga nisbatan qo‘llaniladi. Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, mazkur Konvensiyaning barcha talablari O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan.
Konvensiya hozirgi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotiga aʼzo bo‘lgan 187 ta davlatning 45 tasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular qatorida Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi mamlakatlar bor.
Senatorlar fikricha, Konvensiyani ratifikatsiya qilish kelgusida milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirishda mehnat munosabatlariga taalluqli bo‘lgan talablarni, xalqaro standartlarni samarali joriy etish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Qonun maʼqullandi.