Sholi yetishtirishda yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshila olamizmi?

    Agrosektor 20 Avgust 2023 3606

    Sholi yetishtirishning anʼanaviy usuli asrlar davomida saqlanib kelmoqda va hozir ham koʻplab davlatlar, xususan, mamlakatimizda urugʻ ekilgandan keyin uni suvga bostirib qoʻyish texnologiyasidan foydalaniladi.

    Bu sholi yetishtirishda boshqa ekinlarga nisbatan bir necha barobar koʻp suv talab etiladi, degani.

    Shuning uchun uni hamma joyda ekishning imkoni yoʻq. Boshqa tomondan, jahon bozorida guruch eng talabgir mahsulotlardan biri va unga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Dunyo aholisining uchdan bir qismi uchun guruch asosiy oziqa manbai sanaladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda sayyoramizda 158,8 million gektarga sholi ekilib, 742,5 million tonna guruch yetishtirilgani koʻlamni aniqroq tasvirlaydi. Bu borada Xitoy, Hindiston, Indoneziya yetakchilik qilmoqda.

    Oʻtgan yili yurtimizda 110 ming gektarga yaqin maydonda 516 ming tonna sholi yetishtirilib, oʻrtacha hosildorlik gektariga 4,7 tonnani tashkil etdi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu yetarli koʻrsatkich emas va sholichilikda yetakchi davlatlar bilan solishtirganda, bizda hosildorlik ancha past. Qolaversa, jahonda oziq-ovqat xavfsizligi va suv tanqisligi oshib borayotgan sharoitda sholichilikda nafaqat hosildorlik, balki resurstejamkor, qurgʻoqchilikka chidamli, sifatli yangi navlarni yaratish zarurati yuqori. Bu faqat aholi isteʼmoli uchun xilma-xil guruch navlarini taklif etishnigina nazarda tutmaydi. Asosiy maqsad yangi navlar asosida sholichilik tarmogʻini rivojlantirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdan iborat.

    — Sholi dunyodagi 3 ta eng muhim oʻsimlikdan biri, — deydi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori, biologiya fanlari doktori, professor Alisher Toʻrayev. — Oʻzbekiston sharoitida unga talab yuqori. Sohani ilm-fan asosida rivojlantirishning zarurati ham shunda. Bu yoʻnalishda jahon tajribasi ancha ilgʻorlagan. Koʻplab davlatlar allaqachon sholichilikda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash hisobiga resurstejamkor, hosildor navlarni yetishtiryapti. Olimlarimiz ana shu navlarni iqlim sharoitimizga moslashtirish, yangi navlarni yaratish boʻyicha izlanishlar olib boryapti va natijalar ham koʻzga koʻrina boshladi. Tizimda oldimizga qoʻygan maqsadlarimiz aniq. Birinchi galda, sholining shunday navlari, shunday agrotexnologiyasini yaratishimiz kerakki, u xuddi, qoʻpol qilib aytganda, bugʻdoyga oʻxshab sugʻorilsin. Yaʼni sholini suvga botirmaylik, ekin suvda suzib yurmasin. Chunki dunyoda suv tanqisligi yuqori. Sholi yetishtirishda esa juda koʻp suv talab qilinadi. Bunga qarshi zamonaviy texnologiyalarni qoʻllashimiz kerak. Ikkinchi yoʻnalish — gibrid sholi navi yaratish vazifasi. Masalan, paxta, bugʻdoyda gibrid yoʻnalishi rivojlanmagan. Chunki bugʻdoyning 3 ta, paxtaning 2 ta genomi bor. Shuning uchun ularni chatishtirganda samara koʻrinmayapti. Lekin sholining gibridi bor va u Xitoy, Filippin, Hindiston kabi davlatlarda yaratilgan. Uchinchi maqsadimiz, seleksiyani tezlashtirish uchun ilgʻor raqamli texnologiyalarni yoʻlga qoʻyish kerak. Masalan, yuqori issiq haroratda sholi dalasida yurib, ekinning agrotexnik holatini oʻrganish ishlarini olib borgandan koʻra, bitta xonada oʻtirib, zamonaviy texnologiyalar yordamida bir vaqtning oʻzida oʻsimlikning bir nechta parametrlarini kuzatgan samaraliroq. Hozirgi zamonaviy seleksiyaning asosi ham shu. Bu seleksiya jarayonlari muddatini 8 yildan 2 yilgacha qisqartirib beradi.

    Navlar kolleksiyasiga boy muassasa

    Sholi tropik mintaqadan kelib chiqqaniga qaramay, moʻtadil iqlimli hududlarda keng tarqalgan. Sholi parvarishlashning oʻziga xos agrotexnologiyasi mavjud va ularni takomillashtirib borish sohaning dolzarb vazifalaridan. Gap shundaki, sholi yetishtirishda koʻp suv talab qilingani sababli jarayonda ilgʻor resurstejamkor texnologiyalarni qoʻllash samaradorlikni oshiradi. Ayni shu maqsadda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida keng koʻlamli izlanishlar olib borilmoqda.

    Qariyb yuz yillik tarixga ega muassasada 30 dan ortiq sholi navi, 10 dan ziyod soya va shuncha miqdordagi yangi mosh navlari yaratilgan. Bu aytishgagina oson. Bitta nav yaratish uchun 10 yildan 15 yilgacha vaqt kerak. Eski texnik vositalar, anʼanaviy yondashuvlar bu muddatni uzaytiraveradi. Shu bois, oxirgi yillarda institut laboratoriyalari eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Tadqiqotlar ham shunga yarasha jadallashgan. Bir yilda 2-3-marta ekin ekish, gibridlarni yaratish boʻyicha ishlar olib borilyapti.

    Sholi genetikasi seleksiyasi laboratoriyasi genofondida mingga yaqin nav namunalari bor. Ularning aksariyati xorijdan keltirilgan va bari tadqiqot uchun tajriba maydonlariga ekilgan. Seleksioner olimlar ushbu navlar asosida yangi, kam suv talab qiladigan, sifati va hosildorligi yuqori sholi navlarini yaratishni maqsad qilgan. Shu yil oxirigacha yana 2 ta ertapishar navni davlat reestriga kiritish boʻyicha hujjatlar tayyorlanyapti.

    — Sholi ishlab chiqarish tannarxini arzonlashtirish, guruchga talabni qondirish uchun, avvalo, hosildorlik yuqori boʻlishi kerak, — deydi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Masʼudjon Sattorov. — Buning uchun mintaqaning tabiiy shart-sharoitiga mos keladigan istiqbolli navlarni tanlab ekish, hozirgi zamon agrotexnologiyasida muhim boʻlib turgan sholini koʻchat usulida yetishtirishni keng yoʻlga qoʻyish lozim. Qolaversa, har bir nav uchun ishlab chiqilgan agrotexnologiya shartlariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi.

    Bugungi kunda institutimizda sholining 2 mingdan ortiq kolleksiya namunasi mavjud. Shu kolleksiya asosida yaratilgan 12 ta nav davlat reestriga kiritilgan, 7 ta nav namunasi esa davlat nav sinovlariga taqdim etilgan. Yana bir necha namuna tayyorlangan boʻlib, bu jarayon uzluksiz davom ettirilaveradi. Chunki har bir hududning oʻziga xos iqlim sharoiti bor va aynan ularga mos navlarni yaratish hosildorlik oshishiga xizmat qiladi.

    Oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida 2017-2022-yillarda sholining kasallik va zararkunandalar, toʻkilishga, yotib qolishga chidamli “Tarona”, “Tantana”, “Sadaf” navlari yaratildi. “Iskandar”, “Lazurniy”, “Tarona” navlaridan 115 gektar yerga birlamchi urugʻchilik tashkil etilib, har yili 280 tonna yuqori avlodli urugʻlik yetishtirilmoqda. Urugʻliklar mahalliy ehtiyojdan tashqari qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻizistonga eksport qilinadi. Bugungi kunda yurtimizda ekin maydonlarining 90-95 foizi mazkur institutda yaratilgan sholi navlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bozorlarimizda sotilayotgan va taklif etilayotgan sholi navlarining deyarli hammasining muallifi ham shu institut olimlari.

    Bu yerda dukkakli don ekinlaridan soya va mosh ekilib, yangi navlarini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha ham ishlar olib boriladi. Dunyo va mahalliy navlar kolleksiyasidan soyaning 200 ta, moshning 130 ta namunasi sinab, oʻrganib kelinmoqda. Soyaning institut olimlari tomonidan yaratilgan 8 ta, moshning 3 ta navi davlat reestriga kiritilgan.

    Xalqaro tajribalar natija bera boshladi

    Sholining oʻziga xos xususiyati bor: u yerning meliorativ holatini yaxshilab, shoʻrlanishni kamaytiradi, bir yillik begona oʻtlarni yoʻqotadi. Mutaxassislarning aytishicha, sholi uchun boshqa ekinlardan chiqqan oqova suvni ham bemalol ishlatish mumkin, bu bilan suv iqtisodi va ekologik tozalikka erishiladi.

    Bugungi kunda yurtimizda kuchli shoʻrlangan 300 ming gektardan ortiq tashlandiq, boshqa ekin ekish mumkin boʻlmagan yer mavjud. Umumiy ekin maydonlarining shoʻrlanish darajasi ham ortib boryapti. Ana shunday yerlarga sholi ekish yaxshi samara berishi fanda va amaliyotda oʻz tasdigʻini topgan. Ammo suv tanqisligi koʻpincha bunga imkon bermaydi. Buning uchun avval kam suv talab qiladigan sholi navlarini yaratish lozim. Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida qiymati 2,5 milliard soʻm boʻlgan 5 ta loyiha boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar shunga asoslangan. Bu borada guruch yetishtirishda yetakchi va ilgʻor tajribaga ega davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xorijlik mutaxassislar tadqiqotlarda bevosita ishtirok etmoqda.

    — Oʻzbekistondagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan 7 yildan beri hamkorlik qilib kelyapmiz, — deydi Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassisi doktor Jian Jang. — Institut huzurida Oʻzbekiston—Xitoy sholichilik tadqiqotlari laboratoriyasi tashkil etganmiz. Unda ikki davlat qoʻshma loyihasi amalga oshirilyapti. Laboratoriyaning asosiy maqsadi Oʻzbekistondagi sholi liniyalari bilan Xitoydagi elita urugʻ avlodlarini chatishtirib, yangi sholi navlari yaratishdan iborat. Ular, asosan, qurgʻoqchilik, yotib qolishga chidamli, past haroratda unib chiqadigan navlar hisoblanadi. Xitoy sholichiligida olimlarning roli katta. Sohada yangi navlar yaratishning ilgʻor texnologiyalari rivojlangan. Shu bois, bu jarayon bizda 10—15 yilni emas, balki qisqaroq muddat, yaʼni 3-4 yilni tashkil etadi. Har bir viloyat, tumanga moslashgan sholi navlari bor va ular 8—10 tonnagacha hosil beradi. Ana shu tajribani oʻzbek olimlari bilan boʻlishib, birgalikda tadqiqotlar olib boryapmiz. Loyiha 2 yilga moʻljallangan va ikki mamlakat tomonidan moliyalashtirilgan. Bu davrda institut mutaxassislari Xitoyga borib, malaka oshirib qaytadi.

    Mahalliy olimlarimiz Xitoy tajribasi asosida duragay sholi yetishtirishni ham keng yoʻlga qoʻymoqchi. Bu sholining bir yillik navi boʻlib, gektaridan 15 tonnagacha hosil beradi. Qolaversa, u turli taʼsirlarga chidamli boʻladi.

    Sholi yetishtirishda Hindiston ham boy tajribaga ega. Mamlakat sholi yetishtirish, koʻp sonli aholisini guruch mahsulotlari bilan taʼminlash va xorijga eksport qilishda yetakchilardan biri. Hindistonlik mutaxassislar bilan hamkorlik ayni shu tajribalar, ilmiy va amaliy yutuqlarni yurtimizda qoʻllashga asoslanadi.

    — Biz nafaqat Hindiston, balki boshqa yurtlardan ham yangi namunalar olib kelib, Oʻzbekistonda sinash orqali sholining yangi navlarini yaratishni maqsad qilganmiz, — deydi Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimi, FAOning sholichilik boʻyicha xalqaro eksperti hindistonlik Husayn Manzur. — Bugungi kunda dunyodagi eng global muammolardan biri iqlim oʻzgarishi va qurgʻoqchilik boʻlib, bu bevosita sholichilik sohasiga ham taʼsir qilmoqda. Koʻp sholi navlarining oʻsish jarayonida yotib qolishi ham jiddiy masala. Bu borada Hindiston yangi texnologiyalarni faol qoʻllash orqali yaxshi natijalarga erishilmoqda. 10 yildan buyon Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida ishlayman. Shu yillar davomida biz yotib qolishga, shoʻrga chidamli, tezpishar sholi navlari yaratishga muvaffaq boʻldik va bu tajribalarimiz dunyoning oʻnlab davlatlarida oʻz natijasini bermoqda. Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz ham ayni shu jihatlarga asoslangan. Biz xorijdan olib kelingan sholi navlari asosida Oʻzbekistonning tuproq-iqlim sharoitiga mos, shoʻrga va suvsizlikka chidamli navlarni yaratish boʻyicha tadqiqotlar olib boryapmiz. Ushbu izlanishlar mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasi rivojiga katta turtki boʻlishiga ishonamiz va tadqiqotlar oʻz natijasini bera boshlaganidan mamnunmiz.

    Institutning tajriba dalalariga kam suv talab qiladigan, qurgʻoqchilikka chidamli 521 ta namuna ekilgan. Ular Filippinda joylashgan Xalqaro sholichilik instituti bilan hamkorlikda yurtimizga olib kelingan. Olimlarning tushuntirishicha, bu navlar vegetatsiya davrida 20—25-marta suv ichadi. Har suv ichgan paytda bir gektar maydonga 300 kub metrdan suv sarf qilinadi. Taqqoslaydigan boʻlsak, anʼanaviy usuldagi sholi pishib yetilguncha doimiy suv turadigan maydonlarda 16 mingdan 23 ming metr kubgacha suv sarflansa, tajriba maydonlaridagi sholi navlari 6,5-7 ming metr kub suv bilan pishib yetiladi. Yana ularning koʻpi ertapishar navlar boʻlib, bugʻdoydan keyin takroriy ekin sifatida ham yetishtirish mumkin.

    Ikki marta hosil olish yoʻlga qoʻyildi

    Xalqaro hamkorlikdagi ana shunday tajribalar asosida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari sholidan yilda ikki marta hosil olish tajribasini muvaffaqiyatli oʻtkazishga erishdi. Janubiy Koreyaning Oʻzbekistondagi KOPIA markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqot sholini koʻchat usulida mexanizatsiya yordamida ekish texnologiyasiga asoslanadi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu usul 30 foizgacha suvni tejash imkonini beryapti. Bunda urugʻlik sarfi gektariga 60—70 foizgacha tejaladi. Agar gektariga 200 kilogramm sholi ekilishini hisobga olsak, juda katta urugʻlik tejab qolinadi.

    — Shu yilning 27-iyul kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi tajriba dalasida yurtimizda ilk bor mexanizatsiya yordamida ekilgan sholi koʻchatlarining birinchi hosili oʻrib olindi, — deydi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Rixsivoy Tillayev. — Aprel oyida tajriba sifatida ekilgan oʻrtapishar, serhosil “Iskandar” navli sholi koʻchatlari yozning qoq oʻrtasida pishib yetilgani-yu, uning ketidan ikkinchi hosil uchun yana ertapishar sholi navi koʻchatlarining yerga qadalgani chin maʼnoda tarixiy voqea boʻldi. Koʻchat usulida sholi yetishtirish va mexanizatsiya yordamida ekish tajribasi yurtimiz sharoitida yangilikdir. Bu Janubiy Koreya texnologiyasiga asoslangani bois, koʻchatlarni mahalliy sharoitga moslashtirish ham birmuncha vaqt talab etdi. Yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan koʻchat tayyorlash uchun ekinning oziqa negizi, yaʼni tuproq, biogumus va boshqa modddalar aralashmasi nisbatlari oʻrganildi. Soʻng 25—30 kunlik sogʻlom koʻchatlar belgilangan muddatlarda tayyorlandi. Aprel oyida koʻchatlarni mexanizatsiya yordamida yerga joylashtirdik. Hosildorlik ham yomon boʻlmadi, ayrim qismlarda 5,5 tonnaga, ayrimlarida 6, hatto 7 tonnagacha yetdi. Natija yangi texnologiya asosida koʻchat usulida sholi ekilishi yuqori samaradorlikka ega ekanini koʻrsatdi. U usul xarajatlarni kamaytirib, resurslarni tejash bilan birga, sholini yilda bir necha marta yetishtirish imkonini beradi. Bunda ekinlarni joylashtirish strukturasi hamda ularning salmogʻi keskin oʻzgarib, xalqaro talablarga deyarli tenglashmoqda. Avvallari bir dalada, asosan, sholi, soʻng kuzgi bugʻdoy asosiy ekin sifatida almashinadigan va yilda ikki marta hosil olingan boʻlsa, endilikda kuzgi bugʻdoy — takroriy sholi yoki soya — kuzgi bugʻdoy ekish imkoniyati yaratilmoqda. Shunday qilib, mamlakatimizda yilda ikki yoki uch marta sholi hosili olish tajribasi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi, deya olamiz. Endi navbat buni hududlarimizda keng joriy qilish, bu orqali dehqon va fermerlar daromadini yanada oshirish, xalqimizning guruchga boʻlgan talablarini qondirishdan iborat. Bu yoʻldagi izlanishlarimiz esa davom etadi.

    Oʻzbek guruchiga jahon bozorida talab bor

    Hozirgi vaqtda yurtimizda yetishtirilayotgan sholi hosili deyarli eksport qilinmaydi. Bu mahalliy aholi ehtiyoj va talablarini qondirish zarurati bilan bogʻliq. Ammo, boshqa tomondan, oʻzbek palovi, allaqachon, dunyo oshxonasidan joy egallagan va milliy taomimizni oʻzimizning guruchda tayyorlash baribir boshqacha. Gap mintaqa iqlimi, hududga xoslikda boʻlsa kerak. Qolaversa, yer yuzining turli burchaklarida oʻzbeklar istiqomat qiladi va ular mahalliy guruchlarimizni isteʼmol qilishga oʻrgangan. Shu bois, chet el bozorlarida ham guruchimizga talab bor va uni taʼminlash uchun eksportni keng yoʻlga qoʻyish lozim.

    Bu borada organik guruch yetishtirish eng maqbul yechimlardan biri boʻla oladi. Shu maqsadda institut olimlari ilmiy tadqiqotlar olib borib, organik sholi yetishtirishni boshladi. Buning uchun nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoda birinchi dala foni tayyorlandi. Unga organik sholi koʻchatlari qoʻlda va mexanizatsiya yordamida ekilib, parvarishlanmoqda.

    — Organik — bu ekologik toza, tabiiy mahsulot, degani. Hozir jahon bozorida shunday mahsulotlarga talab yuqori va narxi ham ancha qimmat, — deydi institut laboratoriya mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Feliks Ibragimov. — Ammo organik mahsulot yetishtirish oson emas. Ekin ekish uchun yerni tayyorlashdan tortib, pishib yetilgan mahsulotni qadoqlab, eksport qilishgacha boʻlgan jarayonlarning barida faqat tabiiy mahsulotlar ishlatilishi talab etiladi. Shu jihatdan, bu katta xarajat hamdir. Ammo narx shunga yarasha belgilanadi va bunday mahsulotlarning xaridori jahon bozorida koʻp. Organik sholi yetishtirishda xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib ish olib boryapmiz. Tajriba maydoni dalasiga hech qanday kimyoviy oʻgʻit solinmagan, kimyoviy moddalar qoʻshilmagan, faqat tabiiy vositalar qoʻllanilgan. Tuproq unumdorligini saqlash, oshirish, organik sholini oziqlantirish uchun kech kuzdan sholi koʻchatini ekishgacha boʻlgan davrda organik siderat (arpa, javdar, bahorgi bugʻdoy aralashmasi) ekilib, koʻchat ekishdan 10—12 kun oldin maydalab, yerga qoʻshib haydab yuborildi. Oziqa yetarli boʻlishi uchun yerga chirigan mol goʻngi solindi. Bularning natijasida maydonning har gektaridan 3-4 tonna organik sholi hosili olinishi kutilmoqda. Kelasi yildan sholi hosildorligini oshirish uchun xlorella, organik mikrobiologik oʻgʻitlar va boshqalarni sinash ishlari boshlanadi.

    Organik sholi yetishtirish mahsulotni eksport qilish imkoniyatini oshirish barobarida iqtisodiy daromad ortishiga ham sezilarli taʼsir qiladi. Institut olimlari organik sholi urugʻlarini ham tayyorlab, qoʻshni davlatlarga eksport qilish ustida ishlar olib bormoqda. Maqsad sholining yurtimiz sharoitiga mos yangi navlarini yaratish barobarida guruch yetishtirishda dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga qoʻshilishdan iborat.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri