Ayiq bilan mashgʻulot oʻtkazib, huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan bokschi Shahram Gʻiyosovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 111-moddasiga koʻra maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Maʼlumot uchun, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bokschi Shahram Gʻiyosov ayiq bilan mashgʻulot oʻtkazgani aks etgan video tarqalgan va bu keng jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab boʻlgan edi.
Holat Ekologiya vazirligi ekologik nazorat inspeksiyasi va IIV xodimlari tomonidan oʻrganilib, video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olindi. Shuningdek, ayiq Fargʻona hayvonot bogʻiga topshirildi.
Qolaversa, bokschi Shahram Gʻiyosov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga chaqirtirilib, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlish taqiqlangani tushuntirildi. Oʻz navbatida Shahram Gʻiyosov uzr soʻrab, oʻz xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini taʼkidladi.