Shu yilning 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining O'zbekiston mezbonligidagi navbatdagi sammiti bo'lib o'tadi.
Shu munosabat bilan 14-sentyabrdan 17-sentyabrga qadar Samarqand shahrining ayrim ko'chalarida transport vositalarining harakati cheklanishi haqida xabar berilgan edi.
Sog'liqni saqlash vazirligi shu kunlarda shahar hududida tibbiy yordamni tashkil etish bo'yicha quyidagilarni ma'lum qiladi:
Sammit kunlari davomida Samarqand shahrida tibbiy yordam 3 yo'nalishda tashkil etiladi:
tez tibbiy yordam ko'rsatish;
ambulator yordam ko'rsatish;
shifoxonada shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish.
Shahar aholisiga 50 ga yaqin tez tibbiy yordam mashinasi va shuncha tibbiy brigada jalb etilgan bo'lib, ular chaqiriqlar bo'yicha odatdagidek faoliyat olib boradi.
Ambulator yordam ko'rsatish uchun Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli barcha oilaviy poliklinikalarda odatdagidek soat 8:00 dan 20:00 gacha ish foaoliyati olib boriladi.
Shuningdek, har bir mahalla fuqarolar yig'inida aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida oila shifokorlari va 2 nafar hamshiradan iborat tibbiy punktlar tashkil qilingan. Ular birinchi yordam uchun zarur dori-darmon vositalari bilan ta'minlangan bo'lib, bu orqali yengil darajadagi bemorlarga mahallaning o'zida ambulator yordam ko'rsatish ta'minlanadi.
Shoshilinch holatlarda "103" xizmatiga murojaat qilinadi!