Bolaligimizda koʻklamning ilk nishonalari — siyrak tortgan qor qoʻynidan qimtinibgina boʻy choʻzayotgan oq, sariq boychechaklarni uzib, suyunchi soʻrab yugurganimizda bobo-buvilarimiz har gal yuz-koʻziga surtib takrorlaydigan aytim edi bu. Biz — bolalar u damda, ehtimol, kattalarning shu kabi bir-biridan qiziq, allaqanday sirli soʻzlari, qoʻshiqlariga, goʻyoki shak-shubhasiz qilinishi lozim boʻlgan muqaddas amrdek bajariladigan xatti- harakatlariga, ularning mazmun-mohiyatiga tushunmagan, anglamagandirmiz. Lekin savqi tabiiy ravishda barchasining tabiat bilan qandaydir uygʻunligini sezar, ularga taqlidan tushunib-tushunmay takrorlab yurardik oʻsha aytimlarni, benihoya tabiiy qabul qilardik.

Umuman, qishning sovuq nafasi asta-se­kin chekinib, tabiatda kechadigan oʻzgarish­lar, yashillanish insonlar qalbiga ham oʻzgacha taʼsir etadi, goʻyo uzoq oʻtmishdan kelayotgan, tuproq hidiga qorishib ketgan qadimiy bir ohang keza boshlaydi tomirlarimizda. Bahor bilan insonlarning asrlar davomida toʻp­langan ruhiy tajribasi, umid va tilaklari, qoʻshiqlariga singib ketgan yashovchan xotira­si ham qayta uygʻongandek boʻladi.

Mavsumiy marosimlar ana shu xotiraning eng qadimiy qatlamlaridan biridir. Yil fasllari almashgani sayin inson ham tabiat bilan birga yashashni, uning havosi bilan nafas olishni oʻrgangan. Dunyoda biror xalq yoʻqki, turli munosabatlar bilan ommaviy bayramlar nishonlanmasin. Bayramlar butun xalq tayyorgarligi bilan oʻtkaziladi. Katta shodiyonalar rejalashtiriladi. Maxsus taom­lar pishiriladi, bayram liboslari tikila­di, oʻyin-kulgilar, sayillar, tomoshalar, musobaqalar uyushtiriladi. Shuning uchun milliy bayramlar tizimida xalq tarixi, milliy xususiyatlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin.

Mazkur tasavvurlarni oilaviy, muayyan hudud aholisi oʻrtasidagi marosimlar, qo­laversa, milliy urf-odatlar toʻldiradi, mukammallashtiradi. Demak, urf-odat, anʼ­analar negizida xalqning tarixiy oʻzligi yashab, avloddan avlodga oʻtib kelar ekan, ularga bot-bot qaytaverishimizda ham ichki bir ruhiy ehtiyoj boʻlsa, ne ajab. Ayni maʼ­noda, xalqimizning bir necha ming yillik oʻtmish xotirasini oʻzida jo etgan Navroʻz tantanasi arafasida ushbu bayram bilan, koʻklam bilan bogʻliq mavsumiy marosimlar haqida yana bir bor soʻz yuritishning, oʻylay­mizki, ayni vaqti.

Bahoriy marosimlar folklori xalq madaniyatining ayniqsa boy va rang-barang qatlamlaridan biridir. Bu marosimlar ora­sida “Boychechak xabari” yoki boychechak sayli, “Qozon toʻldi”, Navroʻz sayli, sumalak sayli, lola sayli, “Guli surx” yoki qizil gul sayli, “Shox moylar”, shuningdek, yomgʻir yogʻdirish yoki uni toʻxtatish bilan bogʻliq marosim aytimlari alohida oʻrin egallaydi. “Sust xotin”, “Soʻz xotin”, “Chayla qozoq” kabi marosimlar xalqning tabiat bilan bogʻliq tasavvurlari, ob-havo hodisalarini ramziy tarzda anglashga boʻlgan urinishlarini aks ettiradi. Bularning barchasi xalqning qadi­miy dunyoqarashi, mifologik tasavvurlari va tabiat bilan uygʻun hayot tarzining badiiy ifodasidir.

Jumladan, yurtimiz hududida anʼana­viy tarzda oʻtkazib kelingan gul sayillari orasida eng qadimiy va keng tarqalgan ma­rosimlardan biri “Boychechak xabari”dir. Bu marosim tarixan magik xarakterga ega boʻlgan qadimiy udumlardan biri sifatida Navroʻz arafasidagi shodiyonalar qatorida oʻtkazilgan. Baʼzi hududlarda bolalar bir dasta boychechakni uzun yogʻochning uchiga bogʻ­lab, uni baland koʻtarib, qishloq koʻchalari­ni aylangan:

Adirlar toʻla chechak,

Biz keldik ucha-ucha,

Boychechagim-boychechak,

Kutib oling, hoy chechak…

Mazkur odat orqali bahorning kelgani, qishning ortga chekingani ramziy tarzda eʼlon qilingan. Qadimiy boychechak marosim­larida qish va koʻklam kurashini ifodalovchi sahnalar ham mavjud boʻlgan. Unda qish va yoz timsollari ramziy jang qilib, aytim-qoʻ­shiqlar orqali bahslashgan. Bu sahnalarda tabiatdagi fasllar almashinuvi xalqona ta­savvurlar vositasida jonlantirilgan. Ma­rosim davomida odamlar Navroʻzga sogʻ-omon yetib kelgani uchun shukrona aytib, bir-bir­lariga ezgu tilaklar bildirgan.

Xalq tafakkurining betakror moʻjiza­laridan biri boʻlgan Navroʻz bayrami ana shu bahoriy marosimlar tizimining eng ulugʻi sifatida zamonlar osha yashab kel­moqda. Tabiat va jamiyatdagi yangilanishni oʻzida mujassam etgan bu bayram xalqning dunyoqarashi, turmush tarzi, milliy anʼa­nalari va badiiy tafakkurining eng muhim yutuqlaridan oziqlanib, asrlar davomida boyib, takomillashib borgan. Ayni davrda nafaqat tabiat, balki inson qalbi ham yan­gilanadi, yasharadi. Shu bois, Navroʻz sayil­lari xalq qalbiga quvonch, mehr-oqibat va ezgu umidlar baxsh etadigan hayotbaxsh sho­diyona sifatida qadrlanadi. Uning mazmuni va tuzilishida ajdodlarimizning qadimgi mifologik tasavvurlari bilan birga za­mondoshlarimizning qarashlari ham mujas­sam boʻlib, keng maʼnaviy qatlamni oʻzida jamlagan.

Bayram kunlari xalq oʻyinlari, koʻpkari, kurash, argʻimchoq uchish, varrak uchirish kabi qadimiy anʼanalar yana jonlanadi. Folk­lor-etnografik jamoalar, lapar va oʻlan ij­rochilari, hunarmandlar koʻrik-tanlovlari, askiyachilar bellashuvlari bayram kayfiyatini yanada boyitadi. Mahallalar obodonchiligi, oilalar farovonligi, mehr-oqibatni targʻib etuvchi turli tanlovlar esa Navroʻz sayillari­ning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Navroʻz bayramini sumalaksiz tasavvur qilish qiyin. Qadimdan xalqimiz ushbu sho­diyonaga tayyorgarlikni maysa undirish va sumalak pishirishdan boshlagan. Ajdodlari­miz Navroʻz oqshomida katta qozonlarda suma­lak qaynatib, yangi yil barakali va serhosil boʻlishiga umid bogʻlagan. Sumalak pishiri­layotgan davrada onaxonlar qadimiy qoʻshiq­lar, bayt va gʻazallar kuylab, bayram fayziga yanada fayz qoʻshgan.

Sumalak bilan bogʻliq marosimlar ora­sida Amudaryo boʻylarida keng tarqalgan “Ashshadarozi” marosimi alohida eʼti­borga molik. Mazkur marosim Xorazm xalq teatrining qadimiy anʼanalarini oʻrganish jarayonida aniqlangan. Sumalak pishiri­layotgan paytda uzun tayoqdan yasalgan qoʻgʻir­choq — Ashshadarozi sahnaga olib chiqilgan. Unga ayol koʻylagi kiygizilib, bosh qismiga roʻmol oʻralgan, boshiga doʻppi qoʻyilgan hol­da kelinchak timsolida bezatilgan. Ashshada­rozini koʻtargan ayol davraga kirib kelganda aytishuv va qoʻshiqlar boshlanib, marosim oʻziga xos xalq tomoshasiga aylangan. Er­kakcha kiyingan ayol bilan Ashshadarozining aytishuvi, qoʻshiqlari davra ahliga quvonch bagʻishlagan.

Marosimlarning tub mohiyatida xalqning qadimiy mifologik tasavvurlari, qish va yoz kurashi, tabiatdagi hayot aylanishi haqidagi qarashlarini ilgʻash qiyin emas. Masalan, xalqimizning bahor fasliga bogʻlangan ma­rosimlari orasida qadimdan yashab kelayot­gan anʼanalardan biri — halinchak uchish marosimini aytish mumkin. U bahorning quvonchli kayfiyati bilan uygʻunlashgan xalq sayillarining ajralmas qismi sanaladi. Bayram kunlari, ayniqsa, Navroʻz arafasida yoki sayillar davomida qiz-juvonlar bir joyga toʻplanib, bogʻ-rogʻlarga sayrga chiqqan. Daraxtlar, ayniqsa, azim oʻriklarning mus­tahkam shoxlariga arqon tashlab, ulardan ar­gʻimchoq — halinchaklar yasashgan. Bahorning iliq shabadasi, atrofni qoplagan gul hidla­ri, qushlarning sayrashi orasida hamma nav­bati bilan argʻimchoq uchgan.

Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida yashagan Yaxshigul momo Mulla Niyozberdi qizining eslashicha, bu marosimga oddiy oʻyin sifatida qaralmagan. Xalq orasida shunday eʼtiqod mavjud boʻlgan: kim Navroʻz kunlari argʻimchoq uchsa, yil davomida bi­lib-bilmay qilgan gunohlari goʻyo shu uchish bilan toʻkilib ketadi, inson ruhiy jihat­dan yengillik topadi. Shu sababli keksa mo­molar ham yoshlar bilan birga hazil-huzul aralash argʻimchoqqa chiqqan. Ular “Argʻim­choq uchsak savob boʻladi, ogʻirligimiz yerga toʻkiladi, qushdek yengil boʻlamiz”, deb ku­lishib, bahoriy shodiyonaga oʻzgacha fayz ba­gʻishlagan. Nabiralar esa bu manzarani zavq bilan kuzatib, momolarimizning yoshiga yetaylik degan niyatda argʻimchoq iplarini tutib, halinchakni harakatlantirib tur­gan. Shu tariqa bir qarashda oddiy oʻyindek koʻringan marosim, aslida, avlodlar oʻrta­sidagi ruhiy yaqinlikni mustahkamlagan, bahorning quvonchli ruhini birgalikda his etishga xizmat qilgan.

Navroʻz bayrami bilan bogʻliq marosim­lar tizimida alohida oʻrin tutadigan sa­yillardan yana biri — “Qizil gul sayli”. U qadimiy agrar eʼtiqodlar va hosildor­lik gʻoyalarini aks ettiradigan umumxalq bayramlaridan. Bahor kelib, qizil gullar ochila boshlagan paytda xalq sayilga chiqib, tabiatning yasharishi va hosilning baraka­li boʻlishini nishonlagan. Sayil oʻziga xos qoʻshiqlar tizimiga ega boʻlib, unda xalq qoʻ­shiqchilik sanʼati, raqs, oʻyin folklori, xalq teatri unsurlari, hunarmandlik namo­yishlari, turli urf-odat va marosimlar mu­jassam boʻlgan. Shu bois, bu sayil nafaqat tabiat yangilanishini nishonlash, shu bilan birga, xalqning badiiy didi va ijodiy sa­lohiyatini namoyon etuvchi katta madaniy ho­disa hamdir.

Shu maʼnoda, folklorga, xususan, baho­riy aytimlarga ham faqat oʻtmishdan qolgan esdalik oʻlaroq qarash, baho berish notoʻgʻri boʻlardi. Ular, hech shubhasiz, bugungi inson uchun zarur boʻlgan ichki tayanchlardan biri­dir. Marosimlar, xalq qoʻshiqlari odamlar­ni gʻayrishuuriy ravishda birlashtiradi. Kim ijro etishidan, kim tinglovchi ekanidan qatʼi nazar, hamma bir xil tuygʻuni boshdan kechiradi. Shu orqali millat oʻzining teran ildizlariga qaytadi, oʻzini, oʻzligini qayta anglaydi. Bugun ularni unutishga, eskilik sarqitidek munosabatda boʻlishga mutlaqo haqqimiz yoʻq. Zotan, suvni muqaddas bilib ulgʻaygan bola unga hech qachon chiqindi tash­lamaganidek, ajdodlarning madaniy va maʼ­naviy merosidan yaxshi xabardor inson ham aslida kim ekanini aslo unutmaydi.

Asliddin ABDURAZZOQOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri