“Asosiy maqsad qog'oz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish”

    2021-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, EHF axborot tizimidan 373,1 mingdan ortiq xo'jalik yurituvchi subyekt foydalanib kelmoqda.

    Prezidentimizning joriy yil 3-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining asosiy maqsadi yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan.

    Bu boradagi chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion soʻm, 2 milliard 600 million AQSH dollari va 57 million yevrodan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Prezidentimiz qayd etganidek, bu dasturni hanuz davom etayotgan pandemiya sharoitida, global inqiroz kuchayib borayotgan murakkab bir vaziyatda amalga oshirishimizga toʻgʻri keladi.

    Ushbu Davlat dasturining 12 ta bandida Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli vazifalar qayd etilgan. Qoʻmita shundan 5 tasi boʻyicha asosiy ijrochi, 4 tasida hamkor sifatida oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajaradi. 3 tasi boʻyicha esa DSQ huzuridagi Kadastr agentligi hamijrochi qilib belgilangan.

    Bunda, eng avvalo, soliq maʼmurchiligini keyingi sifat bosqichiga chiqarish boʻyicha ustuvor ravishda sohani raqamlashtirish hamda “soliqchi — koʻmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar oʻrin olgan.

    Shu bois, farmonga binoan, koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohasidagi subyektlarning soliq qarzini toʻlash muddati, vaqtincha qiyinchilikka uchragan subyektlarning mavjud qarziga penya hisoblashni toʻxtatish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga berilgan foizsiz kechiktirishning (boʻlib-boʻlib toʻlash) amal qilish muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.

    Bu, oʻz navbatida, turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan 2 656 ta korxonaning 2021-yil 1-yanvar holatiga 19,9 milliard soʻmlik, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 2 687 ta tadbirkorlik subyektining mol-mulk va yer soligʻidan 123,3 milliard soʻmlik, shuningdek, 984 ta korxonaning mol-mulk va yer soligʻidan 35,1 milliard soʻmlik soliq qarzini toʻlashga tatbiq etiladi va ularning uzluksiz ishlashi, ish oʻrinlarini saqlab qolishi hamda yana-da kengayishiga sharoit yaratadi.

    Soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarida soliq auditi oʻtkazilishiga moratoriyning amal qilish muddati ham 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.

    Ikkinchidan, farmonda fermer xoʻjaliklarining daromad va xarajatlarini avtomatik shakllantirish va soliq organlariga yuborish imkonini beruvchi elektron tizimni 2021-yil 1-iyulga qadar amaliyotga joriy etilishi belgilangan. Buning uchun Prezidentimizning 2018-yil 2-iyuldagi “Fermer xoʻjaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan, fermer xoʻjaliklarida soddalashtirilgan buxgalteriya hisobini yuritishga moʻljallangan “Agroonline” dasturiy taʼminoti DSQ axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Natijada faoliyat koʻrsatayotgan 58,2 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi uchun daromad va xarajatlarini avtomatik nazorat qilib borish hamda pirovardida soliqlarni toʻgʻri hisoblash imkoniyati yaratiladi.

    Shu bilan birga, fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari bilan shaffof muloqotda boʻlish orqali soliq majburiyatini bajarishga koʻmaklashish maqsadida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʻra kamida 5 milliard soʻmni (amaldagi tartib ikki baravarga kamaytirilmoqda) tashkil etgan subyektlar ham soliq monitoringi instituti ishtirokchilari boʻlishi huquqi berilmoqda.

    Qayd etish joiz, joriy yilning 8-fevral holati 2020-yil yakuni boʻyicha davlat soliq organlariga taqdim etilgan soliq hisobotlariga asosan, 12 025 ta subyekt ushbu imkoniyatdan foydalanishga nomzod boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi. Buning ijrosini taʼminlash uchun Moliya vazirligi bilan Soliq kodeksining 169-moddasiga oʻzgartirish kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Soliq monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ham oʻzgartirishlar kiritiladi.

    Uchinchidan, Davlat dasturiga muvofiq, soliq maʼmuriyatchiligi yana-da takomillashtirib boriladi. Bu yoʻnalishda barcha xoʻjalik subyektlarining toʻliq elektron hisobvaraq-fakturalarga oʻtilishini taʼminlash ustida ish olib boriladi. Uning ahamiyatli jihati shuki, iqtisodiyotda yaratilgan qoʻshilgan qiymatni toʻliq soliq bazasiga kiritish orqali 29,3 trillion soʻmdan ortiq QQS yigʻish vazifasi oldimizda turibdi.

    2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, EHF axborot tizimidan 373,1 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyekt foydalanib kelmoqda. Ular tomonidan 22,6 million donadan ortiq EHF shakllantirilgan boʻlib, jami aylanma (QQSsiz) 798,4 trillion soʻmni tashkil qilmoqda.

    Joriy yilda alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish, ulgurji va chakana savdosini amalga oshirishning barcha boʻgʻinlarida raqamli markirovkani tatbiq etish rejalashtirilmoqda. Buning muhim jihati, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish xufiyona iqtisodiyotning ulushini qisqartirish va 3,7 trillion soʻm aksiz soligʻini yigʻishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Markirovkalash tizimi barcha ishlab chiqaruvchi

    (53 ta), import qiluvchi (10 ta), ulgurji savdo (85 ta) korxonalarni qamrab olishi taʼminlandi.

    Ulgurji va chakana savdo bilan shugʻullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlarning savdo nuqtalarida onlayn nazorat-kassa mashinalari oʻrnatilishi boʻyicha aniq rejalarimiz bor. Bu bizga sohadagi 70 foiz deb baholanayotgan yashirin aylanmani jilovlash orqali 2021-yilda aylanmadan 2,2 trillion soʻm yoki 2020-yildagiga nisbatan 70 foiz koʻp soliq yigʻishga zamin yaratadi.

    Aslida bu boradagi ishlar davlatimiz rahbarining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida boshlangan edi. Unga binoan tuzilgan rejada onlayn NKM yoki virtual kassadan foydalanishga jami 223 546 ta tadbirkorlik obyektini bosqichma-bosqich oʻtkazish belgilab berilgan. 2020-yilda 105 056 ta hamda joriy yilning 8-fevral holatiga 15 622 ta tadbirkorlik obyekti mazkur tizimdan foydalanishga oʻtkazildi. Shu yil yakuniga qadar naqd pul tushumiga ega qolgan 102 868 ta tadbirkorlik obyekti onlayn NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtkazilishi taʼminlanadi.

    Tovar-moddiy zaxiralarni va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun elektron shartnomalar (ishonchnomalar) almashinuvini joriy etish ham asosiy yoʻnalishlar sirasiga kiradi. Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha shartnomalarni hamda tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni majburiy elektron roʻyxatdan oʻtkazish tartibini joriy etish belgilangan. Bugungi kunda shartnomalarni elektron roʻyxatdan oʻtkazish interaktiv xizmati ishlab chiqilgan boʻlib, test-sinov shaklida my.soliq.uz – interaktiv soliq xizmatlari portaliga joylashtirilgan.

    Toʻrtinchidan, xalqaro standartlar asosida Davlat soliq qoʻmitasi axborot tizimlari kompleksining yagona platformasi ishlab chiqiladi. Bu boradagi ishlar Jahon banki va Rossiya Federal soliq xizmati bilan hamkorlikda qilinyapti. Yagona platformani yaratish orqali maʼlumotlarni kiritish, toʻplash, shakllantirish, tahlil qilishning qulay va soddalashuvi natijasida soliq hisobotlarini topshirish jarayoni 5-7 barobar qisqaradi.

    Beshinchidan, sotiladigan tovarlarning yagona elektron tasniflagich tizimi onlayn nazorat-kassa mashinalari, elektron hisobvaraq-fakturalari, markirovkalash tizimlariga integratsiya qilinadi. Ayni kezda 112 ta guruh va 1 348 ta tovar va xizmatlar sinfidan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi tovarlar va xizmatlarning yagona elektron tasniflagich tizimi uchun veb-portal joriy qilindi. Mahsulotlar va xizmatlar identifikatsiya kodlari yordamida 900 mingdan ortiq elektron hisob-faktura yaratildi.

    Oltinchidan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun va koʻchmas mulklarni soliqqa tortish maʼmurchiligi yana-da takomillashtiriladi. Bu yoʻnalishda Rossiya Federal soliq xizmati bilan yaqindan ishlayapmiz. 2021-yilda yer qaʼridan foydalanganlik uchun 13,6 trillion soʻmlik soliq yigʻilishi rejalashtirilgan.

    Yettinchidan, dasturga asosan, teng raqobat sharoitini yaratish va QQS toʻlovchilar huquqlarini kafolatlash boʻyicha soliq maʼmuriyatchiligi 2021-yilda yangi bosqichga chiqariladi. Aytish joizki, 2020-yil 1-avgustdan barcha QQS toʻlovchilar hududiy soliq boshqarmalari nazoratiga oʻtkazilishi hamda elektron hisobvaraq-fakturalar keng joriy etilishi soliq maʼmurchiligi yaxshilanishiga olib keldi. Xususan, oʻtgan yilning ikkinchi yarim yilligida elektron hisobvaraq-fakturalar orqali 798,4 trillion soʻmlik tovar aylanmasi soliq bazasiga kiritildi yoki bu koʻrsatkich birinchi yarim yillikka nisbatan 3,5 baravar oshdi.

    QQS boʻyicha oʻrtacha tushumlar 2020-yilning yanvar-iyun oylarida 1,4 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, ikkinchi yarim yillikda 2,2 trillion soʻmga yetib, 800 milliard soʻmga yoki 57 foiz oʻsdi. Bu yoʻnalishdagi tadbirlar yana-da izchillik kasb etadi. Chunki tahlillar 11 mingta korxona byudjetga soliq toʻlovlarni kamaytirish maqsadida 396 ta shubhali firmani lozim darajada oʻrganmay turib, ular bilan 7,9 trillion soʻmlik (jumladan, bir trillion soʻmi QQS) iqtisodiy aloqa qilishi natijasida 340 mingta elek­tron hisobvaraq-faktura qabul qilinganini koʻrsatyapti. Shu bilan birga, halol ishlayotgan ishonchli soliq toʻlovchilarga QQSni tezlashtirilgan tartibda qaytarish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

    Sakkizinchidan, soliq organlarini xizmat koʻrsatuvchi yuqori texnologiyali tashkilotga transformatsiya qilish davom ettiriladi. Bugungi kunda 45 turdagi interaktiv va elektron xizmat koʻrsatuvchi soliq xizmatlari portali (my.soliq.uz) joriy qilingan. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga 2020-yil davomida 470,7 mingta, yuridik shaxs tomonidan 24,5 millionta, 288,5 mingta jismoniy shaxs tomonidan 4,9 millionta, 96,7 mingta yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan 562,2 mingta murojaat qilingan.

    Prezidentimiz raisligida 10-fevral kuni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlanganidek, asosiy maqsad qogʻoz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy oʻzgarishlar qilishimiz zarur. Dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsakkina, tub oʻzgarishlar boʻladi va, albatta, koʻzlangan maqsadlarga erishamiz.

    Sherzod KUDBIYEV,

    Davlat soliq qoʻmitasi raisi