— Hozirgi kunda barcha rahbarlar uchun faoliyat mezoniga aylangan xalq bilan muloqot, inson qadr-qimmatini ulugʻlash, “mahallabay” ishlash tizimining dastlabki kurtaklari oʻsha vaqtda paydo boʻlgan edi.
Viloyatning aksariyat tumanlari, ayniqsa, Nurobod va Qoʻshrabot tumanlarida sharoit ogʻir edi.
Turli qarshilik va eʼtirozlarga qaramasdan, birinchi marta gʻallaning rejadan ortigʻini mana shu tumanlarda qoldirishga erishganmiz.
Viloyatda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun mablagʻ yetishmasdi.
Faqat markazdan pul ajratilsa, hokim bir ishni boshlashi mumkin edi. Ana shu achchiq tajribamizdan kelib chiqib, mana, hozir hududlarimizga moliyaviy masalalarda keng erkinlik beryapmiz.
Oʻsha yillari Paxtachi tumanidagi 24-maktab, Qoʻshrabot tumanidagi yana bir eski maktab va Oqdaryodagi tugʻruqxonani qanday qiyinchilik bilan taʼmirlaganimiz hali-hali esimdan chiqmaydi. Hokim boʻlib ishlagan vaqtlarimda tugʻruqxonaga kirsak, tomidan chakka oʻtib yotibdi, bu tomonda shifokorlar tugʻruq qabul qilishyapti. Bunaqa sharoitda ishlab boʻladimi?
Ana shu ishlar uchun 50 foiz mablagʻ viloyat byudjetidan ajratilgan, qolgani esa hashar yoʻli bilan bajarilgan edi.
Viloyatdagi koʻplab bunyodkorlik ishlari shu tarzda olib borildi. Mahdumi Aʼzam, Xoja Doniyor, Hazrati Dovud ziyoratgohlari bunga misol boʻla oladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.