Keyingi yillarda mamlakatimizda kardiologiya va kardiojarrohlik sohasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Aholiga bu yoʻnalishda zamonaviy tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha oʻziga xos tizim yaratilgan. Dunyoning ilgʻor mamlakatlarida qoʻllanilayotgan eng noyob diagnostika va davolash texnologiyalari endilikda bizda ham mavjud.
Bugun Sirdaryo viloyat kardiologiya dispanserida viloyatda ilk marotaba yurakni karona tomirlari boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Bugunning oʻzida dispanserda 6 nafar bemorda stentlash amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Muassasaga yangi keltirilgan tibbiy uskunalar, apparaturalarning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi, Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari, malakali toshkentlik va sirdaryolik mutaxassislar ishtirok etishdi.
Viloyat kardiologiya dispanserida 2017-2018-yillarda investitsiya dasturi asosida 8,3 milliard soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda mazkur markazda 38599 nafar bemor roʻyxatda turadi. Shulardan oʻtgan 2020-yil davomida 2775 nafar bemor davolanib chiqdi.
Avvallari viloyatimizda zamonaviy murakkab kardiojarrohlik amaliyotini oʻtkazishga shart-sharoitlar yoʻq edi. Yil davomida faqatgina 200 nafar bemorga poytaxtga yoʻllanma berish imkoniyati mavjud edi xolos. Sogʻliqni saqlash boshqarmasining hisob-kitoblariga koʻra, bugungi kunda viloyatda 3211 nafar yurak qon tomirlarini stentlash amaliyotiga muhtoj boʻlgan bemorlar aniqlangan boʻlib, endilikda ularga viloyatimizning oʻzida stent qoʻyish imkoniyati paydo boʻldi. —Bugungi kunda Sirdaryo viloyati kardiologiya dispanserida viloyat boʻyicha 38599 bemor roʻyxatda turadi, — deydi sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev. - Ularning 3211 nafari jarrohlik amaliyoti bilan bogʻliq tibbiy yordamga muhtoj. Ammo shu paytgacha yurak operatsiyasi va shu bilan bogʻliq amaliyotni bajarish imkoniyatiga ega emas edik.
Viloyat kardiologiya dispanseriga qoʻshimcha tarzda 1,6 millon AQSH dollariga teng miqdordagi 23 turdagi 88 dona zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Muassasada endovaskulyar xirurgiya boʻlimiga koronoroangiograf apparati oʻrnatildi. Ushbu angiograf apparati orqali bemorlarning yurak koronar qon tomirlari, uyqu arteriyalari va son arteriyalarini tekshiruvdan oʻtkazish, muhtoj boʻlgan bemorlarga stent qoʻyish amaliyotini amalga oshirish imkoniyati paydo boʻldi. Buning samarasi oʻlaroq viloyatda yurak ritmining murakkab buzilishini jarrohlik yoʻli bilan tiklash hamda ochiq yurakda jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu operatsiyalarni xorijda malaka oshirib kelgan oʻzimizning mutaxassislar Rossiya Federatsiyasidagi “Bakuleva” institutida tahsil olgan 1 nafar hamda Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida malaka oshirib kelgan 2 nafar shifokorlar bajarmoqda.
Zamonaviy tibbiyot apparatlarini foydalanishga topshirish marosimida soʻzga chiqqan mutasaddilar aholi salomatligini muhofaza qilish bundan buyon ham asosiy eʼtibordagi masala boʻlishini bildirdilar.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati