Sogʻlom sayyora, toza havo, xavfsiz muhit. Aynan shular bolalarning voqeligiga aylanishi shart — Ziroat Mirziyoyeva

    Dolzarb 17 Noyabr 2022 5332

    “Zamin” fondi va YUNISEF tomonidan Butunjahon bolalar kuniga bagʻishlab gibrid formatda “Bolalarning sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini taʼminlash” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi.

    Tadbirda BMT va uning tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbariyati, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus, davlat idoralari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon, Malayziya, Vengriya va boshqa mamlakatlarning ilmiy va pedagogik doiralari vakillari hamda ekofaollar ishtirok etdi.

    Forumda Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva nutq soʻzladi.

    — Oʻzbekistonning Bolalar, yoshlar hamda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish harakatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga qoʻshilganini chin dildan olqishlaymiz. Bu muhim qadam, mamlakatimiz bolalarning tom maʼnoda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisi. Sogʻlom sayyora, toza havo, xavfsiz muhit. Aynan shular bolalarning voqeligiga aylanishi shart.

    Shunchaki qarab tura olmaymiz. Har birimizning hissamiz, tabiat uchun qilgan har bir harakatimiz barqaror atrof-muhitga erishish yoʻlida muhim oʻrin tutadi. Faqatgina birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz va aniq amallarimiz bilan ushbu maqsadga erishishimiz mumkin, - dedi “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston MDH hududida ushbu deklaratsiyaga qoʻshilgan birinchi davlat boʻldi.

    Deklaratsiyada hukumatlarning iqlimga doir siyosatda va harakatlarda bolalarning huquq va manfaatlarini barcha darajalarda izchil hisobga olish borasidagi qator majburiyatlari aks etgan.

    Forum iqlim oʻzgarishining atrof-muhitga salbiy taʼsirlarini yumshatish, bu borada inson huquqlari, ayniqsa yosh avlod huquqlarini samarali roʻyobga chiqarish masalalariga bagʻishlandi.

    Muloqot maydoni ishtirokchilari iqlim oʻzgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita tasʼsir koʻrsatayotgani borasida yakdil fikr bildirdilar. Ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish zarurligidan soʻzga chiqqanlarning xavotirli raqam va faktlari ham dalolat beradi.

    Xususan, BMTning inson huquqlari va atrof-muhit masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Devid R. Boyd oʻzining videomurojaatida sayyoramizdagi har bir bola va oʻsmir toza, sogʻlom va barqaror atrof-muhitda yashashga haqli ekanini taʼkidladi.

    — Lekin muammo shundaki, ushbu huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik oʻrtasida katta masofa mavjud. Ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin boʻlmoqda; yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va toʻyib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand boʻla olmayapti; bolalar ularning rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan qoʻrgʻoshin va simob kabi toksik kimyoviy moddalar taʼsirini boshidan kechirmoqda.

    Ayni paytda, toza, sogʻlom va barqaror atrof-muhitda yashash huquqi –hukumatlarning atrof-muhitni himoya qilish borasidagi harakatlarini tezlashtirish uchun bolalar va yoshlar uchun tomonidan ishga solinishi mumkin boʻlgan vositadir. Oʻylaymanki, barchamiz bolalarga huquqiy jarayonlarda ishtirok etish va oʻz fikrini bildirish imkoniyatlarini yaratib berishimiz kerak, - dedi Devid R. Boyd.

    Mavzu yuzasidan dolzarb maʼlumotlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xelga Shmid ham keltirdi. U ham bolalar iqlim oʻzgarishining keng koʻlamli oqibatlari oldida zaif ekanliklariga eʼtibor qaratdi.

    - Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, 2021-yilda tugʻilgan bolalar ularning 60 yil avval tugʻilgan bobo va momolariga nisbatan 7-marta koʻp anomal issiqlik toʻlqinlarini, ikki barobar koʻp oʻrmon yongʻinlarini va qariyb uch barobar koʻp qurgʻoqchilik holatlarini boshidan kechiradilar. Shuning uchun, YUNISEFning “iqlim inqirozi – bola huquqlari inqirozi” degan fikrlariga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq, - dedi u.

    Iqlim inqiroziga yechim topish davrimizning kechiktirib boʻlmas ustuvor vazifasi ekanini YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ham tasdiqladi. Uning aytishicha, u vakillik qilayotgan mintaqalarning oʻzida 198,5 million nafar bola ekologiya va atrof-muhit bilan bogʻliq turli tahdidlardan aziyat chekmoqda.

    — Bolalar iqlim inqirozining sababchilari boʻlmasada, uning taʼsirini nomutanosib ravishda kuchli sezmoqda. Shu sababli qayd etmoqchimanki, hozir bolalar uchun qilishimiz mumkin eng yaxshi sarmoya – ular yashashi, oʻsishi va farovon hayot kechirishi uchun zarur xizmatlar iqlim va ekologiya larzalariga barqaror boʻlsin; barcha bolalar va yoshlarning “yashil oʻtish”ga erishish va barcha uchun farovon dunyo barpo etish uchun kerak boʻladigan taʼlim olish va koʻnikmalarni yaxshilash borasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlaylik, - dedi Xan xonim.

    Ekologik tahdidlarga qarshi turish uchun yechimlardan birini BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (YUNEP) Inger Andersen taklif qildi:

    — Biz birlashib, iqlim, tabiat oʻzgarishi, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish boʻyicha barcha dasturlarni birlashtirish uchun zarur choralar koʻrishimiz lozim. Atrof-muhitni nazorat qilish boʻyicha qoʻlimizdan kelgan eng salohiyatli sifat standartlarini belgilash va joriy qilishimiz kerak. Atrof-muhitni himoya qilish harakatlarini ilgari surish uchun kesishuv nuqtalarini topishimiz kerak. Toki yoshlarning ovozi eshitilsin. Sayyoraga zarar yetkazishdan olingan moliyaviy oqimlar uning farovonligiga yoʻnaltirilsin. Bolalarimizga barqaror kelajak huquqini taqdim etish uchun zarur barchasini qilishimiz lozim.

    Buning uchun bizga mustahkam hamkorlik munosabatlari kerak. Shu munosabat bilan “Zamin” fondi va koʻplab boshqa tashkilotlar bilan hamkorlgimizdan gʻururlanamiz va uni qadrlaymiz, - dedi Inger Andersen.

    Forum qonunchilik asoslarini takomillashtirish orqali ekologik muammo va tahdidlarning oldini olish boʻyicha global va milliy miqyosda amalga oshirilayotgan harakatlar yuzasidan amaliy fikr almashish uchun samarali maydon boʻldi.

    Tadbir yakunida xalqaro hamjamiyatga bola huquq va manfaatlarini iqlim sohasidagi harakatlarining markaziga qoʻygan holda iqlim inqirozining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy saʼy-harakatlarni kuchaytirish boʻyicha daʼvat qilingan Yakuniy hujjat qabul qilindi.

    Maʼlumot uchun: Butunjahon bolalar kuni 1954-yilda eʼlon qilingan va har yili 20-noyabr kuni nishonlanadi.

    BMTga aʼzo davlatlar tomonidan Butunjahon bolalar kuni nishonlanishi jamoatchilikning bolalar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish hamda muloqot orqali butun dunyo bolalari uchun qulay muhit yaratish borasidagi xabardorligini oshirish uchun noyob imkoniyat beradi.