Sirdaryoda salkam 180 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan ishlab chiqarish sexi aniqlandi

    Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

    Qayd etilishicha, departamentning Xovos tuman boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Tekshiruvda “X.O.” MCHJ masʼul shaxslari ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblagichga qasddan shikast yetkazib, 177,1 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

    Shu kabi, departamentning Vobkent tuman boʻlimi tomonidan “Buxorotumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. tovuqxona binosini umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga hech qanday hujjatsiz qayta ulab, 159,5 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.