Singapur ekspertlari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim oʻrni va rolini eʼtirof etdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Yanvar 2023 1191

    Bugun Singapurda “Oʻzbekiston va Singapur: oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Anjuman Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va Singapurdagi Nanyang texnologiya universiteti huzuridagi S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi (RSIS) hamkorligida tashkil etildi.

    Unda Singapur Tashqi ishlar, Savdo va sanoat vazirliklari vakillari, yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot tuzilmalari ekspertlari ishtirok etdi. S.Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi, Singapur Milliy universiteti, Yaqin Sharq instituti (MEI), Markaziy va Janubiy-Sharqiy Osiyo hamda xalqaro hamkorlar boʻyicha Singapur hamkorlik markazi (SCE), boshqa tashkilot va muassasalar shular jumlasidandir.

    Davra suhbatida Oʻzbekiston tomonidan MOXI, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari qatnashdi.

    Tadbirda hozirgi dinamika siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgani alohida qayd etildi. Toʻqimachilik, kimyo, transport, taʼlim va boshqa sohalarda hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari mavjudligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar barcha sohalarda oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Singapur hamkorligini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratayotgani urgʻulandi. Shuningdek, deyarli barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

    Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan mintaqaviy siyosatning ustuvor yoʻnalishlari va muvaffaqiyatlari, mamlakatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslariga doir batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

    Anjumanda soʻzga chiqqan Singapur ekspert doiralari vakillari oʻzaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholadi.

    S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi raisi Ong Keng Yong Singapur va Oʻzbekiston Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan katta imkoniyatlarga ega ekaniga eʼtibor qaratdi.

    Oʻz navbatida, Singapur Savdo va sanoat vazirligining Rivojlanayotgan bozorlar departamenti direktori Deniz Pereyra Kerri-Enn Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim oʻrni va rolini eʼtirof etdi.

    Mamlakatning ochiqligi, amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgani, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

    Uning aytishicha, soʻnggi yillarda Singapur Oʻzbekistonga 350 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Bu global miqyosda katta miqdor emas. Lekin eng muhimi, bu miqdor izchil oʻsishda davom etyapti.

    Mutaxassis sayyohlik ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi ekanini aytdi. Chunki bu sohada ulkan salohiyat mavjud. Oʻzbekiston, shuningdek, Singapurda katta talabga ega boʻlgan xushtaʼm quritilgan va yangi mevalarning asosiy yetkazib beruvchisiga aylanishi mumkin.

    Singapur logistika va raqamlashtirish sohalarida ham yetakchi hamkorga aylanishi mumkin. Bu sohalarga yetakchi xususiy sektor vakillarini jalb etish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

    S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi katta ilmiy xodimi Rafaello Pantuchchi Oʻzbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi Singapur kabi butun Markaziy Osiyoning harakatlantiruvchi kuchi ekanini taʼkidladi.

    Mamlakatlarda hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi, bu har ikki tomondan ham katta mehnatni talab qilishi qayd etildi.

    Tadbir doirasida Singapur vakillari ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollariga ham alohida eʼtibor qaratdi. “Yashil” energetika, innovatsiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikka katta qiziqish bildirilayotgani taʼkidlandi.

    Ishtirokchilar oʻzaro fikr almashishning dolzarbligini taʼkidlar ekan, shu kabi shaklda yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot uchun: S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi 2007-yilda tashkil etilgan boʻlib, u xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanadigan dunyoning yetakchi tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. RSIS tadqiqotlari muntazam ravishda nufuzli nashrlarda, yetakchi jurnallar va onlayn platformalarda chop etiladi.