Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, joriy yil 27-fevral kuni ertalab soat 03:25 larda Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filiali CALL-markaziga Sergeli tumani 4-dahasidagi xonadonlarning biridan chaqiriq kelib tushgan. Shundan soʻng murojaat tegishliligi boʻyicha tumandagi 8-boʻlimga uzatilgach, TTYO brigadasi xodimlari — shifokor T.A. va feldsher X.O. belgilangan manzilga sanoqli daqiqalar ichida yetib borgan.
Kaltaklanishi oqibatida jiddiy tan jarohati olgan 1979-yilda tugʻilgan bemor ayol A.A.ga “103” brigadasi tomonidan darhol birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Shuningdek, feldsher X.O. bemorning holatidan kelib chiqib, uni zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya boʻlimiga olib borish kerakligini aytgan.
Shu payt bemorning tanishi, 1990-yilda tugʻilgan fuqaro K.A. uni goʻyoki A.A.ga yaxshi qaramayotganlikda ayblab, feldsherga tahdid qilgan. Qolaversa, mushtumzoʻr fuqaro tibbiyot xodimini himoya qilgan tez tibbiy yordam haydovchisi, 1970-yilda tugʻilgan T.S.ni urib, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda jabrlangan tez tibbiy yordam haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, burun yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi” dastlabki tashxisi bilan neyroxirurgiya boʻlimiga yotqizilgan. Hozir bemor belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalarni olmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan 33 yoshli fuqaro K.A. ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.