Sertifikatlash tizimida xalqaro hamkorlik oʻrnatildi

    Biznes 26 Sentabr 2023 1564

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Lineapelle koʻrgazmasi doirasida Buyuk Britaniyadagi Xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti (SLF) ijrochi direktori Debora Tayler bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston charm poyabzal korxonalarining yana bir guruhini ushbu tashkilotning sertifikatlarini olish jarayonlarini tezlashtirish, va ularning ishlab chiqarishiga Yevropa sifat menejmentini joriy etish masalalari muhokama etildi.

    Maʼlumot uchun, SLF terini qayta ishlash va ishlab chiqarish sohasida ekologiya, mehnat, ijtimoiy va iqtisodiy tamoyillarning amalga oshirilishini baholovchi yirik xalqaro sertifikatlash tashkiloti hisoblanadi. Ushbu tashkilotdan sertifikat olish korxonalarning Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining barcha standartlariga toʻliq mos kelishini anglatadi. Bugungi kunda 200 dan ortiq korxona tashkilotga aʼzo.

    Muloqotda tashkilotga Oʻzbekistonning xalqaro sertifikat talablarini xususan, ekologiya, mehnat va ijtimoiy yoʻnlaishlarda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Oʻzbekistonning bir guruh korxonalarini tashkilot aʼzoligi va amaldagi boshqaruv tizimini Yevropa Ittifoqi standartlariga moslashtirish yuzasidan fikr almashildi.

    Mazkur sertifikat olishni rejalashtirgan “Top Quality Brand”, “Angren Charm Invest”, “Peng Sheng Charm”, “Hamkor Nur-Savdo” korxonalarida texnik parametrlar, boshqaruv tizimi va mahsulot sifatini tashkilot sertifikatlariga moslashtirish jarayonlari yakuniga yetayotgani maʼlum qilindi. Ushbu korxonalarga SLF sertifikatlarini tez fursatda topshirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.