Sharqshunoslar Navoiy ruhini shod etish yo'lida

    Ma'lumki, joriy yilda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi. Ulug' allomaning boy ma'naviy merosini o'rganish, asarlari mohiyatini yosh avlodga etkazish borasida joylarda qator ezgu ishlar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universitetida ham Alisher Navoiy ijodi keng targʻib etilib, talabalar shoirning noyob asarlaridan maʼnaviy ozuqa olishlariga imkon yaratilyapti.

    Alohida aytish joizki, soʻnggi besh yil davomida Universitetda Navoiyshunoslikka oid qator kitoblar nashr etildi, xalqaro konferensiyalar oʻtkazilib kelinyapti. Jumladan, 2016-yilda “Xamsa” dostonlarining konkordanslari, M.Imomnazrov muallifligida “Navoiyshunoslikka kirish”, 2017-yilda A.Quronbekov va M.Imomnazarov tomonidan “Xamsa” dostonlarining sanama soʻzligi hamda A.Quronbekovning “Xamsa” ummonidan qatralar” nomli kitoblari dunyo yuzini koʻrdi.

    Shuningdek, 2018-yilda “Muhokamatu-l-lugʻatayn” nomli nashr Q.Sodiqov talqini va tabdili ostida, 2019-2020-yillarda A.Navoiy gʻazallari ingliz tilidagi tarjimalarining I-II jildlari, “Navoiy “Xamsa”sidagi maʼnolar xazinalari”, A.Navoiy gʻazallarining sharh va izohlaridan iborat “Gʻaroyib-us-sigʻar” nashrlari kitobxonlarga taqdim qilindi.

    Joriy yilda esa professor M.Imomnazarovning “XXI asr. Alisher Navoiy lirik merosi matnshunosligi muammolari”, “Hayrat ul-abrorda inson siymosi va maʼnaviy dunyosi”, M.Poʻlatovaning “Sharq mumtoz adabiyotida “Arbaʼin” yozish anʼanalari, A.Madraimovning “Navoiy asarlari qoʻlyozmalari”, 18 tilga tarjima qilingan “Navoiy hikmatlari” kitoblari nashr etildi.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universiteti jamoasi Alisher Navoiydek bemisl ijod sohibi tavalludining keng nishonlanishiga munosib hissa qoʻshish maqsadida tinimsiz izlanishda.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri