Singapur elchisi Elektron hukumat markaziga tashrif buyurdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Avgust 2022 1162

    Elektron hukumat markaziga Singapur Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Singapurda) Zulkifli Baharudin tashrif buyurdi.

    Martabali mehmon Oʻzbekistonda Elektron hukumat tizimini rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan qisqacha tanishtirildi. Elchi mamlakatimizda AKT sohasida erishilayotgan yutuqlarni ijobiy qayd etdi. Singapur tajribasidan kelib chiqib, axborot texnologiyalari va elektron hukumat ekotizimini yanada rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

    Suhbat chogʻida ikki davlat tashkilotlari oʻrtasida elektron hukumat sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi. Singapurning bu boradagi tajribasini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi. Singapur ayni damda BMTning elektron hukumat reytingida dunyoda 11-oʻrinni egallab turibdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Singapur Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Qahramon Shokirov ham ishtirok etdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.