Taʼkidlash joizki, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida soʻnggi yillar davomida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Boshqarma tomonidan 2021-yilda 9,0 mlrd kub metrdan oshiq tabiiy gaz qazib chiqarildi hamda joriy yilda bundan ham kattaroq marralar koʻzlangan.
Boshqaruv raisi tashabbusi bilan Qashqadaryo aholisini gaz bilan taʼminlash maqsadida faoliyati toʻxtatilgan past bosimli quduqlar ham ishga qoʻshilmoqda.
Ayni paytda “Nomozboy” konidagi past bosimli quduqlardan gaz qazib olishni qayta yoʻlga qoʻyish uchun Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi hamda Seolit yordamida gazni quritish qurilmasi ham qurib ishga tushirilgan.
Press-tur dasturiga koʻra dastlab OAV vakillari ushbu loyiha doirasida ishga tushirilgan qurilmalar faoliyati bilan tanishdilar. Gʻuzor tumani aholisini gaz bilan taʼminlayotgan qurilmalar, kon va quduqlarga tashrif buyurishdi.
“Nomozboy” gaz kondensat konining past bosimli quduqlaridan qazib olinayotgan tabiiy gaz ushbu qurilmalarda tayyorlanib, 3,5 km uzunlikdagi, diametri 114 mm li gaz quvuri orqali “Hududgaztaʼminot” AJning Gʻuzor gaz taqsimlash stansiyasiga yetkazib berilmoqda.
Maʼlumot uchun: “Nomozboy” gaz koni Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida joylashgan. Kondan 2014-yildan boshlab sanoat miqyosidagi tabiiy gaz qazib olinmoqda.
Jurnalistlar tomonidan boshqarmaga qarashli “Shoʻrtan” konining eng quyi qatlamlarini oʻzlashtirish maqsadida, yangi “Terrigen-1” yura qudugʻini burgʻilashga tayyorgarlik jarayonlari ham oʻrganildi.
Taʼkidlash kerakki, 2021-yilda “Shoʻrtan” koni hududida “3D” seysmik-qidiruv ishlari olib borildi va konning imkoniyatlari sinchkovlik bilan tahlillar asosida muhokama qilindi.
Natijada, 300 dan ortiq quduqlarning maʼlumotlari tahlil qilinib, kompleks raqamli modellashtirish asosida yangi “Terrigen-1” qudugʻini burgʻilash uchun asos yaratildi.
Ayni paytda “Shoʻrtan” koni hududi tarixda ilk bor 4750 metr quyi terrigen qatlamigacha tushish va shu chuqurlikka qadar burgʻilash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Oʻzneftgaz burgʻilash ishlari” korxonasining mutaxassislari va ishchi-xodimlari uzluksiz ish olib borib, har kuni 120 metrgacha masofani burgʻilashmoqda.
Jurnalist, bloger va xalq vakillari “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 2022-yilda boshqarma tasarrufidagi konlarda amalga oshiriladigan burgʻilash jarayonlari, yangi ochiladigan quduqlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Press-tur oʻz ishini davom ettirmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati