- Oʻzbekistonning eng katta boyligi – bu uning koʻp millatli xalqidir. Bugun mamlakatimizda millati, dini, eʼtiqodidan qatʼiy nazar barcha yurtdoshlarimiz uchun yashash, taʼlim olish, mehnat qilish, davlat va jamoat hayotida faol ishtirok etish uchun teng sharoitlar yaratilgan.

Jamiyatimizning ajralmas qismi boʻlgan qozoq millatiga mansub vatandoshlarimizning bugungi muvaffaqiyatlari, ularning yagona Vatan ravnaqiga qoʻshayotgan munosib ulushi haqida soʻzlab bersangiz?

— Jonajon respublikamizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan millatlararo masalalarga, xususan, xalqlarimiz oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlik, bagʻrikenglik va oʻzaro yaqin hamkorlikni yana-da mustahkamlash va rivojlantirishga har qachongidan koʻra koʻproq eʼtibor berilayotgan ushbu tarixiy kunlarda “Yagona Vatan ravnaqi yoʻlida” turkumidagi savollarga javob berishning oʻzi men uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday deyishimga toʻliq asos bor. Oʻzingizga maʼlumki, oʻz bagʻrida 130 dan ortiq millat va elatni birlashtirib turgan Oʻzbekiston deb atalgan jannatmonand el farzandlarining biri sifatida qozoq millatining vakillari ham boshqa xalqlar bilan teng huquqli nufuzga ega boʻlib, tugʻishgan ogʻa – oʻzbek xalqi bilan tinch-totuv, doʻstlik va birodarlikda farovon hayot kechirmoqda. Ular koʻpmillatli respublikamizning siyosiy barqarorligi, iqtisodiy rivojlanishi va ijtimoiy taraqqiyoti yoʻlidagi ishlarda faol ishtirok etmoqda, jonajon Vatanimizning har tomonlama yuksalishiga baholi qudrat oʻz xissalarini qoʻshib kelmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan jamiyatimizda barqarorlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, fuqarolar ongida oʻzaro birodarlik shuurini, doʻstlik muhitini, koʻp millatli yagona oilaga mansublik tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada respublikamiz Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni 2019–2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, koʻp millatli xalqimizning saʼy-harakatlarini olijanob gʻoya — mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini va demokratik huquqiy davlatni shakllantirish gʻoyasi atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.

Oʻtgan yili COVID-19 koronovirusi pandemiyasi sababli mamlakatimizda uning oldini olish boʻyicha zaruriy karantin choralari joriy etildi. Shu bois qator rejadagi yirik madaniy-maʼrifiy tadbirlarni keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazishning, afsuski, imkoni boʻlmadi. Shunday boʻlsa-da, masofadan turib muloqotlar, fikr almashishlar, onlayn-konferensiyalar hamda boshqa tadbirlarni uyushtirish yoʻlga qoʻyildi va ular hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Masalan, 21-oktyabr kuni Butundunyo qozoqlari hamjamiyati va Qozogʻistondagi “Vatandoshlar” jamgʻarmasi bilan birgalikda respublikamizda istiqomat qilayotgan qozoq millati vakillarining kichik qurultoyi onlayn shaklda tashkil etildi.

Markazimizning viloyatlar va tumanlardagi boʻlimlari ham joylarda keng qamrovli faoliyat olib bormoqda. Ular mintaqalarda istiqomat qilayotgan qozoq millati vakillarining boshqa millat va elatga mansub yurtdoshlari bilan hamjihatlikda yashab, ishlab, eng katta boyligimiz boʻlgan tinchligimizni asrashga, osoyishtalikni taʼminlashga, millatlararo doʻstlikni mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

 Qozoq yurtdoshlarimizdan kimlarning nomlarini alohida tilga olishni istar edingiz? Ular qaysi sohalarda yuksak natijalarga erishmoqda?

— Katta avlod vakillaridan shoir Mekembay Omarov, “Doʻstlik” ordeni sohibi, yozuvchi, Turon akademiyasining akademigi Qaldibek Seydanov, pedagogika fanlari doktori Ergash Abduvalitovning ismlarini alohida taʼkidlashni istar edim.

Yosh avlod vakillaridan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, tarjimon Tursunali Ahmedov, shoir Meyrambek Abduqaliyev, yunon-rum kurashi buyicha Olimpiada sovrindori Elmurat Tasmuratov, boks boʻyicha Osiyo chempioni Elnur Abduraimov, Oʻzbekiston chempioni Madiyor Saydrahimov kabi iqtidorli yoshlarimiz bilan faxrlanamiz.

Markazimiz jamoat tashkiloti boʻlgani tufayli uning ishi koʻplab faollar, jonkuyarlar va fidoiylarning bevosita ishtiroki, ularning oʻz el-yurtiga boʻlgan sadoqati, mehr-muhabbati, eng muhimi, sidqidildan koʻrsatgan begʻaraz yordamlari bilan yuzaga chiqadi. Ularning orasida respublikamizda taniqli boʻlgan jamoat arboblari, oqsoqollar, olimlar, qalam ahli, turli sohalarning vakillari bor.

Men hozirgi kunda Vatanimiz ravnaqiga oʻzining munosib ulushini qoʻshib kelayotgan Toshpoʻlat Bobojonov, Tursumat Xolboyev, Qaldibek Seydanov, Abduholiq Aydarqulov, Alisher Gʻapporov, Abdulla Rustamov, Yerashim Rustamov, Hamza Xolmurodov, Sherali Sodiqov, Eldar Xoʻjahmedov, Ortiqboy Qurbonboyev, Marat Arinov, Mekembay Umarov, Damir Qaldiboyev, Yergesh Abduvalitov, Karaxan Joʻrayev, Dinislom Kanayev, Zait Abduraxmanov, Poʻlat Izyumov, Jaqsiliq Oʻrazboyev, Dinislam Qanayev, Aqan Tashmetov, Gʻulamzakir Yusupov, Mengdesh Serjanov, Xudoybergen Mirzamuratov, Qulmaxon Duysenov, Zulupqar Umrzaqov, Sagit Abduraxmanov, Jaqsiliq Jariqboyev, Jamaliddin Yakubov, Salimbay Balgʻabayev, fidokor ayollarimizdan Mayra Terlikbayeva, Dilfuza Qaliyeva, Lala Junusova, Aysuluv Buksinbayeva, Anar Qaldibayeva, Aziza Duysenova, Zamira Jiyanboyeva, Anor Naliboyeva, Aysha Anarqulova, Ayjan Tajibayevaning nomlarini faxr bilan aytib oʻtmoqchiman.

Shular bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlardagi boʻlinmalarimizning respublikamiz ravnaqi yoʻlida olib borayotgan ishlari ham tahsinga sazavordir. Ularga madaniy markazimiz, respublikamizdagi butun qozoq jamoatchiligi nomidan minnatdorligimni izhor etaman. Ularning bundan keyin ham markazimizning jonkuyar va fidoiylari boʻlib qolishiga ishonamiz.

 Qozoq milliy madaniy markazi bugun oʻz faoliyatida qanday yoʻnalish va masalalarga asosiy eʼtiborni qaratmoqda? Bu yil keng nishonlanayotgan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik yubiley sanasiga qanday tayyorgarlik koʻrayapsizlar?

— Xalqlarimiz oʻrtasida anʼanaviy ravishda davom etib kelayotgan abadiy doʻstlik va yaqin hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlaydigan, oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni tabora rivojlantirishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilgan. Jumladan, Prezidentimizning maxsus qaroriga muvofiq, bu yil 30-iyulda bayram qilinadigan “Doʻstlik kuni”ga ham katta tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Undan keyin ulugʻ bayramimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlashga qaratilgan majmuaviy chora-tadbirlar loyihasi ham ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda bu tadbirlarni vaziyatga qarab tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Ularda biz, asosan, respublikamizning mustaqillik yillari mobaynida erishgan yutuqlari, xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqin doʻstlik aloqalari, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va yana-da rivojlantirishga bagʻishlangan maʼruzalar, chiqishlar, milliy madaniyatimiz, sanʼtimiz hamda badiiy hunarmandchiligimizni aks ettiruvchi koʻrgazmalar tashkil etish, turli janrlardagi teatrlashtirilgan badiiy sahna koʻrinishlari hamda konsert dasturlari namoyish etishga harakat qilamiz. Bular, oʻz navbatida, xalqlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy davom etib kelayotgan abadiy doʻstlik va hamkorlikning yangi bir sahifasi boʻlib qolishiga aminmiz.

 Yagona Vatan – bu muqaddas tushunchadir. Zamondoshlarimiz barchamiz uchun tabarruk boʻlgan ona zaminimizning yana-da ravnaq topishiga munosib ulush qoʻshishi yoʻlida qanday tilaklar bildirishni istar edingiz?

— Oʻzbekiston mustaqillikga erishgan dastlabki kunlardanoq davlat siyosatining asosini tashkil etgan bosh gʻoya – bagʻrikenglik gʻoyasining hayotga tadbiq etilishi natijasida respublikadagi barcha millat va elatlarning ravnaq topishiga alohida eʼtibor qaratildi. Koʻpmillatli jamiyatimiz fuqarolari ongida “Yagona Vatan ravnaqi yoʻlida” degan gʻoya asosida haqiqiy vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish bu boradagi ishlarning muhim yoʻnalishiga aylandi.

Haqiqatan ham, Oʻzbekistonning eng katta boyligi – bu uning koʻp millatli xalqidir. Respublikamizda barcha millatlarning oʻz milliy qadriyatlarini, tili va madaniyatini, oʻziga xos urf-odat va anʼanalarini saqlab qolishi va rivojlantirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Millatlararo va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini va izchil hamkorlikni yana-da rivojlantirish, respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning oʻziga xos milliy urf-odatlari hamda anʼanalarini saqlab qolish va davom ettirish masalalariga mamlakatimiz rahbariyati tomonidan har qachongidan ham koʻproq eʼtibor berib kelinmoqda. Biz buning uchun oʻzbek xalqiga, yurtboshimizga chin qalbdan minnatdorligimizni bildiramiz.

Yaratganga ming shukrlar aytaylikki, biz Oʻzbekistonday bagʻri keng, jannatmonand yurtda boshqa millat vakillari qatori tugʻishgan oʻzbek xalqi bilan doʻstlikda, ogʻa-iniday tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilmoqdamiz hamda Vatanimizning ravnaqi yoʻlida astoydil mehnat qilib, uning yuksalishiga munosib hissamizni qoʻshib kelmoqdamiz.

Bu erishgan muvaffaqiyatlarimizni koʻz qorachigʻiday avaylab asrash, xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy doʻstlik va ishonchli hamkorlikni yana-da mustahkamlash va har tomonlama rivojlantirish fuqarolik jamiyatining muhim instituti boʻlgan milliy madaniy markazimizning muqaddas burchidir. Bu dolzarb va muhim vazifalarni izchil amalga oshirishda hammamizga Olloh madadkor boʻlsin!

— Sermazmun suhbatingiz uchun tashakkur!