“Respublikamizda aholi oʻrtasida tahdid guruhiga mansub kontingent – aholi bilan bevosita muloqotda ishlaydigan tibbiyot xodimlari, maktab oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari orasida bugungi kunda gripp va uning asoratlari, pnevmoniya kasalliklarining oldini olish borasida Oʻzbekiston prezidentining «Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 4815-sonli qarori asosida 2020-yilning 1-oktyabridan boshlab grippga qarshi bepul emlash ishlarini olib borish belgilangan.
Ushbu tadbirni amalga oshirish uchun bugungi kunda Davlat sanitariya xizmati tomonidan oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari va maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari sonini aniqlash, ularning roʻyxatini tuzish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika boʻyicha 516 ming 174 nafar oʻqituvchilar, maktabgacha taʼlim muassasalarining 223 ming 426 nafar xodimlari hamda 534 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari – yaʼni, 1 million 273 ming nafardan ortiq kontingentni grippga qarshi emlash rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda respublika boʻyicha 4 ming nafar vaksinatorlar mavjud boʻlsa, ularning dublyorlari bilan 8 ming nafardan ortiq emlash hamshiralari ushbu tadbirlarni olib borish uchun seminar mashgʻulotlari olib borildi.
Sentabr oyida davlatimiz tomonidan 1 million ortiq grippga qarshi vaksina olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Emlash xavfsizligiga toʻliq erishish uchun maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tibbiyot xonalari hamda maktab, maktabgacha taʼlim muassasalariga yaqin joylashgan oilaviy poliklinikalarning emlash xonalarida ushbu tadbirlarni amalga oshirish tashkillashtirilmoqda», dedi Vazira Mutalova.