Shahnoza Joldasova: davlat yoshlar kelajagini yaratishni oʻz zimmasiga olmoqda

    Aholi tomonidan kelib tushgan 227 mingdan ziyod taklifdan 64 foizi yoshlarga tegishli bo'lgani ularning mazkur siyosiy jarayonga katta ma'suliyat bilan yondashayotganini namoyon etadi.

    Nihol erga qadalib, o'zini tutib olgunicha, jiddiy e'tibor, parvarishni talab etadi. Nozikkina tanasini engil shamol ham uchirib ketishi mumkin bo'lgan bu davrda uni asrab-avaylash nihoyatda muhim. Biroz kattarib, “qaddini” tutib ketganidan keyin ham o'z holicha tashlab qo'yish yaramaydi. Baland, sog'lom va “navqiron” daraxtga aylanib, vaqti kelganida meva berishi uchun parvarishni kanda qilmaslik lozim. Jamiyatda yosh avlod tarbiyasi ham nihol parvarishiga qiyoslanadi. Bir bolaga o'rgatilgan ta'lim-tarbiya, kelajagi uchun kiritilayotgan investitsiya ertaga o'z mevasini beradi.

    Aynan shuning uchun O'zbekiston davlat siyosatida yoshlarning barcha imkoniyatlari, qobiliyati va intilishlarini to'la ro'yobga chiqarish uchun qulay shart-sharoit yaratishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ular turli jabhalarda qo'llab-quvvatlanyapti, ilm olishidan tortib, o'z g'oyalarini amalga oishirishlari, kasb-hunar egallab, jamiyatda munosib o'rin egallashlari uchun yangi va samarali tizimlar ishga tushirilmoqda.

    Bugun Yangi O'zbekiston davlat va jamiyat boshqaruvida, qonun ijodkorligi jarayonida, umuman, barcha soha rivojida yoshlarning fikrlari hamda sa'y-harakatlari katta muhim ega. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati — 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi Qonun ekanida ham o'zgacha mazmun-mohiyat bor. Konstitutsiyamizning yangi loyihasida yoshlar huquqlariga alohida e'tibor qaratilayotgani, ularning huquq va qonuniy manfaatlari konstitutsiyaviy norma darajasida belgilanayotgani esa yigit-qizlarning yurtimiz taraqqiyotidagi o'rni nechog'liq yuqori ekanidan dalolat beradi.

    eng asosiysi, yoshlarning o'zi bu jarayonlarga befarq emas. Tengdoshlarim Bosh Qomusimiz loyihasini shakllantirish bosqichlarida ham faol ishtirok etganiga guvoh bo'ldim. Ular yurtimiz bo'ylab o'tkazilgan huquqiy targ'ibot tadbirlarida qatnashib, tengqurlarini, jamiki yoshlarni Konstitutsiya bilan kafolatlanayotgan imkoniyatlarimizni qo'llab-quvvatlashga chorladi. Amalga oshirilgan targ'ibot ishlari natijasida aholi tomonidan kelib tushgan 227 mingdan ziyod taklifdan 64 foizi yoshlarga tegishli bo'lgani ularning mazkur siyosiy jarayonga katta ma'suliyat bilan yondashayotganini namoyon etadi.

    Imkoniyatlar hamma uchun teng

    Mamlakatimiz aholisining 50 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Bu katta ulush bo'lib, mamlakat rivojidagi asosiy imkoniyatlardan biri sifatida baholanadi. Ya'ni, aksariyat davlatlarda tug'ilish ko'rsatkichi pasayib, aholining asosiy qatlamini katta yoshdagilar tashkil etayotgan bir vaqtda, bizdagi yoshlar ko'rsatkichi yuqori va ular katta kuch ekani qayd etiladi.

    So'nggi yillarda yurtimizning ana shu kuchini mustahkamlash, zamonaviy yoshlarning Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun ko'plab imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlarini himoya qilish, jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini rag'batlantirish mamlakat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Oxirgi yillardagi katta islohotlar buning yaqqol isboti.

    Xususan, atrofida turli jabhalarda faoliyat olib boruvchi yoshlarni birlashtiradigan Yoshlar ittifoqi tashkiloti, YOshlar ishlari agentligi va Yoshlar parlamentlari tuzildi. Yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi, “1093” qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla etakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati to'g'risida ma'lumot olish imkoniyatlari yaratildi.

    Yoshlar yetakchilari faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida yigit-qizlar murojaatlarini ko'rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam ko'rsatish 40 kundan 16 kunga qisqarishiga erishildi. Yetakchilar tavsiyasi asosida ko'rsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetdi. Bundan tashqari, yoshlarni talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb-hunarga masofaviy o'qitish maqsadida www.e-kasb.uz platformasi faoliyati yo'lga qo'yilib, ushbu platformada minglab yoshlar mazkur loyihani muvaffaqiyatli tamomlamoqda.

    Mamlakat taraqqiyoti, rivojlanish assolarini ilm-fansiz tasavvur etish qiyin. Ammo yoshlarga bilim berish barobarida, ularni malakali kadr sifatida tayyorlash uchun ko'plab jihatlarni qamrab olishga to'g'ri keladi. Shu bois, oxirgi yillarda nafaqat yoshlar ta'limi yoki ish bilan bandligi masalasida, balki ularning ma'naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy shakllanishi va kamol topishi uchun ham qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, mahallalardan iqtidorli yoshlarni saralash, ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishi hamda iste'dodlarini namoyon qilishlariga sharoit yaratish maqsadida 20 ta tanlov va musobaqalardan iborat 5 bosqichli (mahalla-sektor-tuman-viloyat-respublika) “Besh tashabbus olimpiadasi” yo'lga qo'yildi. Musobaqalar 2 mavsumda o'tkazilib, yoshlar ko'chalar kesimida qamrab olinmoqda.

    Bundan tashqari, yigit-qizlarni chet tillarini o'rganishga qiziqtirish, ularning intilishlarini rag'batlantirish maqsadida “Ibrat tillar oromgohi”, “Ibrat master klass”, “Ibrat media markazi”, “Ibrat quiz” loyihalari amalga oshirilmoqda. Xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha yuqori ball (daraja) to'plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to'liq qoplab berish tizimi ham yo'lga qo'yilgan.

    Qolaversa, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Oliy sud bilan tuzilgan memorandumga ko'ra, jinoyat sodir etgan va qilmishidan pushaymon bo'lgan adashgan yoshlarga “Yoshlar kafilligi” berilib, sud zalidan qamoq bilan bog'liq bo'lmagan jazo turini qo'llash orqali ozodlikka chiqishlari ta'minlanib, ularni sog'lom hayotga qaytarish choralari ko'rilyapti.

    Bugungi kunda ko'plab yoshlarimiz xalqaro maydonga chiqib, bilim olish barobarida, turli yo'nalishlarda o'z imkoniyatlarini ko'rsata olayotgani ham katta yutuqlarimizdan. Besh-olti yil oldin xorijga chiqadigan yigit-qizlarimiz soni sanoqli bo'lgan. Endi, istalgan yosh o'z imkoniyatini ishga solib, chet elga chiqishi mumkin, bu borada davlat ham ularni sezilarli qo'llamoqda. Hatto, mamlakatimiz yoshlarga oid davlat siyosatini o'z tashabbuslari bilan xalqaro maydonda izchil davom ettiryapti. Bu borada O'zbekistonni dunyo davlatlari orasida ildamlar qatorida, deyishimiz mumkin.

    Xususan, 2017-yilning 19-sentyabrida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib yoshlar huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi mexanizmni tashkil etishda BMTning “Yoshlar huquqlari to'g'risida”gi xalqaro Konventsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish g'oyasini ilgari surgani jahon yoshlari tomonidan ham iliq kutib olindi. 2021-yilda esa davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish taklifini bildirdi va bu yuqoridagi tashabbusning mantiqiy davomi bo'ldi.

    Shuningdek, Prezidentimizning faol tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo yoshlar forumi, ShHTga a'zo mamlakatlari Yoshlar Kengashining 15-yig'ilishi, ShHT mamlakatlari yoshlari o'rtasida eng yaxshi startap loyihasi tanlovi, Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi o'tkazilib, Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti, 2022-yil turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilindi.

    Bu tashabbuslar, avvalo, yurtimiz kelajak avlodining har tomonlama rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, jahon maydoniga chiqishi uchun barcha eshiklarni ochishga qaratilgani sir emas. Yigit-qizlarning davlat va jamiyatning barcha sohalarida ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo'yicha ko'plab engilliklar yaratilayotgani zamirida ham shu maqsadlar yotibdi. Mazkur islohotlar samarasida Yangi O'zbekiston zaminida yoshlarga xos yangi iqlim shakllanganiga guvoh bo'lyapmiz. Endilikda, ana shu imkoniyatlarni mustahkamlash va yoshlarning kelajagini kafolatlash maqsadida ularni Bosh Qomusimizda yagona normaga birlashtirish zarurati tug'ilmoqda.

    Berilayotgan kafolat — katta ishonch

    Yangilinayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilib, unda yigit-qizlar uchun maxsus moddalar, alohida normalar belgilanmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 79-moddadasiga muvofiq, davlat tomonidan yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta'minlash keltirilgan. Mazkur normani tahlil qiladigan bo'lsak, unda yoshlarning turli yo'nalishlar bo'yicha mavjud huquqlari kompleks qamrab olingani, ekologik huquqlar ham alohida huquq sifatida belgilanayotgani ko'rinadi. Bu o'sib kelayotgan avlodning sog'lom va barkamol voyaga etishiga sharoit yaratib beradi.

    Ushbu moddada yoshlarning huquqlarini ta'minlash bilan bir qatorda, ularni qo'llab-quvvatlash masalalari ham joy olgan. Davlat yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag'batlantirishi nazarda tutilmoqda. Ya'ni, bugungi kunda iqtidorli yigit-qizlarning faolligini qo'llab-quvvatlash yuzasidan tashkil etilayotgan ishlar endi qonuniy mustahkamlanadi va tizimli davom ettirilishiga kafolat beriladi.

    Shunnigdek, ushbu moddaga ko'ra, yoshlarning ma'naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ta'lim olishi, sog'lig'ini saqlashi, uy-joy olib, ishga joylashishi, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyatini davlat o'z zimmasiga olmoqda.

    Konstitutsiyada ona zaminimizda kamol topayotgan yigit-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda ularning jamiyatning barcha jabhalarida faol ishtirok etishiga shart-sharoit yaratilishi bilan bog'liq maxsus normalarning belgilanishi yoshlar mamlakati bo'lgan Yangi O'zbekistonga mos va xos norma hisoblanadi. Yangilanayotgan Bosh Qomusimizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi esa aholimizning 18 milliondan ortig'ini tashkil etuvchi vakillarini yanada ruhlantiradi, ertangi kuniga kafolat beradi. Bugungi va ertangi kun yoshlarining hayotda o'zini to'laqonli namoyon etish imkoniyatlarini ta'minlaydi.

    Shahnoza JOLDASOVA,

    Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining bo'lim boshlig'i, yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 25.04.23-y, 78-sonida e'lon qilindi)