Rostdan ham Shukur akaning vafotidan soʻng yozuvchi sifatidagi salohiyati boʻrtibroq namoyon boʻldi. Buning asosiy sabablaridan biri – adibimiz uzoq yillar kitob chop ettirmay yurganidandir balki. Buning yana bir boisi eski asr oxiri, yangi yuzyillik boshlariga kelib yozuvchi zotining oʻzi mening yozganim birovga kerakmi, oʻqiydiganlar bormi, adabiyot atalmish serhasham imorat oʻzining xizmat vazifasini oʻtab boʻlmadimikan, degan hadiksirash, ikkilanish boshlanganidan edi. Axir, Shukur aka “Adabiyot oʻladimi?” deb bong urganida 1993-yil edi adashmasam. “Yoʻq, adabiyot oʻlmaydi”, deb yoppasiga eʼtiroz bildirdik. Aslida adib chuqur istehzo qilgan edi. “Oʻlmasligini oʻzim ham yaxshi bilaman”, degandek shartta “Dinozavr”ni yozdi.

“Dinozavr” oʻsha kunlarning zamonaviy birinchi romani edi. Ushbu fikrni birinchi marta aytayotganim yoʻq. Shukur aka prozada birinchi boʻlb zamonaviy obrazni yaratdi. Faqat bu odam ziyoli – sanʼatkor obraz edi. Talab etilayotgan “mustaqillik bunyodkori” emasdi, xolos. Aslida-ku, adabiyotning ilgʻorligi bu bilan ham belgilanmaydi va belgilanmasligi ham kerak. Yozuvchi oʻzining qalb prizmasidan oʻtkaza olgan odamnigina yarata oladi. Oʻzi qamrovli nasr jurnalistika, sheʼriyatdan orqaroqda keladi. Holbuki “Dinozavr” yaratilganda oʻzbek hikoyasi va qissachiligida hali “raykom”, “komsomol”, “partiya” degan narsalar chuvalashib yurar edi. Shu maʼnoda ogʻirkarvon janrga baho berilganda qahramonning “dolzarbligi” masalasida baholashga shoshmagan maʼqul, aksincha, asarning oʻz tabiatidan kelib chiqib xulosa qilgan yaxshiroq.

“Adabiyotning oʻlimi” borasida bundan sakson yil muqaddam, Tomas Mann tirik paytda, aynan nemis yozuvchilari birinchi boʻlib bong urishgan.

Bundan ellik yil oldin gvatemalalik adib, Nobel mukofoti sohibi Migel Anxel Asturias quyidagicha fikr yuritgan: “Adabiyotni hech kim oʻz-oʻzidan anglay olmaydi. Zero, ulugʻ ijodkorlar qurib ketgan binoni bir, oʻn, boringki, yuz kishilashib ham qulatolmaysiz. Biz adabiyotga mustaqil mexanizm sifatida qarashimiz kerak va shundagina u oʻzini oʻzi anglay olishini tushunamiz. Biz unga nimadir yangilik kiritamiz deb qoʻlga qalam olmaymiz. Aksincha, adabiyot bizning qoʻlimiz bilan oʻzini yangilaydi. Aynan oʻsha qoʻlni topolmagan kundagina adabiyot oʻzini yoʻqlikka mahkum etadi”.

Mana shu aqidaga koʻra Sh. Xolmirzayev prozasi Qahhor prozasiga taqqoslaganda yangidir. Adib keyingi yillarda yozgan katta-kichik asarlari va hatto esselari bilan adabiyotning sofligini, milliyligini, bayon etish yoʻsinining oʻzbekona ekanini taʼkidlab qoʻydi. Biz mahliyo boʻlayotgan modern yoki vahima adabiyot Shukur aka uchun “chepuxa” edi, parvo ham qilmasdi.

Bu – Shukur akaning yozuvchi sifatidagi prinsipi.

Merosi esa – biz hali koʻp oʻrganishga arziydigan munosib adabiy boylikdir.

Shukur Xolmirzayev hikoya qilish usulida “inqilobiy” yoʻldan bormadi, ayni zamonda oʻzigacha boʻlgan ustozlarining solgan anʼanaviy qolipiga ham tushmadi. “Qotirib qoʻyish”, “mixlab qoʻyish”, “mixlab tashlash” tamoyili ham adib ijodiga uncha mos emas.

Shukur akaning hikoyalarini oʻqiy boshlagan kezlarimdayoq bir narsani– professionalizmni his qilganman. Bu narsani balki mohir nazariyachi bir necha jumla vositasida asoslab tushuntirib qoʻyaqolar, kamina bunday qobliyatga ega emasligi bois boshqa narsalarni koʻz oldingizga keltirishga urinaman. Oldindan aytib qoʻyay: ohanjamaga usta adiblarimiz ham bor, ularni professional deb aytmayman.

Sh. Xolmirzayev, masalan, “Oʻzbek bobo”, “Bodom qishda gulladi”, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor”, “Bandi burgut”, “Qadimda boʻlgan ekan” asarlarida, garchi oʻqish jarayonida adibning aytar muddaosi bizga ayonlashib borayotgan boʻlsa-da, detallarga, holatlarga, gap-soʻz tabiiyligiga, qahramon yasama emas, judayam jonli chiqishiga tamom beriladiki, buning zamirida tagingdagi stul yoki koʻrpacha ham suyagingga botib jismoniy ogʻriqlar ham beruvchi uzoq oʻylov, kashf, ilhomiy, uni boshqarib turgan uzoq va zahmatli aqliy mehnat yotganligini gʻoʻr tajribam tufayli his etaman. Xayol, xotira, soʻz, ibora, maqollar, keng tafakkur, kichkina, koʻrimsiz detalni ham jonlantirib yuboruvchi oʻzigagina xos adabiy “priyom”, manyovr, istehzo – bular barini yuzaga olib chiqadigan ustakorlik. Hali bu yoqda yozuvchi ilgari surayotgan gʻoya, maʼnaviy prinsiplar bor. Mana shu choʻng “lashkar”ni maydonga yoyib yuborib, soʻng uni toʻriga ilintirib yigʻishtirib, “ov mahsuloti”ni siz tomoshabinga, mana, deb chiroyli koʻrsata olish va undan keyin yuragingizda uzoq vaqt kezinib yuradigan taʼsir tuygʻusini – hamma-hammasini umumlashtirib, men professionallik demoqchi boʻlaman. Bu taʼrifning toʻliq ekaniga daʼvo qilmayman. Murod Muhammad Doʻst bir maqolasida Shukur aka oyogʻi yerdan uzilgan prozani yerga tushirib qoʻydi, deb yozibdi. Bu ham xosu mos emas, oʻzigagina mansub. Meni maʼzur tutsangiz, yana aytay: faqat bulargina professionallik koʻrinishi emas. Bu – Shukur Xolmirzayevning professionalligi.

Bir gal, Shukur akaning oltmish yoshlik yubileyi edi chogʻi, Abdulla aka Oripov meni chaqirib:

– Shu, Shukurvoy bilan osh-qatiqsan, bilaman, ayt-chi, uning oʻziga xosligi nimada oʻzi? – deb soʻradi.

– Professionalligi, – dedim dangal. Va shu soʻzning ortidan picha izohlagan boʻldim. Shukur akadan boshqa bu xususiyatga ega yozuvchini bilmayman, dedim ham.

Keyin eshitsam, Abdulla aka oʻsha oʻtgan tadbirda yozuvchini uyushma rahbari, oʻzining yaqin qadrdoni sifatida tabriklab, men aytgan fazilatni alohida taʼkidlabdi. Abdulla akaning oʻzi ham buni bilardi, albatta. U kishining ham xuddi Shukur aka kabi meni yaqin olganidan behad sevinganman oʻshanda...

Aslida-ku, professionallik Sh. Xolmirzayevning yozuvchi atalmish ulkan salohiyatini koʻtarib yo tushirib qoʻymaydi. “Ena qizim Sayyora!” deb boshlanuvchi xat-maqolasida oʻziga munosib bahoni oʻzi berib qoʻyibdi. Darhaqiqat, jahon adabiyotining biz “daho” deb taniydigan mumtoz yozuvchilarining hech biridan kam emasligini, oʻz ijod mahsuli, xususan hikoyalari emas, badiy sifatini chamalab shunday jasoratli, iqrorli toʻxtamga kelgan.

Biz va adabiyotchilar boʻlsak, endi-endi iyagimizni qashlab: “ha, darvoqe, shunday”, deyapmiz. Gumrohligimizdan, roʻparamizdagi daho yozuvchining qadrini bilmaganimizdan bugun ozgina uyalib qoʻyyapmiz.

Kishi haqida maqola yozish lozim boʻlsa, dabdurustdan kalovlanib qolasan. Boshqani bilmadim-u, menda shunday. Ilgari bir safar Shukur aka haqida xotira yozish iltimos qilinganida, oʻylab qolganman. Toʻgʻrisi, nimani yozaman deb choʻchiganman, aka toʻgʻrisida zamondoshlari xotiralari kitob boʻlib chiqqanda esa tong qolganman: asarlari bilan uncha yaqin tanishmay, oʻzi bilan koʻp muloqot qilmay ham koʻp tafsilotlarni shishirib bayon qilsa boʻlarkan-ku, shu gaplarni men bilmasmidim?

Oʻylasam, Shukur akani eslagulik, arzigulik xotiralarim yetarli ekan. Oʻtirib, hafsala qilish kerak ekan, xolos.

Shukur aka Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni uchun uyushmadan oz miqdorda nafaqa olardi. “Yoshlik” jurnali uyushma binosida. Uyushma kassiriga kirib, oʻsha pulini olsa, albatta, bizning eshigimizni qoqardi, saxiyligi tutib bizni mehmon qilgisi kelardi. Aksariyat paytlarda quruq qoʻl bilan qaytsa ham zarracha oʻkinganini koʻrgan emasman. “Pxx” etib oʻzining ustidan kulgandek, boʻlgan gapni aytib, sarson boʻlganini bildirardi.

Aka pulga zoriqqanda ham oʻsha bashang, xuddi yigirma yoshli askardek qaddi tik, shlyapa joyida, tuflisiga gard yuqmagan boʻlardi. Malomatlanganidan, bu yerdan Doʻrmonga taksi boradimi, borsa necha soʻmga borishi mumkinligini soʻrayotganidan bilardimki, adibning qoʻli yupqa. Shodiqul Hamro bilan kelishib, vaziyatga chora izlardik. Tabiiyki, koʻpincha oʻzimiz ham Shukur akadan nari-beri ahvolda boʻlar, ammo astoydil kirishilganda, uyushma tashqarisidagi oshxonaning soʻrisiga chiqib, akaning diltortar suhbatini olishga, bir piyola choy ustida otamlashishga ham imkon topilib qolardi, shom tushganda akani Doʻrmonga kuzatayotganimizda oʻta xijolatpazlik bilan bu yaxshiligimizni kelgusi safar albatta qaytarajakligini takrorlardi. U kishining xijolat boʻlganini koʻrib biz battar xijolat tortardik. Chunki Shukur aka chin maʼnoda oʻz ogʻamiz boʻlib qolgan edi.

Hammani ham iti suyavermas edi.

Oʻzining adabiyotga, hayotga qarashlarini duch kelgan odamga yorilavermas edi. Biz ham bu asarni oʻqib bering, falonga soʻz yozib bering, deb tiqilinch qilmas edik. Balki shuning uchun suhbatimiz sunʼiylikdan xoli, yaʼnikim oʻtirib olib bir-birimizni alqashdan iborat boʻlmasdi. Birovga ixlos qilsa, tabiiy suyar ediki, bunday insonlarning sanogʻi uncha koʻp emas, aksarini esselarida mehr bilan ifoda etgan. Suhbat davomida qulfi dli ochilsa, ana, bor-e, deb ijodiy rejasi, yozilayotgan asarning voqealarini ham toʻliq hikoya qila boshlar, tugun, kulminatsiya, yechim, xulosalarigacha aytib qoʻyaqolardi. Oʻzimizcha bu sir tutilishi lozim boʻlgan “maxfiy” yumushni bekor aytdiyov deb Shodi bilan koʻz urishtirardik, mavzu, voqeaning oʻgʻrisiga aylanishi mumkin-da har odam. Shukur aka choʻchimasdi. Hozirlar oʻylasam, aka hammaning oldida “chechilavermagani” holda biz shogirdlari oldida “gullagani” bilan qayerga ham borardik. Boz ustiga boy tajribasi orqasidan oʻziga yarasha “shumlik” bilan ayni oʻzidan boshqa birov bu ijodiy ishni eplab maromiga yetkaza olmasligini savqi tabiiy anglab turarkan bilsam.

Aka “dom”da ham qoʻshni sifatida goh-goh kirib turar, bir kirganida yonida sovgʻasi yoʻqligi uchun farzandlarim va xotinim oldida oʻngʻaysizlangan, shunda kelini vaziyatni toʻgʻirlab, ichkaridan Shukur akaning “Bodom qishda gulladi” degan qalin, ammo yupqa muqovali kitobini olib chiqqan, aka zoʻr ehtirom bilan kitobga dastxat yozib bergan edi. Keyinchalik “Sharq” nashriyotida akaning tomliklari qatorlashib chiqqanida qizlarim, “e, bu odam dadamning ustozi, biznikida boʻlgan” deb eslab qolishardi.

Oʻz navbatida Shukur aka ham “dom”imizdagi besh xonali uyiga taklif qilgan, Saida opaning xushtaʼm ovqatlaridan tanovul qilganman. Bir fizika oʻqituvchisi, akamning sinfdoshi, qadrdonimiz Shavkat aka Suvonqulov koʻp kunlar biznikida yashagan, kechqurun Shukur akanikiga chiqib ketib, yarim tunda qaytardi. Bir kuni qarasam, Shavkat aka menga gʻaroyib syujetni gapirib berayotibdi. Bosmachilar hayotidan ssenariy yozmoqchi emish.

– Zoʻr-ku, – dedim xayratlanib.

“Shukur akaning taʼsiriga tushibdi-da”.

Soʻng shubhalanib soʻradim:

– Shukur aka aytib bermadimi mabodo?

– Yoʻq, – dedi koʻzlarini pirpiratib.– Oʻzimizdayam bosmachilar boʻlgan-ku.

Fizik odamning yozuvchiga aylanib qolishiga ajablanib yurdim.

Ittifoqo kunlarning birida, Shavkat aka ketgach, syujetni qisqa qilib oʻziga soʻzladim.

– Vo, ukkagʻar, – deb pixillab kuldi aka. – Men aytib edim. Ssenariy yozarkanmi?

Soʻng yoniga qarab nashʼa qilib kuldi-da:

– Yalchitmaydi, – dedi. – Tamom yozolmaydi, hm, yozolmaydi. Toʻgʻri, adabiyotni sevadi, koʻp oʻqibdi, ammo fizik-ku qadrdoningiz. Keti yer iskamaydigandan bir gap chiqmaydi.

– Toʻgʻri, – deb tasdiqladim men. Darhaqiqat, shoshma-shoshar odam bu ishni eplayolmaydi. Shukur aka shuning uchun xotirjam edi.

Shukur akani mehmon qiluvchilar koʻp boʻlardi. Biroq aka bir burda nonu ikki tishlam goʻshtdan nariga oʻtgan emas. Qaysidir yili ekan, ertalab ishga ketgunimcha mashinada Doʻrmon bogʻiga tashlab oʻtishimni soʻradi. Borsak, aka yon-verini qarab simtoʻr devor eshikchasining kalitini sira topolmaydi-da. Oxiri ikkovimiz ham devor oshib tushdik. Tiniq suv oqadigan ariq ustiga kichik tapchan qoʻyilgan. Dasturxonda non, pomidor, piyoz qoldiqlari. Qozon... ariqda turibdi. Noning qotib ketganiga qaraganda “mehmonlar” bugungi emas, kamida ikki kun oldin dasturxonni “saranjom” qilishgan.

– Qani, qozonning qopqogʻini koʻtaring-chi, inim.

Tushib qozon qopqogʻini ochsam, mayda goʻsht boʻlaklari, ikki taqsimcha keladigan kartoshkalar.

– Boʻldi, imzosidan maʼlum. Surxonning darveshlari boʻlishi kerak, – dedi aka. Soʻng ular kimligi haqida chuqur xayolga berildi. Men yonimdan yoʻlda qozoq savdogardan olgan “Astra” sigareti qutilarini chiqarib qoʻydim-da, uzr soʻradim.

Menga tashakkur bildirgach:

– Ikki kunlik ovqat ham tayyor, ogʻangiz oʻtirib olib ishlaydi endi, – dedi.

Shukur akaning bogʻini koʻrganmisiz? Bilmadim, balki hozir ham yashnab turgan chiqar. U yerda turfa gullar barq urib oʻsib, gullab yotadi. Mevalarning ham gʻaroyib navlari bor. Adib oʻz qoʻli bilan parvarishlagan. Navlar, ularning yetilish jarayoni, mevalari, taʼmi, shakl-shamoyili haqida maroqlanib gapiradi.

Shukur aka – usta bogʻbon edi. Bogʻi oʻziga xos edi. Katta boʻlmasa ham havas qilarlik chorbogʻ.

Ammo aka adabiyotda katta bogʻ yaratdi. Odam bolasi, adabiyot muxlisi uni bir-ikki kunda kezib chiqolmaydi. Bu bogʻ tarovat va taʼmini keyingi asrda ham koʻrsata oladigan, sayribogʻ qilganlarni hayratlantira oladigan goʻzal gulzor, mevazordir.

Bu boqqa havas qilsang, suqlansang arziydi.

Eski “Jiguli”mga oʻtirib xayol surib ketdim: yopiq devor, kichkina kulba, shinam hovlicha, gullar, mevalar oʻsib, pishib yotibdi, tip-tiniq suv oqib yotgan ariq, xoʻp, ikki kunlik yegulik, choy. Men esam, shu bugun nima yeyishim haqida oʻylayman, kechqurun och qolishimning qaygʻusini qilaman. Akam esa shaharda dimiqib, ozodlikka chiqqan jayronday xursand. Bilaman, ijodiy rejalari koʻp. Hozirning oʻzida boyagi kichik mashinkasini chiqillata boshlaydi. Yozadi, oʻylaydi, tuzatadi, kech boʻladi, yana yozadi, oʻylaydi, tuzatadi – ijod qiladi. Biron joyga yozganini chiqarishga ishtiyoq bildirmaydi. Qiziq. Adabiyot shunday yaratilarkan-da, yoʻq, bizning qoʻlimizdan kelmaydi – turmush tashvishlari, ish. Roʻzgʻorga tushovlanib qolganmiz...

Shukur aka sogʻligidan nolimas edi. Nazarimda, oʻtirib ishlasa, Balzakdan ham bardoshli edi. Doim reja va ilhom bilan yurardi. Soʻnggi paytlardagina bir narsadan nolidi:

– Yozadiganim aniq, ishtiyoq, ilhom ham bor, biroq kuch yoʻq. Sobirvoy, kuch yoʻq.

Endi-endi shularni eslasam, aka uzzu kun va tunlari yemay-ichmay, ijod deb sogʻlikni ham boy bergan ekan-da... Axir, Odil aka, Aytmatov, Markes... sakson yoshida ham yozishdan toʻxtamadilar-ku.

Oshqozoni xasta ekanini ham aslida dunyodan oʻtgach, kitobidan, qizi Sayyora Xolmirzayevaga bitgan maktubidan bildim. Hayqirmay, muhtojligini, hatto ochligini bildirmay yashash, hech minnatsiz vatan adabiyoti ravnaqiga dadil hissa qoʻshib ketish, ketaverish mumkin ekan-da.

Tavba, tavbalar deysan. Shu Shukur akam... naqadar ulugʻ ekan!..

Sh. Xolmirzayevdan katta ijodiy meros qoldi. Shunisi odamga taskin beradi. Hikoyalarida darj etilgan, muhrlanib qolgan mahorat izlarini toʻxtovsiz taʼriflayverish mumkin. Yaqinginada oʻqiganim “Choʻloq turna”ni yozmoq uchun ilgʻor zoologiya bilimdoni boʻlishning oʻzi kifoya qilmaydi. Seton-Tompsonning “Qoʻngʻir tulki Domino”, “Yovvoyi yoʻrgʻa” qissalarini boshqacha shavq bilan oʻqigan edim. Xuddi odam hayotiday mukammal tasvirlardan hayratlanganman. Shu ixcham hikoyada ham adib qushlar, jumladan, turnalar taqdirining gʻaroyib bilimdoni ekanini koʻrsata olgan. Turnalar nima uchun “gilam” va qaysi paytda “argʻamchi” boʻlib uchishi sababi haqida yoki ular aynan butalar orasiga emas, yerdagi oʻyiqqa tuxum qoʻyishi, yoniga ataylab bir uyum ot tezaklarini toʻplab qoʻyishi sabablarini oʻqib, bu nozikmijoz qushlarning savqi tabiiy “aqli”ga tan berasiz. Turnalar bola parvarishlashida “ota-ona” baravar hissa qoʻshishini Shukur aka qayerdan oʻrgandi ekan, axir Boysunda turna yashamaydi-ku.

Kaminada bir talay gʻayri savollar tugʻilgan boʻlsa-da, “Ot yili” qissasida adib ot va obroʻtalab odam omuxtaligini ajoyib ifoda etib bergan.

Umuman, Shukur aka yozmoqchi boʻlgan obyektni doim oynaday tasavvur qilgan, bilgan, qaysi joyini boʻrttirish, qaysidir qismida umumiy taʼrif bilan cheklanishni obdon hisobga olgan. Qaysi asarini olmang, barchasida ham oxir oqibat bir uchidan tarbiyaga taalluqli jihat oʻrmalab chiqib keadi.

Ataylab misollarga koʻp toʻxtalmadim. Adabiyotshunoslarning ishi deb oʻyladim. Koʻp yillar “Yoshlik” jurnalida faoliyati yuritdim. Tabiiyki, yosh yozuvchilar bilan koʻp toʻqnash keldim. Aksariyat boshlovchilar badiiy mahorat masalasida boshlari qotadi. Rus tilidagi kitobga tushunmaydi, oʻzbek tilida esa shov-shuv boʻlganlarni oʻqishadi. Yoʻq, uka, sen doʻppingni yerga qoʻyib, Shukur Xolmirzayev hikoyalarini oʻqi, kam boʻlmaysan, deyman. Bu maslahat baʼzilarga asqotganini ham sezaman...

Shukur aka, oʻzi gʻururlanib taʼkidlaganidek, biror dahodan kam joyi yoʻq adib. Birgina istak shuki, asarlari chop etilganda kichik emas, katta adadlarda chop etish lozim. Adib hayotligi chogʻida yigirma yillab nashriyotlar eshigini qoqmagani oʻzining aybi emas, albatta. Biz endi oʻquvchilar uchun shuning hissasini chiqarsak kifoya. Qolganini kitobxon hal qilsin.

Sobir OʻNAR,

yozuvchi.