Viloyatlardan jalb qilingan quruvchilar tomonidan 1 830 ta uylarda qurilish taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 11 ming 170 nafar fuqaroga foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, toshqin oqibatida uy-joylari yaroqsiz xolatga kelgan fuqarolar uchun 52,5 gektar maydonda 86 ta 2 640 xonadonli koʻp qavatli turar joy binolari barcha sharoitlariga ega holda qurib bitkazilib, bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda.

2020-yil 13-oktyabr kuni Muhtaram Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida toshqindan zarar koʻrgan xonadonlar oʻrnida qad rostlagan yangi zamonaviy tipdagi uylarni koʻrib, amalga oshirilgan katta koʻlamli ishlarga yaxshi baho berishi, albatta, viloyatlardan jalb qilingan quruvchilarning beminnat mehnati evaziga boʻldi, desak adashmaymiz.

Bugun, 22-oktyabr kuni toshqindan zarar koʻrgan hududlarni obod qilish va aholiga qulay sharoit yaratishda jonbozlik, fidoyilik koʻrsatigan bir qator shaxslarni Prezidentimiz Farmoni bilan taʼsis etilgan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi qabullar saroyida boʻlib oʻtgan tantanali yigʻilishda viloyat hokimining oʻrinbosarlari, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlari sektorlari rahbarlari, faollar hamda yoshlar vakillari ishtirok etishdi.

Taqdirlash marosimida viloyat rahbari Gʻofurjon Mirzayev soʻzga chiqib, texnogen holat tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda, talofat oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan barcha-barchaga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Oʻylaymizki, bunday eʼtibor oʻzini shu yurtning vafodor, mard farzandi deb hisoblagan har bir fuqaroning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshaveradi.