Vatan – xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagidir. Vatan – muqaddas qadriyat. U ona kabi aziz va mukarramdir. Taraqqiyot ham vatandan boshlanadi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish maqsadida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan xorijdagi vatandoshlar uchun turli loyihalar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda.

Fond tomonidan “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” xalqaro onlayn viktorinasi II mavsum g‘oliblarining O‘zbekistonga taklif etilishi ular uchun haqiqiy bayramga aylandi.

Mazkur viktorina faqatgina xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun tashkil etilib, “Vatandoshlar” jamoat fondining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (www.vatandoshlarfondi.uz) orqali o‘tkazildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi, o‘zbek adabiyoti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi test savollariga javob berib, o‘z faoliyati va O‘zbekiston uchun manfaatli takliflarga bag‘ishlangan bayonlarni platformaga joylashtirishdi hamda eng yuqori ball to‘plagan vatandoshlar suhbat jarayonlariga taklif etildi.

Viktorinaning II mavsumida ishtirok etish uchun 233 nafar vatandoshlar ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 23 nafari test va bayon shartlarini to‘liq bajargan. Joriy yilning 4 avgust sanasida ikkinchi bosqich suhbatga taklif etilgan 23 nafar ishtirokchilardan 20 nafari suhbat jarayonlarida qatnashdi va xorijiy mamlakatlardan eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar (Yaponiya, Xitoy, Koreya, Portugaliya, Niderlandiya, Italiya, Tojikiston, Fransiya, Rossiya, Turkiya) vatandoshlar g‘olib deb topildi. Sinov natijalariga ko‘ra, har bir mamlakatdan g‘olib deb topilgan bir nafar vatandoshlar “Vatandoshlar” jamoat fondi homiyligida O‘zbekistonga taklif etildi.

O‘zbekiston bo‘ylab dasturning birinchi kuni Toshkent shahrida bo‘ldi. Dastur davomida vatandoshlar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Toshkent shahridagi Prezident maktabi, IT park, Yangi O‘zbekiston bog‘iga tashrif buyurdi.

 Bundan tashqari vatandoshlar Samarqand, Buxoro, Xivada bo‘lishib, yurtimizning boy o‘tmishi bilan yaqindan tanishdi.

Dildora Medetova:

– Fransiya poytaxti – Parij shahrida ko‘p yillardan beri oilamiz bilan istiqomat qilamiz. Farzandlarimiz shu yerda tug‘ildi. Asli tarixchiman. So‘ngi ta’limni Fransiyadagi “Rennes-2” universitetining Xalqaro aloqalar yo‘nalishida magistraturada o‘qidim. Hozirda Fransiyadagi "Arabe dunyosi" institutida faoliyat olib boraman. Men ham, turmush o‘rtog‘im ham ta’lim sohasida faoliyat olib borganimiz bois, farzandlarimizga yurtimiz tarixi, urf-odatlarini nafaqat ota-ona sifatida, balki mutahassis sifatida ham yaxshi tushuntira olamiz. Ular yurtimizning tuprog‘i, noni, havosi, quyoshi, qo‘yingki, hatto odamlari bizga azizligini yaxshi anglaydi. Har ikkimiz uchun ham farzandlarimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizni bilib, kundalik turmushida o‘zligiga, o‘zbekligiga xos tutishi juda muhim. Lekin men tarixiy Buxoro, Xivada oldin bo‘lmaganman. Bu sehrli joylar meni qayta-qayta o‘ziga rom etdi. Shu qadar boy tariximiz borki, hatto o‘tgan asrlarda bunyod etilgan binolar oldida hech qaysi mamlakatning binolari teng kelolmaydi. Dastur davomida Fransiyadagi hamkasblarimga tassurotlarimni muntazam yubordim. Ular ham albatta O‘zbekistonga kelishi kerakligini ta’kidlashdi. Zamonaviy muassasalarni aytmasa ham bo‘ladi. Toshkent shahridagi Prezident maktabidagi bolalar yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa, meni lol qoldirdi. Hatto mening farzandlarim xorijda maxsus maktabda ham bunchalik sharoitda o‘qimaydi.

 

Ufora Xabibullayeva

“Vatandoshlar” jamoat fondi

Axborot xizmati rahbari