2021-yilda mamlakatimiz oʻz mustaqilligining 30 yilligini nishonlagan boʻlsa, Hindistonning istiqlolga erishganiga 75 yil toʻldi. Maqolani ikki davlatning mustaqillik sanalari bilan boshlaganimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishganimizdan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yangicha tus oldi, jadal rivojlandi.
Hindiston mustaqilligimizni birinchilardan boʻlib tan olgan davlat hisoblanadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik aloqalar yoʻlga qoʻyilishi esa, 1992-yilning 18-martida Toshkentda imzolangan bayonnoma bilan bogʻliq. Hindistonda oʻsha yili ochilgan Oʻzbekiston Respublikasi Konsulxonasi 1994-yilda elchixonaga aylantirildi. Oʻz navbatida, 1988-yil avgust oyida poytaxtimizda ochilgan Hindiston Bosh konsulligi ham 1992-yilda elchixona maqomini oldi.
Oʻzbek-hind munosabatlari qadimdan doʻstonalik kasb etib keladi. Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida hind xalqi tabiati, tarixi, falsafiy va diniy qarashlari, shuningdek, turmush tarzi haqida yozib qoldirgan. Buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari ham bu azaliy rishtalar tarixini ochib berishda qimmatli manba hisoblanadi.
— Mamlakatlarimiz madaniyati bir-biriga gʻoyat oʻxshash, XV-XVI asrlarda koʻplab oʻzbeklar Hindistonga borib, yurtimizda qolib ketishgan, — deydi ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchixonasi qoshidagi Hind madaniyat markazi rahbari professor Chandra Shekxar. — Har yili madaniyat markazimiz tashkil topgan sanani keng nishonlaymiz. U 25 yoshga toʻlganida Hindiston madaniy aloqalar kengashi raisi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif chogʻida juda koʻp mahalliy vazirlar bilan oʻzaro muzokaralar olib bordi. Bu, albatta, Oʻzbekiston hukumatining Hindistonga boʻlgan yuksak hurmatidan dalolat. Qolaversa, oʻzbek doʻstlarimiz juda mehmondoʻst va insoniy qadriyatlarni gʻoyat eʼzozlaydigan xalq. Bu ularning nihoyatda tarbiyali va madaniyatli ekanini anglatadi. Butun mamlakat tinchlikka, sevgiga, oʻzaro muhabbatga ishonadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa, tashqi siyosatda dunyodagi barcha mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni odilon yoʻl hisoblaydi. Oʻzbekistonda dunyo xalqlari, jumladan, hind adabiyoti, madaniyati va sanʼati ham juda qadrlanadi, targʻib qilinadi. Bular bari davlatning yuksak insonparvarlik siyosatidan darak beradi.
Hind madaniyat markazi rahbarining gaplarida jon bor. Darhaqiqat, yurtdoshlarimiz orasida Hindistonga borib kelganlar talaygina. Albatta inson qaysi mamlakatga qay bir sabab bilan bormasin, tabiiy ravishda oʻsha joyning urf-odati, madaniyatiga guvoh boʻladi, ayrim jihatlardan hayratlanadi, oʻrni kelganda quvonadi, oʻrganadi.
Laʼl Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyat markazida boʻlganimizda, oʻzbekistonlik talaba qizlar, ayollar hind kuy-qoʻshiqlari, raqslarini oʻrganayotganiga guvoh boʻldik. Markazda bundan tashqari yoga mashgʻulotlari, tabla, hind tili darslari ham muntazam olib borilar ekan. Xususan, yoga mashgʻulotlariga qatnashish borasida talabalar uchun qulaylik shuki, bunda vaqt katta ahamiyatga ega emas. Aks holda yogadan ertalab, tushda, kechqurungi vaqtda shugʻullanilsa ham bir xil samaraga erishilmasdi. U bilan doimiy ravishda shugʻullanish esa, ichki organlarni mashq qildirishga yordam berishi bilan ahamiyatli. Yoga, shuningdek, ovqat hazm boʻlishini yaxshilashi, organizmdan toksinlar chiqib ketishini kuchaytirishi bilan ham sogʻlomlashtirish boʻyicha noyob tizim hisoblanadi. Eng muhimi, yoga — sogʻlom turmush tarzini yuritishga yordam beradi. Shuningdek, uning inson ruhiyatida ham oʻz oʻrni borki, u oʻz ichki dunyongizga kirish va oʻzingizni yaxshi anglab yetishda muhim omil boʻladi. Ayniqsa, tushkunlikdan chiqish, xotirjam va mulohazali boʻlishda undan foydalanish yaxshi natija beradi. Shu maʼnoda oʻtgan yilning iyun oyida madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda bir haftalik onlayn kurslar oʻtkazilgani bejiz emas.
Oʻzbekiston davlat Konservatoriyasi va Toshkent dizayn texnologiya kollejida tashkil qilingan kurslarga Ahmadoboddagi eng mashhur musiqachi Sunira Kasliva ham jalb etildi. Uning musiqa asboblari yuzasidan oʻtgan mahorat darslari, kuylab bergan qoʻshiqlari oʻzbek talabalarida hind madaniyatiga qiziqishni yanada oshirgani aniq. Shuningdek, oʻzbek dizaynerlari, musiqachilari, rassomlari ham mahorat darslaridan koʻplab maʼlumotlar olish barobarida, oʻzaro tajriba ham almashdilar. Shuni ham aytib oʻtish joizki, Sunira Kasliva Oʻzbekistonga 2005-yilda ham tashrif buyurgan.
Bugun Hindiston bilan nafaqat madaniy sohada, balki ilmiy sohada ham faol hamkorlik olib borilyapti. Buni Hind madaniyat markazining yurtimiz oliygohlari bilan ilmiy hamkorligi koʻlami tobora ortib borayotganida koʻrish mumkin. Xususan, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti bilan doimiy aloqalar oʻrnatilgan. Universitetda alohida Mahatma Gandi markazi, 5 ta fakultet ochilgan. 1961-yilda universitetning taniqli oʻqituvchilari Toshmirza Xolmirzayev va Surʼat Mirqosimov Hindistonda tahsil olishgan. Surʼat Mirqosimov Oʻzbekistonning Hindistondagi birinchi elchisi boʻlgan. Hozirda ikkisi ham universitetda faoliyat olib borishadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ilmiy aloqalarga alohida eʼtibor berilayotgani ikki davlat rahbarlarining toʻgʻri siyosat yuritayotganini bugun ilmiy natijalar koʻrsatib turibdi. Bu boradagi hamkorlik Toshkentda Hindistondagi Amiti va Andijonda Sharda universitetlari filiali ochilishi bilan yangi bosqichga koʻtarildi. Toshkentda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki ish boshladi.
Hindistonda ham oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganishga boʻlgan qiziqish yuqori ekani Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi koʻmagida Jamiya Milliya Islomiya universitetida oʻzbek tili va madaniyati boʻlimi ochilganida oʻz aksini topdi. Dehlida Hindiston – Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati faoliyati qayta tiklandi.
IT, kompyuter sohasi ancha rivojlangani uchun Hindistonga borgan oʻzbek talabalarining kelajakda Oʻzbekistonga kelib, zamon talablariga mos, yangicha uslublarda faoliyat olib borishi hammamizni quvontiradi, albatta. Ayi paytda tashabbus bilan chiqqan Samarqand va Buxoro davlat universitetlarida ham hind tili oʻqitilyapti. Grant asosida oʻzbek talabalarini Hindistonga bepul bilim olishga yuborish 1991-yildan buyon muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Mustaqillikdan avval ham sharq olimlari hind tilini oʻrganish uchun Hindistonga borib, tadqiqotlar oʻtkazishgan. Hozirda 2000 ga yaqin oʻzbek talabasi ushbu mamlakatda tahsil olyapti.
— Biz joylardagi, asosan, oliygohlarda ochilgan filiallarimizga koʻmaklashamiz, ular esa, mustaqil faoliyat yuritishadi, — deydi Chandra Shekxar. — Ular bilan homiy sifatida hamkorlik qilamiz, kitoblar, smart doskalar, kompyuterlar bilan taʼminlaymiz.
Darhaqiqat, Hind madaniyat markazi tomonidan oliygohlarimizda tashkil etilgan filiallarga hind tili, madaniyatini oʻrgatish borasida keraklicha amaliy yordam koʻrsatilyapti. Xususan, Urganch davlat universititetida tahsil oladigan, hind tilini oʻrganishga ishtiyoqmand talabalar yaqindagina universitetga Markaz tomonidan 400 dan ziyod kitoblar yetkazib berilganidan xursand. Buxorolik, qoʻqonlik koʻplab pedagoglar va talabalar ham markaz faoliyatidan minnatdor.
Hindiston bilan taʼlim borasidagi hamkorlik haqida gap ketganda, taxminan 60 yildan buyon hind tili oʻrgatib kelinayotgan poytaxtimizdagi 24-umumtaʼlim maktabini alohida tilga olish joiz. Maktab sobiq ittifoq davridan hind tiliga ixtisoslashgan boʻlib, bu yerga Laʼl Bahodur Shastrining haykali ham oʻrnatilgan. Keyingi yillarda maktabda hind tili darslari olib tashlanib, umumiy oʻrta taʼlim maktabiga aylantirilgan edi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan maktabning yana hind tiliga ixtisoslashgani oʻzbek-hind munosabatlarini yanada rivojlantirishning amaldagi bir koʻrinishidir. Zero, ushbu taʼlim dargohida oʻzbek bolalariga hind tili Hindiston madaniyatini sevuvchi va sharqshunos olimlar tomonidan oʻrgatilgan va aynan ularning tashabbusi bilan maktab hind tilini oʻrgatishga chuqurlashtirilgan.
Umuman olganda, Hindiston bilan hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekan, hind birodarlarimiz bilan doʻstona aloqalarimiz tobora mustahkamlanib boraveradi. Nafaqat madaniy yoki ilmiy sohada, iqtisodiy sohadagi qator hamkorliklar ham yanada rivoj topaveradi. Bugunga kelib Toshkent bilan ushbu mamlakatning bir nechta shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining ortib borayotgani, Oʻzbekiston–Hindiston savdo uyi, tadbirkorlikni rivojlantirish markazi poytaxtimizda faoliyat olib borayotgani fikrimiz dalilidir. Chunonchi, Boburiylar davrida 13 ta savdo karvon yoʻllari orqali bir-biri bilan mustahkam aloqa oʻrnata olgan ikki davlatning bundan keyingi keng koʻlamli aloqalari ham xayrli, istiqbolli boʻladi. Bu borada esa, Hind madaniyat markazi oʻzining munosib hissasini qoʻshishda davom etadi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri