Eng yomoni, bu xastalik Oʻzbekistoning mintaqaviy patologiyasi, hududimizda koʻp uchraydigan kasalliklar turiga kiradi. Ushbu xastalikning eng maqbul davo chorasi esa aʼzo koʻchirib oʻtkazish, jigar transplantatsiyasi hisoblanadi.

Ammo jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotining eng murakkab turlaridan biridir. U tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda ham ogʻir, uzoq muddatli jarayon boʻlganligi uchun ham noyob va qimmat operatsiyalardan hisoblanadi. Ilgari yurtimizda jigar sirrozidan jabr chekuvchi bemorlar katta mablagʻ sarflab, xorijda davolanib qaytishardi. Yo boʻlmasa, konservativ davolanish usullaridan foydalanilardi.

Mamlakatimizda 2017-yildan koʻpgina rivojlangan mamlakatlar qatori bemor tanasiga aʼzo koʻchirib oʻtkazish, xususan, jigar transplantatsiyasini amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu esa, albatta, ushbu kasallikdan azob chekayotgan bemorlarda tuzalib ketishga qayta umid uygʻotdi. 2018-yilda esa mamlakatimizda ushbu murakkab jarrohlik amaliyoti ilk marta muvaffaqiyatli bajarildi.

Oʻtgan qisqa muddat davomida yurtimizda 400 dan ortiq buyrak, 10 ga yaqin jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Ushbu koʻrsatkich ham jarrohlik amaliyotining naqadar murakkab ekanligini bildiradi. Yaqinda bir guruh oʻzbekistonlik mutaxassislar Rossiya Federatsiyasidagi akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sunʼiy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazida jigar transplantatsiyasini oʻtkazish boʻyicha malaka oshirib qaytishdi.

— Mamlakatimizda transplantatsiya amaliyoti rivojiga munosib hissa qoʻshish maqsadida bir guruh hamkasblarimiz bilan birga Rossiyada malaka oshirib qaytdik, — deydi tibbiyot fanlari doktori Maqsudjon NISHONOV. — U yerda orttirgan tajribamiz kelgusida buyrak, jigar transplantatsiyalarini oʻtkazish amaliyotini bajarishimizda qoʻl keladi. Shuningdek, bosqichma-bosqich bunday murakkab jarrohlik amaliyotlarini nafaqat poytaxtimizdagi ixtisosslashtirilgan tibbiyot markazlari, balki hududlardagi tibbiyot muassasalarida ham amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Yuqoridagi amaliy tajriba ushbu maqsad yoʻlidagi muhim qadamlardan biri, desak adashmagan boʻlamiz. Ayni paytda oʻzaro tajriba almashish hamda mamlakatimizdagi jarrohlik amaliyotlarida qatnashish maqsadida akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sunʼiy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazining bir guruh mutaxassislari yurtimizda boʻlib turibdi. Ular bilan birgalikda bir qator jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishni maqsad qilganmiz.

Bugun Oʻzbekiston va Rossiya shifokorlari ishtirokida jigar transplantatsiya operatsiyasining birinchisi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Opretsiyadan chiqqan Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani “Shodlik” mahallasida istiqomat qiluvchi, koʻp yillardan beri jigar sirrozi kasalligidan jabr koʻrgan Elmurod Zokirovning ahvoli yaxshi. Jarrohlik amaliyoti oldidan Elmurod aka oʻzining his-hayajonlari va fikrlarini SSV Matbuot xizmati bilan oʻrtoqlashgan edi.

— Uzoq yillardan jigar xastaligidan aziyat chekib kelayotgan edim. Albatta, jigar transplantatsiyasi ogʻir jarrohlik amaliyoti boʻlgani sababli ozgina qoʻrquv, hayojon yoʻq emas, — deydi Elmurod aka. — Ammo shifokorlarning tavsiyalari, tushuntirishi, ruhan daldasi ushbu hayajonni yengishimga kuch bagʻishlamoqda. Bu kabi operatsiyani oʻtkazishga avval imkoniyatimiz yetmagan edi. Sababi, bunday murakkab amaliyotlar faqat xorijda katta mablagʻ evaziga qilinishini aytishgan. Ming shukr, oʻzimizning doʻxtirlarga ham shunday imkoniyat yaratib berilayotgani biz kabi bemorlarning mushkulini oson boʻlishiga sabab boʻlmoqda.

Shu oʻrinda jarrohlik amaliyotini bajaruvchi va meni operatsiyaga tayyorlagan markaz shifokorlariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Men uchun hayotini tahlikaga qoʻyib, donor boʻlayotgan jon jigarim, Dilmurod akamdan bir umr qarzdorman. Nasib qilsa, jigarimning jigari menga yangi hayot beradi. Shunday sharoitlar yaratib bergani uchun davlatimiz rahbariga katta rahmat aytaman.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.