Tadbirga Shaxmat boʻyicha Jahon, Osiyo va Oʻzbekiston chempionlarining ustozi, oliy toifali murabbiy, “Shuhrat” ordeni sovrindori Ravshan Shukurov taklif etildi. Mahorat darsida fakultet professor-oʻqituvchilari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar qatnashdilar.
Tadbirning ochilish marosimida universitetning Yoshlar masalalari hamda maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori M.U.Atamuratov Amir Temur bobomiz ham shaxmatga faqatgina vaqtini xush oʻtkazish maqsadida emas, balki, bugungi tilimiz bilan aytganda, taktik nazariy bilim olish vositasi sifatida ham qaraganligi, oʻzi bilan birga boshqalarni ham shaxmat oʻynashga daʼvat qilganligi, Temuriylar saroyidagi bu anʼana yillar oʻtib Alisher Navoiy hazratlari davrida ham davom etganligi xususida toʻxtaldi. Oʻzbek adabiyotining bebaho asarlaridan biri boʻlgan “Boburnoma”da Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz Alisher Navoiyning uyida oʻz davrining mashhur shoirlari, sanʼatkorlari tez-tez yigʻilib turganligi, ular mushoiralar, ijodiy kechalar tashkil qilish bilan bir qatorda, shaxmat bilan ham shugʻullanganligini yozib qoldirganligi haqida gapirdi.
Oliy toifali Murabbiy Ravshan Shukurov shaxmat-shunchaki oʻyin emas, balki, bu vaqt oʻtkazishning maʼlum darajada badiiylik va ilmiylikka asoslangan intellektual foydali usuli ekanligi, jismoniy mukammallik uchun sport qanchalik muhim boʻlsa, aqliy salohiyat uchun shaxmat shunchalik muhimligi, u insonlarga xos boʻlgan alohida xususiyatlarni rivojlantirish va aqlni mashq qildirishning qiziqarli hamda qulay yoʻli ekanligi xususida toʻxtaldi. Hozirgi kunda Besh muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi ijrosi boʻyicha yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilish maqsadida sportning shaxmat va shashka turlari boʻyicha ham musobaqalar tashkillashtirilayotganligi, sport tadbirlarida faol qatnashgan va gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yoshlar munosib taqdirlanayotganligi ushbu sport turining ixlosmandlari kun sayin ortib borayotganligidan dalolatdir,— deya taʼkidlab oʻtdi ustoz. — Shogirdim, Nodirbek Abdusattorov 2004-yil 18-sentyabrda ziyoli oilada tugʻilgan. Bu kamtarin yigit kelajakda shaxmat bilan shugʻullanishda davom etadi.
R. Shukurov 2017-yil Nodirbek Abdusattorov 13 yosh 1 oy va 11 kunligida xalqaro turnirda gʻolib chiqib, shaxmat tarixida ikkinchi eng yosh grossmeystrga aylanganligi, NFIDE unga 2018-yilning aprel oyida unvon berganligi, yaqinda Varshavada boʻlib oʻtgan jahon chempionatidan chempionlik bilan qaytgan Nodirbek Abdusattorovga “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 250 million soʻm mukofot puli hamda Toshkent shahridan 2 xonali uy kaliti topshirilganligini kuchli hayajon va faxr bilan gapirdi.
Baxromjon Ibragimov,
TDTU Mashinasozlik fakulteti
Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan muovini.