Olimlar topgan bu dalillar vikinglar davridagi skandinaviyaliklar va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi yaqin aloqalar mavjudligiga oid dalillarning birinchisi emas.

Topilgan xazina 163 tangadan iborat, ular kumushdan yasalgan. Aksariyati oʻrta asrlar jahon madaniyati chorrahasi va rivojlanishida katta hissa qoʻshgan shahar — Samarqandda zarb qilingan. Bu tangalar X asrning oʻrtalariga (milodiy 935-936-yillar) tegishli boʻlib, Shvetsiya bronza davri tarixiy tepaliklarida topilgan. Buning ajablanarli joyi yoʻq, chunki Vikinglar davrida bu yodgorliklar koʻpincha qurbonliklar joyi sifatida xizmat qilgan.

Tangalarning 50 tasi butun, qolganlari esa quyma kumush sifatida ishlatish uchun ezib maydalangan. Baʼzilari bezak yasab kiyish uchun ip oʻtkazish teshiklari yoki ilmoqlar bilan oʻzgartirilgan. Tangalar zarb qilingan joyda belgilangan pul qiymatiga ega boʻlgan, biroq u paytda Skandinaviyada pul tizimi boʻlmagani sababli tangalar ogʻir metall yoki zargarlik buyumlari sifatida baholangan. Shvetsiyada hozirgi kunga qadar 70 000 ga yaqin Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bilan bogʻliq tangalar topilgan.

Bu bir vaqtlar Vikinglar dunyosi va Sharq oʻrtasida mavjud boʻlgan keng qamrovli savdo yoʻllarini aks ettiradi. Oʻsha davrlarda eʼtibor asosan Volga daryosiga qaratilgan boʻlib, janubga moʻyna, teri va qullar “eksport” qilingan, shimolga esa kumush tangalar va ekzotik mahsulotlar qaytgan. Arxeologlar vikinglar “inson hayoti davomida koʻmilgan boylik unga keyingi hayotda foyda keltiradi” deb ishongan, deb aytilsa-da, xazinalar nega koʻmilganligi boʻyicha boshqa taxminlar ham oʻrganilmoqda.