Shaxmat boʻyicha bir nechta xalqaro turnirlar oʻtkaziladi

    Sport 15 Yanvar 2021 2994

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvarda “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori imzolandi.

    Unga koʻra, 2025-yilga qadar shaxmat bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini 3 foizga yetkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta shaxmat maktablari va klublari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida shaxmat bilan shugʻullanayotgan bolalar qamrovini 10 500 ga yetkazish, mamlakatimizning Xalqaro shaxmat federatsiyasidagi (FIDE) reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash va 2025-yilda birinchi 10 talikka kirishiga erishish kabi vazifalar qoʻyilgan.

    Shuningdek, 2021-yildan boshlab har yili:

    umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Shaxmat oyligi” tashkil etiladi;

    maktab oʻquvchilari oʻrtasida shaxmat boʻyicha jamoaviy “Shohruh” turniri tashkil etiladi;

    maktab oʻquvchilari va “Jismoniy tarbiya” fani oʻqituvchilari oʻrtasida shaxmat boʻyicha respublika birinchiligi oʻtkaziladi;

    iyun–avgust oylari davomida mahalla bolalari oʻrtasida “Mahalla kubogi” shaxmat musobaqalari tashkil etiladi;

    may–iyul oylari davomida mahalla oilalari oʻrtasida “Shaxmatchi oila” turniri oʻtkaziladi;

    ikki marotaba vazirlik, idora va tashkilotlarda xodimlar oʻrtasida “Shaxmat kunlari” oʻtkaziladi.

    2021-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda quyidagi turnirlar oʻtkaziladi:

    Toshkent shahrida Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri;
    Oʻzbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.T. Agzamov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir;
    shaxmat boʻyicha XVII Jahon chempioni R.M. Qosimjonov xalqaro turniri;
    Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turniri;
    Xiva shahrida “Al-Beruniy” xalqaro shaxmat turniri;
    Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi”.

    Qarorga koʻra, shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga koʻmak berish maqsadida Oʻzbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filialida shaxmat boʻyicha taʼlim yoʻnalishi ochiladi.

    Shuningdek, Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi.