Sirdaryoda patronaj xizmatining yangi modeliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

    Salomatlik 25 Aprel 2021 1237

    Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida o‘tkazilgan seminar qonun osti hujjatlarini hayotga tatbiq etish yo‘llari masalalariga bag‘ishlandi.

    Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi orasida uchrayotgan yuqumli va yuqumsiz bo‘lgan kasalliklarni oldini olish, reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga namunali tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ko‘plab qonun osti hujjatlari chiqarilib, uni hayotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi.

    Uni ijrosini ta'minlash, amaliyotga joriy etish masalasi soha xodimlaridan katta kuch, harakat va bilim, mahorat talab etadi. Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilish mavzusi ham xuddi o‘sha masalalarga bag‘ishlandi.

    O‘tkazilgan seminarda Sog‘liqni saqlash vazirligi Aholini sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash markazi, Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Aholini sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash Sirdaryo viloyat hududiy markazi vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmolarni va qarorlarida belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini hamda patronaj xizmatining yangi universal-progressiv modelini mazmun mohiyatini tushuntirib berildi.

    Seminar ishtirokchilariga tashabbuskorlar tomonidan patronaj xizmatining universal-progressiv modeli, uni amalyotga joriy etish yo‘llari , viloyat, hudud, hududdagi muassasa, muassasaga qarashli aholi yashash punktining joylashgan joyi, ko‘cha, xonadon, xonadon sohibi hamda xonadon a’zolarini kodlashtirish yo‘llari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining PeN-protokolida ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

    — Bu yangi patronaj xizmatining universal-progressiv model tizimning afzalliklari nihoyatda ko‘p. Markaziy va Sharqiy yevropada, shu jumladan, O‘zbekistonda olib borilgan izlanishlar natijasiga ko‘ra xonadonlarda o‘tkaziladigan patronaj tashriflarining haddan tashqari ya'ni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 26 martadan ko‘p amalga oshirilgani patronaj xizmati sifatini susayishiga sabab bo‘layotgan edi, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligining hamshiralik ishi bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Rixsi Solixodjaeva. — Chunki tashriflar qisqa muddatli bo‘lsada, hamshiralar bor vaqtlarini bolaning jismoniy salomatligini baholashga, bolani navbatdagi emlashga, ko‘rikka taklif qilishga, qolgan ish vaqtini bolani tibbiy hujjatlarini to‘ldirish, tibbiy ko‘rik vaqtida shifokor bergan tavsiyani bajarishga sarflagan. Yangi, joriy etilayotgan patronaj xizmatining universal-progressiv modeli amaliyotga joriy etilgach ko‘plab muammolar yechim topadi. Ortiqcha va besabab vaqt yo‘qotilmaydi. Homiladorlar, chilla davridagi ayollar va ilk yoshdagi bolalarga patronaj xizmatini yangi uchta turdagi model asosida xizmat ko‘rsatishadi. Birinchi model, universal model bo‘lib, bu barcha ilk yoshdagi bolalarni, homilador va tuqqan ayollarni patronaj kuzatuv bilan qamrab oladi va ularga ma’lum yoshga yetganga qadar holatlardan xabar olinib, xizmatlar ko‘rsatilsa, ikkinchi progressiv, ya’ni maqsadli model orqali alohida ehtiyojlarga muhtoj bo‘lgan tibbiy yoki ruhiy-ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lganlar kuzatuvga olinadi, uchinchi model — patronajning aralash modeli bo‘lib, unda patronaj xizmati xodimi «xonadonga tashrif»larni o‘z ichiga oluvchi aralash va maqsadli modellarning afzallik tomonlarini birlashtirib, cheklovlarni yengib o‘tib, xizmat ko‘lamini oshiradi. Bu esa o‘z samarasini ko‘rsata boshlaydi.

    Bir so‘z bilan aytganda, patronajlarni yangi universal-progressiv model bo‘yicha bilimlari oshiriladi. Ular uchun qisqa kurslar tashkil etilib o‘qitiladi. Natijada bolalar salomatliklarini asrash, ularni optimal o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash maqsadida g‘amxo‘rlik qilishlari, har xil ijtimoiy iqtisodiy qiyinchiliklar, ruhiy stress holatlar va boshqa noqulayliklar barham topadi. Bola, ota-ona, oila va jamiyat tarafdan ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.