Sevgan qizini yalangʻoch rasmlarini kanallarda tarqatish bilan qoʻrqitgan “kirakash yigitcha” qoʻlga olindi

    Samarqand shahrida yashovchi 27 yoshli G.S. (ayol) murojaat qilib, nomaʼlum shaxs uning yalangʻoch holdagi video va foto tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 2 800 000 soʻm talab qilayotganligini maʼlum qilgan.

    Bu haqda IIV TQB Kiberxavfsizlik markazi Matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi 35 yoshli N.J. sodir etganligi aniqlangan.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan N.J. aslida kirakashlik bilan shugʻullanishi maʼlum boʻldi. U jabrlanuvchi G.S.ni bir necha bor uyiga olib borib qoʻyish orqali u bilan tanishib olgan.

    Gumonlanuvchi N.J., jabrlanuvchi G.S. bilan maʼlum vaqt ishqiy munosabatda boʻlib kelgan va uning turli behayo fotosuratlarini qoʻlga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 2 800 000 soʻmlik telefon qurilmasi yoki ushbu telefon qurilmasining pulini talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

    Mazkur holat yuzasidan N.J.ga nisbatan JKning 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.