Inson yuz yil ham yashab umri zoye ketishi, biroq qisqa umr koʻrib ham abadiyatga daxldor boʻlishi mumkin. Xalqimizning faxrlansa arzigulik isteʼdodli farzandlari bisyor. Oʻzbek sheʼriyati osmonida yorqin yulduz boʻlib porlagan adib, isteʼdodli shoir Usmon Nosir ana shunday ijodkorlardan biri edi. Chunki 25 yoshidayoq oʻzbek sheʼriyati shohsupasisdan munosib oʻrin egallagan, nomini zarhal harflar bilan muhrlagan noyob isteʼdod sohibi edi u. Oʻtkan asrning 30-yillarida oʻzbek adabiyoti olamida shunday sharaf faqatgina Usmon Nosirga nasib etgan edi.
Uning ilhomi erta uygʻondi. Ijodkorning ilk sheʼrlari maktabda tahsil olib yurgan kezlaridayoq matbuotda chop etila boshlagan edi. Shoirning “Quyosh bilan suhbat”, “Safarbar satrlar” (1932), “Traktorobod” (1934), “Yurak” (1935), “Mehrim” (1936) kabi sheʼriy toʻplamlari, “Norboʻta” va “Naxshon” dostonlari birin-ketin nashr qilindi. Uning “Norboʻta” (1932) asarida Oʻzbekistondagi fuqarolar urushi mavzusi, “Naxshon”da qardosh arman xalqi farzandlarining ozodlik uchun intilishlari kuylangan boʻlsa, antik davridagi gullar kurashi “Nil va Rim” kabi poetik asarlarida oʻz aksini topdi.
Usmon Nosir sheʼriyati boshqa shoirlar ijodidan oʻziga xosligi, avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, joʻshqinligi, fikrlar teranligi, shu bilan birga sodda va ravonligi bilan kitobxonlar qalbidan munosib oʻrin egallagan. Yosh boʻlishiga qaramasdan adabiyot olamida yulduz kabi porladi. Uning ijodi hatto Moskva gazetalarida bir necha marotaba eʼtirof etilib, unga nisbatan “Sharqda Pushkin tugʻildi”, degan fikrlar bejiz bildirilmagan.
Rus tilida chop etilgan nodir asarlarni ommalashtirish, ularni mohirona tarjima qilib, oʻzbek kitobxoniga yetkazib berish borasidagi xizmatlari ham beqiyosdir. U nafaqat tarjima qildi, balki munosib ravishda rus shoirlariga raqobat qila oldi. Zero, taniqli tarjimon olimlardan biri aytganidek, “nasrda mutarjim muallifning uslubiga soʻzsiz ergashsa, nazmda esa u muallif bilan bellashishi lozim” va shunda toʻlaqonli tarjimaga erishishi mumkin. U Pushkinning “Boqchasaroy fontani”, Lermontovning “Demon” (“Iblis”) dostonlarini maromiga yetkazib tarjima qildi va kitobxonlar olqishiga yana bir karra sazovor boʻldi. Mashhur adib, noyob isteʼdod sohibi, oʻzbek halqining munosib farzandi Usmon Nosir xotirasi keng kitobxonlar qalbida mangu yashaydi.
Oqil Latipov,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti professori