Sifatli taʼlim va maʼnaviy tarbiya uygʻunligi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 28-yanvar sonida akademik Oqil Salimovning “Sifatli taʼlim va maʼnaviy tarbiya uygʻunligi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugungi kunda mamlakatimizda maʼnaviyat va maʼrifatga, taʼlimtarbiyaga, Yangi Oʻzbekistonning barkamol avlodini shakllantirishga eʼtibor nihoyatda kuchaydi. 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida jamiyat maʼnaviyatini yanada yuksaltirish hamda shu asosda maʼrifat va taʼlim-tarbiya sohasini rivojlantirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangani bejiz emas.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga 2022-yil 20-dekabrdagi Murojaatnomasida alohida taʼkidlanganidek, “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir. Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek: “Zakovat bor joyda ulugʻlik boʻladi, Bilim bor joyda buyuklik boʻladi”.

    Shuning uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilib, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha ular qoʻygan masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak”.

    Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, avvalo, boy tarixiy merosimizning tiklanishi, anʼanalarimizning saqlanishi va xalqimiz maʼnaviyati yuksalishi bilan ilm-fan rivoji hamda taʼlim-tarbiya sifatiga uzviy bogʻliqligi shubhasiz. Jamiyat taraqqiyoti va unga uygʻun boʻlgan maʼnaviy barkamol yoshlarni tarbiyalash jarayoni ana shu omillarning oʻzaro birligi va aloqadorligi asosida amalga oshishi insoniyat tarixida isbotlangan haqiqatdir.

    Bugun Oʻzbekistonda ushbu qonuniyatga ogʻishmay amal qilinmoqda. Xalq maʼnaviyatini yuksaltirishga har tomonlama shakllangan, zamonaviy tafakkurli yosh avlodni kamolga yetkazishning asosiy omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Taʼkidlash joizki, hech qachon maʼnaviyat va maʼrifat bilan taʼlimtarbiya bir-birini inkor etmaydi, aksincha, bir-birini quvvatlab, oʻrnini toʻldirib, oʻzaro taʼsirlanib, rivojlana boradi.

    Bu jihatdan mamlakatimizda 2023-yilda sifatli taʼlimga yuksak eʼtibor qaratilayotgani va bu jarayonda maʼnaviy rivojlanish asosida taraqqiyotni taʼminlashga harakat qilinayotgani bugungi hayot talabini aks ettiradi, albatta. Sifatli taʼlim-tarbiyaning mazkur jabhadagi muhim vazifasi yoshlarda oʻzlikni anglash tuygʻusini tarbiyalash, ajdodlardan qolgan moddiy va maʼnaviy merosning boshqalar oldida nechogʻliq ulkan ahamiyat kasb etishini anglatish, ular bilan faxrlanish va gʻururlanish hissini kuchaytirishdan iborat.

    Bunday taʼlim orqali avlodlarning maʼnaviy robitasi mustahkamlanib, vorisiylik oʻz ifodasini topadi. Boy tarixiy merosni bilish va undan ibrat olib yashash yosh avlodning har bir vakilini hayot qiyinchiliklari va turmush mashaqqatlariga chidamli qiladi. Kelajakka ishonchini mustahkamlaydi, matonatini oshiradi hamda orzuumidlari roʻyobi sari muhim maʼnaviy dalda boʻlib xizmat qiladi. Oʻzlikni anglash oʻtmishni bilishdan boshlanadi. Oʻzligini chuqur anglagan yoshlardagina milliy gʻurur paydo boʻladi.

    Taassufki, xalqimizning tarixiy oʻtmishi, oʻzligi, maʼnaviyati haqida gapirganda, bizda chuqur ilmiy asosga tayangan tahlil, muayyan masalalarda aniq yondashuv yetishmayotganini taʼkidlash joiz. Maʼlumki, yurtimiz dunyodagi eng qadimgi tamaddunlar qaror topgan hududlardan biri hisoblanadi. Xalqimiz ham qadimgi Misr, Mesopotamiya madaniyati kabi qadimiy madaniyat oʻchoqlaridan biridir. Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz va Qarshi, Qoʻqon, Margʻilon kabi qator shaharlarga xos uzoq oʻtmish va tarixiy osori atiqalar buni tasdiqlab turibdi.

    Bebaho yodgorligimiz boʻlmish “Avesto”da bitilgan “ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal” gʻoyasi yoshlarimizni Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalashning maʼnaviy asoslari mustahkamligidan dalolat beradi. Bu jihatdan sifatli taʼlim jarayonida “Men shu millat farzandi ekanman, ajdodlarim kim boʻlgan, xalqimning ibtidosi qayerda, uning shakllanishi va taraqqiyoti, milliy davlatchiligi tadriji qanday kechgan?” degan savollarga har bir yoshning ongidan joʻyali javoblar ham mustahkam oʻrin egallashi zarur.

    Jahonga Ahmad Fargʻoniy, Muhammad Xorazmiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolarni bergan xalqning bugungi farzandlari bu haqida chuqur bilimga ega boʻlishi lozimligini bugun hayotning oʻzi talab qilmoqda.

    Hozirgi globallashuv davrida sifatli taʼlim masalasi nafaqat muallimlar, professor-oʻqituvchilar, olim va mutaxassislarni, balki keng jamoatchilikni, hatto har bir fuqaroni befarq qoldirmasligi kerak. Chunki xalqining farovonligi va Vatani ravnaqidan koʻngli togʻdek yuksaladigan, yurtining taqdirini oʻz taqdiri deb bilgan har bir inson bobolarining boy tarixiy merosiga, ajdodlari xotirasiga cheksiz hurmat tuygʻusi bilan yashaydi. Tarixning har bir lahzasini va unda kechgan voqelikni, ezgu ishlarni yodida saqlaydi va muqaddas sanaydi.

    Shu maʼnoda, sifatli taʼlimdan koʻzlangan eng asosiy maqsad — ajdodlarimizning nechogʻliq buyuk shaxslar boʻlganini, ilm-fanning turli sohalaridagi kashfiyotlari orqali jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganini, mintaqamiz dunyo sivilizatsiyasining qadimiy yirik oʻchoqlaridan biri ekanini yoshlarga anglatish, ularning ushbu merosga sadoqatini yanada kuchaytirishdan iborat. Ayni paytda bu saʼy-harakatlar bobolarimizning gʻayrat-shijoati, yuksak aql-zakovati, tadbirkorligi va elparvarligi xalqimizga, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodga hamisha ibrat namunasi boʻlib qolishini anglatadi.

    Eng zamonaviy ilmlar bilan qurollanmagan, bilim va tafakkur ufqi keng kishilarsiz Yangi Oʻzbekistonning kelajagini, jahon hamjamiyatidagi mustahkam oʻrnini tasavvur etib boʻlmaydi. Bugungi kunda bu ortiqcha izoh talab etmaydigan haqiqat ekani barchaga ayon. Shuning uchun ham barkamol avlodni tayyorlashning bosh vositasi boʻlgan sifatli taʼlim tizimini isloh etish jarayonida milliy tarbiyaning mazmuni va samarasini zamon talablari darajasiga koʻtarish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Bu borada yoshlarning taraqqiy topgan davlatlardagi oʻquv markazlariga borib oʻqishiga, professor-oʻqituvchilarning xorijda malaka oshirishiga hamda taʼlim sohasi bilan bogʻliq xorijiy mablagʻ va grantlarni mamlakatimizga jalb etishga katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Taʼkidlash joizki, sifatli taʼlim bir kunlik hodisa emas, muayyan vaqt talab qiladigan uzluksiz ijtimoiy va tarbiyaviy jarayon. Yaʼni u taraqqiyotning bir bosqichidan ikkinchisiga oʻtayotgan mamlakatimizdagi yangilanish va uzluksiz oʻzgarishning tarkibiy qismi sanaladi.

    Shu maʼnoda, sifatli taʼlim jamiyatdan, hozirgi davrda roʻy berayotgan jarayonlardan tashqarida sodir boʻladigan oddiy hodisa emas. U oʻzida bugungi hayotimizning barcha jabhasida roʻy berayotgan yangilanishlarning asosiy xususiyatlarini aks ettiradi. Demak, bu Yangi Oʻzbekistonni barpo etayotgan va uni har tomonlama mustahkamlashga harakat qilayotgan mamlakatimiz uchun tarixiy zarurat. Yaʼni u tasodifiy namoyon boʻladigan oʻtkinchi hodisa emas, balki yangilanish davrining zarurati, jamiyat maʼnaviy hayoti va taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarda yangicha tafakkurni shakllantirishdagi asosiy yoʻnalishlardan biridir.

    Sifatli taʼlim — alloma bobolarimiz orzu qilgan fozil odamlarning komil fazilatlarini shakllantiradigan va takomillashtiradigan jarayon. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu gʻoyat murakkab tizimli oʻzgarishlar, ushbu soha kishilarining eskicha psixologiya asoratidan xalos boʻlishi bilan bogʻliq bosqich hamdir. Ana shu pallada tarbiyaviy muhitda, taʼlim-tarbiya tizimida va ular bilan bogʻliq holda bu boradagi yondashuv hamda unga munosabatda ham yangi va tub oʻzgarishlar roʻy berishi tabiiy.

    Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Maʼrifatparvar jadid bobolarimizning bu soʻzlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak”.

    Shunday ekan, sifatli taʼlim jarayonida ishtirok etayotgan barcha mulozimlar va tarbiyachilar, muallimlar va professor-oʻqituvchilar bugungi globallashuv oqibatlari va ayrim yoshlarimizning xilma-xil manbalar orqali kelayotgan turli yot gʻoyalarni xolis axborot manbai sifatida qabul qilayotganlarini ham nazardan qochirmasligi lozim.

    Yot mafkuralarni koʻr-koʻrona qabul qilishning qulay zamini — uyali aloqa vositalari va ijtimoiy tarmoqlarga tobelik, maishiy qulaylikka ortiqcha intilish, buyumparastlik va boqimandalik, milliy-maʼnaviy qadriyatlarning ahamiyatini toʻla anglay bilmaslikdir. Bugun dunyodagi globallashuv taʼsirida shakllanayotgan ana shunday murakkab vaziyatning mavjudligi barcha yoshlarimizda maʼnaviymafkuraviy immunitetni tarbiyalash ishlarini faollashtirish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etayotganidan dalolat beradi.

    Ushbu jabhada bugungi kunga xos sifatli taʼlim jamiyatda mustaqil fikrlovchi erkin shaxsning shakllanishiga olib keladi. Oʻzining qadr-qimmatini anglaydigan, irodasi baquvvat, iymoni butun, hayotda aniq maqsadga ega boʻlgan, vatanparvar avlodlarni tarbiyalash imkonini beradi. Shu bilan birga, dunyo miqyosida roʻy berayotgan oʻzgarishlar madaniy-maʼnaviy soha rivojiga, milliy urf-odat va anʼanalarga jiddiy taʼsir etayotgan davrda bugungi globallashuv sharoiti, inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olgan bir paytda sifatli taʼlim-tarbiyaning zamonaviy, taʼsirchan texnologiyalarini ishlab chiqish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Chunki ayrim mamlakatlarning turli vositalar orqali oʻz turmush tarzi, dunyoqarashi va qadriyatlarini targʻib etishga intilayotgani boshqa xalqlarning milliy urf-odat hamda anʼanalariga putur yetkazayotganidan, asrlar davomida shakllanib, tajribada sinalgan tarbiya usullarining mintaqamizga yot turli andazalar bilan baholanayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Bu hol yoshlarning dunyoqarashi, hayotga munosabatining salbiy tomonga oʻzgarishiga, milliy qadriyatlarimizning qadrsizlanishiga sabab boʻlishi mumkin.

    Afsuski, madaniy hayotdagi ayrim nuqsonlar, xususan, baʼzi telekoʻrsatuvlar saviyasining talab darajasida emasligi, estrada sanʼatimizda bizga yot andazalarga taqlidning kuchayib borayotgani, doʻkonlarda oldiqochdi nashrlar koʻpayib borayotgani ham yoshlar dunyoqarashiga ijobiy taʼsir etadi, deb boʻlmaydi. Bu boradagi sifatli taʼlim shakllanishi birdan yuz bermaydi, albatta. U yosh avlodning har bir vakili qalbida milliy manfaatlar ustuvorligi nuqtayi nazarini shakllantirish hamda oʻgʻilqizlarning yangi va xolis bilimlarga ega boʻlish jarayoni bilan uygʻunlikda amalga oshadi.

    Bunday tizim orqali taʼlim muassasalari yoshlarning zamonaviy dunyoqarashini shakllantiradi hamda ularda yot gʻoyalar va buzgʻunchi harakatlarning turli koʻrinishlariga faol murosasizlikni tarbiyalaydi. Buni tushunmaslik va qandaydir xomxayollar bilan yengil-yelpi targʻibot-tashviqot yuritish nainki sifatli tarbiya dasturlarini, balki islohotlardan koʻzda tutilgan ulkan maqsadlarni ham obroʻsizlantiradi va ularning amalga oshishiga xalal beradi.

    Ayrim yoshlarimizning aqidaparastlar taʼsiriga berilayotgani, giyohvandlik va jinoyatchilik yoʻliga kirib qolayotgani, oilaviy hayotga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgani, taʼlimtarbiya jarayonida nuqsonlar mavjudligi, oʻquv muassasasi, ota-onalar, keng jamoatchilik, yoshlar tarbiyasiga masʼul tashkilotlar faoliyatidagi nomuvofiqlikdan, ular oʻrtasida izchil va samarali hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidan darak beradi. Shuning uchun ham bugun sifatli taʼlimga oʻtish va barkamol avlodni tarbiyalash barchaning — jamiyatning, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning asosiy ishi, insoniy burchidir.

    Nazarimda, jamiyatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida, yaʼni mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida yangilanish davriga qadam qoʻyilgan, kishilar dunyoqarashi, tushuncha va tasavvurida jiddiy oʻzgarishlar roʻy berayotgan, taʼlim-tarbiya tizimi sohasida tub islohotlar amalga oshirilayotgan pallada bu boradagi faoliyat eng muhim jabhaga aylandi. Chunki hozir aholisi intellektual yuksak, yoshlari bilimli, or-nomusli, vatanparvar boʻlib unib-oʻsayotgan davlatgina kuchli boʻlishini dunyodagi manzaralar yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Bu oʻrinda sifatli taʼlim va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash taraqqiyotning bugungi bosqichigina emas, avvalo, mamlakatning uzoq istiqboldagi rivoji, strategik maqsad hamda vazifalarning amalga oshishini belgilaydigan muhim omillardan biri ekani ham ayon boʻladi. Joriy yilda islohotlar samarasini taʼminlash, erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash bilan birga, taʼlim-tarbiya sohasini isloh etish, yoshlarimizni ham maʼnan, ham jismonan raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarni puxta egallagan avlod, yuksak aql-zakovat sohibi etib voyaga yetkazish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etganining eng asosiy sabablaridan biri ham shunda.

    Bularning barchasi yoshlarni iymoneʼtiqodli, aql-zakovatli, irodasi mustahkam, bilimli va dono, oʻz yurti tarixi, milliy qadriyatlari hamda buyuk ajdodlari qoldirgan boy maʼnaviy merosni koʻz qorachigʻiday saqlashga oʻrgatish, yaʼni sifatli taʼlimga erishish oiladan, ota-onalar oʻgitidan boshlanib, balogʻat yoshigacha boʻlgan yillar va undan keyingi davrlarda ham izchil amalga oshirilishi lozimligidan dalolat beradi.