Sifatsiz dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosiga chek qo‘yildi

    Yangiyoʻl tumanida istiqomat qiluvchi, 1976-y.t. fuqaro oʻzining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, xorijda ishlab chiqarilgan va yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositalarini qayta qadoqlash orqali sotuvga chiqarish bilan shugʻullangan.

    Buni Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fosh qilindi.

    Xususan, ushbu manzilda 34 turdagi 445 ming dona dori vositalari borligi aniqlandi.

    Ulardan 24 turdagi dori vositalari Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ukraina davlatlarida ishlab chiqarilgan boʻlib, yaroqlilik muddati 2007-2020-yillar oraligʻida tugagan.

    Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 3 mlrd. 185 mln. 250 ming soʻmni tashkil etadi.

    Shuningdek, noqonuniy sexda qadoqlash va dori vositalarining muddatini oʻzgartirish uskunalari, qalbaki shtamp va muhrlar borligi ham maʼlum boʻldi.

    Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham Bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Xususan, “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib, Yashnobod tumanidagi avtoturargohlarning birida toʻxtagan “Isuzu” rusumli yuk mashinasi koʻzdan kechirilganda, unda xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari boʻlmagan va sifati kafolatlanmagan 4 turdagi jami 72 425 dona, umumiy qiymati 231 mln. 760 ming soʻmlik tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, qoʻshni davlat hududidan aylanma yoʻllar orqali mamlakatimizga olib kirilgan ushbu tibbiyot buyumlari Fargʻona shahrida yashovchi, 1976-y.t. ayolga tegishli boʻlgan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.