Sharafga burkangan yoʻl

    Harbiylik kasbining sharafli ammo mashaqqatli, zafarli, masʼuliyatli yoʻllari, islohotlari, yangiliklari, yutuqlari haqida suhbatlashdik.

    Milliy armiyamizning bugungi zamonaviy qiyofasi, yuqori jangovar qobiliyati oʻz-oʻzidan shakllanib qolgan emas. Buning ortida ne-ne insonlarning fidoyiligi, vatanparvarligi, yurtsevarligi mujassam. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash raisi, isteʼfodagi polkovnik Abubakr Navroʻzov bilan suhbatlashar ekanmiz, harbiylik joʻmardlik, jonfidolik ekanini yanada teranroq anglaganday boʻldik. Biz Abubakr akaning mudofaa tizimida faoliyat yuritgan yillariga, erishgan yutuqlariga, chekkan zahmatlariga, olgan mukofotu ordenlariga toʻxtalmadik. Shunchaki, harbiylik kasbining sharafli ammo mashaqqatli, zafarli, masʼuliyatli yoʻllari, islohotlari, yangiliklari, yutuqlari haqida suhbatlashdik.

    — Abubakr Davlatovich, hayotingizning 35 yilini harbiylikka bagʻishlabsiz. Ayting-chi, harbiylik oʻzi nima? Bu kasbni egallagan va shu sohada faoliyat olib borayotgan Vatan himoyachisi aslida qanday boʻlishi kerak? Keksa faxriy sifatida yosh askarlarga nimalarni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

    — Vatan himoyasi — jangovar va ulugʻvor yumush. Harbiylar oʻtmishimiz, bugunimiz va buyuk kelajagimiz himoyachilaridir! Ular doimo ona Vatan uchun oʻzini qalqon biladi. Harbiylik, bu — yurtni himoya qilishga bagʻishlangan hayot. Harbiylar xizmat doirasida qayerga joʻnatilsa, oʻsha yerda yashaydi, kerak boʻlsa, aziz jonini yurt sarhadlarini himoya qilishga baxshida etadi. Harbiylik, bu — qahraton qishning achchiq ayoziyu yozning jazirama saratoni ostida togʻu tosh, dala-dashtlardagi mashaqqatli oʻquv-mashqlar. Shu bois, bu turmush tarziga har kimning ham bardosh berishi qiyin. Harbiylarning farzandi ota-onasini oylab, kerak boʻlsa, yillab koʻrmaydi.

    Oʻzini muqaddas zaminimizning haqiqiy posboni, deb bilgan, xalq osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishni maqsad qilgan har bir harbiy Vatan oldidagi jasorati va mardligi bilan barchaga ibrat boʻlishi lozim.

    Harbiylik mashaqqatini baland togʻning qoyasiga ming bir mashaqqat bilan chiqqan odamgina ozmi-koʻpmi his qila oladi. Harbiyning oʻz qasamyodiga sadoqati fidoyilik asosidir. Bir soʻz bilan aytganda, harbiylik, bu — sharafga burkangan shonli yoʻl!

    Istardikki, Oʻzbekiston deb atalmish qudratli mamlakat askarining azmu shijoatini koʻrgan kelajak avlodlar Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishni, Vatan himoyachilari qatorida boʻlishni oʻzining eng muqaddas ezgu niyati va orzusiga aylantirsin.

    — Oʻtgan besh yil Oʻzbekistonda tom maʼnoda milliy armiyamiz uchun ham tub burilish va yangilanishlar davri boʻldi, deya baralla ayta olamiz, shunday emasmi?

    — Albatta, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qoʻshinlarimizni har tomonlama rivojlantirish, jangovar shayligini yanada oshirish boʻyicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Milliy armiyamizning jangovar qudratini yuksaltirish maqsadida rivojlangan mamlakatlar armiyalarining ilgʻor tajribalari chuqur oʻrganilib, tahlil qilindi. Natijada harbiy okruglar qoʻshinlari jangovar tarkibi takomillashtirildi. Zamonaviy taktik usullar oʻzlashtirildi. Jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli oʻtkazish, yurt himoyachilariga munosib xizmat sharoitlarini yaratish maqsadida barcha poligon va harbiy shaharchalar yangidan barpo etildi.

    Xususan, “Chirchiq” poligoni hududida barpo etilgan Modellashtirish va simulyatsiya dala-oʻquv markazi harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Umuman olganda, har yili takror oʻtkaziladigan mashgʻulotlarga chek qoʻyilib, amaliy mashgʻulotlar sifati va soni oshdi.

    Bugun yangilanib, kundan-kunga zamonaviy qiyofa kasb etayotgan milliy armiyamizda harbiy bilimlar bilan amaliy mashgʻulotlar uygʻunligini taʼminlash ham ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Mudofaa vazirligi tizimida kuzatilayotgan oʻzgarishlardan yana biri — harbiy xizmatchilar va ularning oila ­aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratildi. Natijada yurt posbonlarining xizmat va yashash sharoitlari yaxshilandi. Jumladan, Vatan posbonlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari asosida 224 ta koʻp qavatli uy qurilib, jami 7225 xonadon yurt himoyachilariga topshirildi. Shuningdek, 3765 harbiy xizmatchining farzandlari mamlakatimizdagi oliy harbiy va oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda qoʻshimcha imtiyoz beruvchi tavsiyanomalarga ega boʻldi. Bu ezgu va xayrli ishlarni yurtimizning barcha hududlarida ham koʻrishimiz mumkin.

    Buxoro viloyatidagi tabiiy ofatlar, Sirdaryo viloyatidagi texnogen holat oqibatlarini bartaraf etishda ham harbiy xizmatchilar xalqimiz joniga oro kirdi. Qolaversa, harbiylar tomonidan aholining qiynalgan qatlamiga ham muntazam ravishda moddiy va maʼnaviy koʻmak berib kelinmoqda.

    — Sohadagi faoliyatingizdan ortib, oilangizga roʻzgʻorboshi, farzandlaringizga ota, nevaralaringizga bobo sifatida qanday vaqt ajrata olgansiz?

    — Hayotimning koʻp yili Germaniya, Slovakiya, Shvetsiya, AQSH, Polsha, Belarus, Qirgʻiziston, Tojikistonda xizmat safarlarida oʻtgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida ham faoliyat olib borganman. Mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasida turli vazifalardagi faoliyatim oila va farzandlarimga atalgan vaqtimning nechogʻliq tigʻizligidan darak bersa-da, oʻz kasbimni sevib, ardoqlaganimdan, taqdirimdan, Vatan himoyachisi, degan sharafimdan behad baxtiyorman.

    Toʻgʻri, koʻpincha farzandlar va nevaralar tarbiyasiga yetarlicha vaqt topilmagan. Shunda turmush oʻrtogʻim hamisha yelkadoshim boʻlib kelgan. Harbiylar orasidagi “Agar sen podpolkovnik boʻlsang, rafiqang polkovnikdir”, degan ibora zamirida ham ulkan maʼno bor. Umrimizning bezagi, hayotimizning goʻzal neʼmati boʻlgan ayollarimiz, qizlarimiz, singillarimiz harbiylarning ajralmas qismi hisoblanadi. Boisi, ular bizning borligʻimizni toʻldirib keladi. Lekin har qanday vaziyatda ham farzandlarim va nevaralarim uchun, albatta, vaqt topishga harakat qilganman. Aytishadi-ku, izlagan imkon topadi, deb.

    — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengashning asosiy vazifasi nimalardan iborat? Shu kengash raisi sifatida yurtimizda harbiylarga, jumladan, faxriy harbiylarga koʻrsatilayotgan eʼtibor haqida fikrlaringizni ham aytib oʻtsangiz.

    — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev gʻamxoʻrligi ostida harbiylarga, xususan, faxriy harbiylarga bir qator imtiyozlar berildi. Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha kengashlar mustaqil fikrlaydigan, imon-eʼtiqodi va irodasi mustahkam, maʼnaviyati yuksak, har qanday sharoitda Vatan mudofaasiga shay yoshlarni, harbiy xizmatchilarni tarbiyalash, ularda mamlakatimiz va jahonda roʻy berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish koʻnikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish borasidagi tizimli ishlarni amalga oshiradi.

    Harbiylarimizning keksa avlod vakillariga boʻlgan eʼtibori, ularni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashi hamisha va har doim Prezidentimiz diqqat markazida turibdi.

    Harbiy xizmat majburiyatini bajarish chogʻida halok boʻlgan, yarador boʻlgan, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron boʻlib qolgan harbiylarning farzandlari oliy harbiy taʼlim muassasalariga belgilangan qabul kvotasidan tashqari tanlovsiz oʻqishga kirish huquqiga ega. Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha hududiy kengashlari raisi va aʼzolari doimiy tarzda harbiy pensionerlarning qabulini tashkil etib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokimiyatlar bilan birgalikda amaliy choralar koʻrmoqda. Nogiron faxriylar, boquvchisini yoʻqotgan oilalardan xabar olinib, ularga maʼnaviy va moddiy yordam koʻrsatib kelinmoqda.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiy pensionerlarni ishga qabul qilish orqali, ularni yoshlarimizni vatanparvarlik, yurtga sodiqlik ruhida tarbiyalash jarayoniga yanada keng jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Umuman olganda, tizimdagi islohotlar nafaqat sohadagi xizmat qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, balki harbiy sohaning nufuzini oshirishni ham koʻzlaydi. Bu sohaga yetuk kadrlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

    — Faxriylarning yurtimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual salohiyatini yanada oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlar va ular bilan hamkorlikdagi faoliyatingiz ham oʻquvchilarimiz uchun qiziq deb oʻylayman.

    — Mudofaa vaziri rahbarligida Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash ishini isloh qilish jarayonida, kelajak avlodda vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy, axloqiy-ruhiy va kasbiy sifatlarni yanada rivojlantirish, “Ustoz-shogird” anʼanasini saqlash va takomillashtirish vazirlik tasarrufidagi harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalarga yordam berish asosiy vazifalarimizdandir. Barcha darajadagi taʼlim muassasalari, mahallalarda kamol topayotgan yoshlarni milliy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda Vatan taqdiri uchun daxldorlik hissini kuchaytirish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylangan.

    Mudofaa vazirligi faxriylari bir vaqtlar tajribada boʻlgan harbiy faxriylarning maktablarga ommaviy tashrifini qayta tikladi hamda bugungi kunda ushbu harakatimiz yurtimiz jamoatchiligi orasida “Mudofaa vazirligi faxriylari harakati”, degan nom oldi.

    Oʻtgan 3 yil davomida faxriylarimizning umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda masʼul lavozimlarda faoliyat boshlashi taʼlim maskanlaridagi maʼnaviy-ruhiy vaziyat keskin ijobiy tomonga oʻzgarishiga olib kelayotgani alohida qayd etilmoqda.

    Faxriylarimiz harbiy qismlarda ham “Ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etib kelayotgani tahsinga sazovor.

    — Ha, harbiylarimiz bor ekan, jannatmonand diyorimiz tinch, osmonimiz musaffo. Ayniqsa, bu borada siz kabi nuroniylar oʻgitiga, tajribasiga tayanish katta maʼnaviy ozuqa beradi. Ayting-chi, harbiylik sizga nima berdi?

    — Yuqorida taʼkidlab oʻtganimdek, bu olamda shunday bir sharafli va yuksak kasb bor — ona Vatanni himoya qilish! Mening oʻn yetti yoshimdan boshlab hozirgacha boʻlgan yillar davomida topganim, eng katta xazinam hech qanday duru javohir bilan oʻlchab boʻlmaydigan nodir va noyob boyligim bu — mening kasbim! Oʻzbekiston deb atalmish hur va ozod oʻlkamning faxriy himoyachisiman, faxriy polkovnigiman. Yillar davomida oʻz kasbimga sadoqat va hurmat bilan yondashib xizmat qildim. Bundan gʻururlanaman. Oʻtgan hayotimga boqar ekanman, taqdir peshonamga Vatan himoyachisi degan nom bitgani uchun, oʻtgan har bir kunim, yillarim uchun Allohimga beadad shukronalar keltiraman!

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri