Siyosiy partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga imzo varaqalarini taqdim etdi

    Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi MSKning ekspert guruhlari tomonidan besh kunlik muddatda tekshirib chiqiladi.

    Shu yilning 16-17-avgust kunlari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan saylovda ishtirok etishga ijozat berish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasiga “Ye-saylov” axborot tizimi orqali murojaat yuborildi hamda toʻplangan imzo varaqalari Markaziy saylov komissiyasiga koʻrib chiqish uchun topshirildi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi MSKning ekspert guruhlari tomonidan besh kunlik muddatda tekshirib chiqiladi.

    Maʼlumki, siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi va deputatlikka nomzod koʻrsatishi uchun saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan va oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini toʻplashi zarur.

    Qonunchilikka koʻra, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan toʻplangan saylovchilarning imzolari, respublika boʻyicha toʻplanishi lozim boʻlgan imzolarning koʻpi bilan sakkiz foizini tashkil etishi lozim.

    Joriy yil 31-iyul sanasida MSK tomonidan Qonunchilik palatasi saylovida siyosiy partiyaning ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash uchun har bir siyosiy partiyaga imzo varaqalari blankalari berildi. Siyosiy partiyalar shu kundan boshlab oʻz partiyasining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini toʻplashga kirishdilar.