Dunyoda shunday ziravor borki, nafaqat ta'mi, balki davolovchi xususiyatlari sabab tabobatda ham, tibbiyotda ham nihoyatda qadrlanadi. Biz uni har kuni non mahsulotlari, turli taomlar ustiga sepilgan holda iste'mol qilamiz. Buyuk hakim bobokalonimiz Abu ali Ibn Sino uni “organizmning energiyasini rag'batlantirib, depressiya va charchoqni tiklashga yordam beradigan urug'” deb nomlagan. Hadislarda ushbu shifobaxsh ziravor o'limdan boshqa har qanday dardga davo ekani aytiladi.

Gap, xalq orasida “ming dardga davo” deb ta'riflanuvchi qora sedana haqida bormoqda. Sayyoramiz aholisi uni rim kaliandri, nigella, kaindji kabi nomlar bilan ham atashadi. Dunyo oshxonasida qora sedana yoqimli achchiqroq ta'mi sabab taomlarga o'zgacha maza beruvchi qo'shimcha sifatida mashhur. Zamonaviy tibbiyotda esa turli kasalliklarga shifo bo'luvchi dori vositasidir. SHu bois, jahonda ushbu mahsulotga bo'lgan talab kun sayin ortib boryapti. Bunga mos ravishda ko'plab davlatlarda qora sedana etishtirish va qayta ishlash sanoati ham rivojlanmoqda.

Yurtimiz sharoitida qora sedana asosan Sirdaryo, Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlarida etishtiriladi. Bu hududlarning iqlim sharoiti va tuproq imkoniyatlari bilan bog'liq bo'lsa kerak. Ammo mutaxassislarning aytishicha, serquyosh diyorimizning barcha erlarida qora sedana etishtirish imkoniyatlari bor.

Kuni kecha Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatida yangi usuldagi tajriba loyiha — organik qora sedana etishtirish boshlandi. Sirdaryo tumanidagi foydalanilmay yotgan 20 gektar yer maydoniga ishlov berilib, jahon standartlari talabi asosida tayyorlangan yerga 300 kilogramm organik qora sedana urug'i qadaldi. Ilk hosil qora sedananing o'z “odati”ga ko'ra, 90—100 kunda olinishi rejalashtirilgan.

— Organik, ya'ni, “ekologik toza” talablari asosida mahsulot etishtirish uchun aynan qora sedana tanlanganining bir qancha sabablari bor, — deydi  Qishloq xo'jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo'jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i Anvar Jumanov. — Chunki jahon va Yevropa bozori o'rganilganda organik sedanaga talab katta ekani ayon bo'ldi. Qora sedana inson salomatligi uchun vitaminlar manbai bo'lgan yog' olish, dorivor vositalar va kosmetologiyada keng qo'llanilgani bois, bozori ancha chaqqon mahsulotlar qatorida turibdi. Qolaversa, mahalliy sharoitda ham organik qora sedanadan turli sohalarda samarali foydalanish mumkin. Loyiha uchun aynan Sirdaryo viloyati tanlanganiga kelsak, ushbu hudud qishloq xo'jaligida foydalanilmagan ekin yer maydonlari mavjud va bu organik usulda mahsulot etishtirishni joriy qilish uchun eng maqbul yechimlardan biri hisoblanadi.

Qolaversa, Sirdaryoning yer, suv va tabiat resurslari boy. Aholi jon boshiga ekin maydonlari boshqa hududlarga nisbatan 2-3 baravar ko'p. Viloyatda qishloq xo'jaligini suv bilan ta'minlanganlik darajasi ham yuqori. Joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari Sirdaryoga tashrifi chog'ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida imkoniyatlar hali ko'pligini ta'kidlagani bejiz emas. Ayniqsa, hududning agrar tarmog'iga ilm va innovatsiya olib kirilsa, mahsulot yetishtirish hajmi va eksportini yanada oshirish imkoniyatlari yuqori.

Talab bitta: mahsulot faqat tabiiy usulda olinadi

Organik qora sedana etishtirish tajriba loyihasi xususiy sektor bilan hamkorlikda yo'lga qo'yildi. Hamkor korxona bir qancha talablar asosida tanlab olindi va “Srop production organis Ltd” kompaniyasi bilan birgalikda ishlar boshlab yuborildi.

Xo'sh, oddiy qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi nimada? Aslida, nafaqat sedana, balki istalgan mahsulotni organik usulda etishtirish oson emas, uning o'z talablari bor. Bunda har bir jarayon nazoratga olinadi — tuproq tarkibidan tortib, mahsulotni kimyoviy qo'shimchalarsiz, “ekologik toza” talablari asosida etishtirishgacha bari sifat mezonlariga javob berishi zarur. Jarayonda faqat biologik toza preparat va o'g'itlardan foydalanish nazarda tutiladi.

Odatiy so'zlashuvda “ekologik toza” tarzida qo'llaniladigan organik so'zi “cheklangan” ma'nosini anglatadi. Ya'ni, bunday mahsulot qo'shimcha mineral o'g'itlarsiz, zaharli ximikatlarsiz va boshqa texnogen ta'sirlarsiz, zamonaviy texnologiyalar asosida etishtiriladi yoki tabiiy toza xomashyolardan olinadi. Bozorlarda sun'iy mahsulotlar ortib borayotgan bugungi davrda organik oziq-ovqatlarga talab har qachongidan oshgan. Shunga mos ravishda bunday mahsulotlarning qiymati ham dunyo bozorida anchayin yuqori. Hatto, organik qishloq xo'jaligi jahon trendiga aylangan. Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda dunyoning 179 mamlakatida organik qishloq xo'jaligi rivojlanmoqda. 2021-yili ushbu yo'nalishdagi xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 106,4 milliard yevroni tashkil etib, 3,1 million ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shug'ullangan. Keyingi yillarda bu ko'rsatkich yanada o'smoqda.

Loyiha mutaxassislari ishni normativ hujjatlar va jahon standartlarida belgilangan standartlar bo'yicha zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va me'yoridan ortiq mineral o'g'itlardan holi bo'lgan yer tanlashdan boshladi. Kunlar isiy boshlashi bilan yerga yana hech qanday zararli moddalardan foydalanmasdan, qo'l mehnati va mexanik usulda ishlov berildi. Yerga qadalgan qora sedana urug'i ham maxsus “Organik” sertifikatiga ega.

Buyog'iga olib boriladigan agrotadbirlardan tortib, hosilni yig'ib-terib olish va eksportga yo'naltirish ishlari ham faqat “sog'lom muhit”da olib boriladi. Vegetatsiya davrida muvofiqlikni baholash organlaridan inspektorlar kelib, organik usulda olib borilayotgan tadbirlar bilan tanishib chiqadi. O'simliklardan namuna olib, o'z tahlillarini o'tkazadi. Agar ishlab chiqarilgan mahsulotda nomuvofiqliklar aniqlanmasa, maxsus sertifikat beriladi va “organik mahsulot” deb tan olinadi. Tayyor bo'lgan organik qora sedana nafaqat foydaliligi, balki eksportbopligi bilan ajralib turadi.

— Zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan qishloq xo'jaligini organik dehqonchiliksiz tasavvur etish qiyin, — deydi Anvar Jumanov. — Bunday dehqonchilikning asosi tuproq sifatini yaxshilab, yer unumdorligini oshirishga qaratilgani holda, ekologik toza, serhosil mahsulot etishtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, biologik dehqonchilikni yuritish soha olimlaridan doimiy o'rganishlar, ilmiy tadqiqotlar va yangi chora-tadbirlarni talab etadi. Oxirgi yillarda yurtimiz sharoitida ham bu borada jiddiy ishlar olib borilmoqda. Birgina 2022-yilda 9 ta paxta-to'qimachilik klacteriga tegishli 7 ming 344 gektar maydonda “Organic” xalqaro standart talablari asosida paxta xomashyosi yetishtirildi. Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi 15 ta hududning 5,9 ming gektar maydoni organik meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulot “Organis” sifat sertifikatiga ega. Ulardan biri qora sedana hisoblanadi.

Xaridorlar — Yevropa davlatlari

Ibn sino bobomiz qora sedanani ko'plab kasalliklarga davo, deganicha bor. Ushbu mahsulotga qadimdan davolovchi vosita sifatida qaralgan. Ayniqsa, Osiyo va Yaqin Sharqda yuqori qadrlanadi. Aynan shu mintaqa odamlari ilk bor uni dori vositasi sifatida qo'llay boshlagan ekan.

O'simlik urug'lari ko'plab shifobaxsh xususiyatlarga ega bo'lib, organizmdagi turli-tuman biologik jarayonlarga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Immunitetni mustahkamlash, shamollash va yallig'lanishlarni olish, og'riq qoldirish, stresslardan xalos etish va boshqa ko'plab kasalliklarni davolovchi ta'sirga ega. Qora sedana asosida tayyorlangan vositalar ko'plab xastaliklarning oldini olishda ham qo'llaniladi. Jigar, nafas yo'llari va yuqumli kasalliklarda tengsiz, deya baholanadi. Jahon bozorida, ayniqsa, qora sedana yog'iga talab katta.

Yurtimizda ilk bor organik usulda qora sedana etishtirish yo'lga qo'yilganining yana bir sababi bor. Gap shundaki, ushbu o'simlikni ekish hisobiga tuproq yer strukturasini yaxshilash, unumdorligi, donodorligini oshirish, ekologik muhitni saqlash ko'zda tutilgan.

— Qora sedana Sirdaryo viloyatidagi sho'rlangan erlarga ekilishi natijasida ularning sho'rlanganlik darajasini kamaytiradi, — deydi Anvar Jumanov. — Ushbu o'simlik almashlab ekish uchun ham mos keladi. Yerlarning sho'rlanish darajasi kamayganidan keyin kunjut, mosh, soya, oq fasol va boshqa ekinlarni ham organik usulda yetishtirish rejalashtirilgan. Prezidentning 2020-yil 18-maydagi “Qishloq xo'jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko'rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonida ham bu boradagi aniq vazifalar belgilangan.

Loyiha tashabbuskorlari qora sedana urug'lari qadalgan er maydonining har gektaridan 1—1,5 tonna hosil olishni ko'zlamoqda. Tayyor mahsulotning xaridorlari ham naqt — hozircha Germaniya va Norvegiyalik hamkorlar bilan savdo shartnomalari imzolangan. Yuqorida aytganimizdek, organik qora sedanaga asosan Yevropada talab yuqori bo'lib, mahsulot narxi ancha qimmatga baholanadi.

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, dastlab Sirdaryoda boshlangan loyiha yaqin yillarda yurtimizning barcha hududlarida amalga oshiriladi. Hozirgi kunda esa mamlakatimizdagi barcha fermer xo'jaliklarida organik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo'yicha seminarlar olib borish, ularga ekishdan tortib, eksportga yo'naltirishgacha bo'lgan jarayonni turli media mahsulotlar orqali etkazish, maxsus qo'llanmalar yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 14.04.23 y, 72-sonida e'lon qilindi)