— Muammoning ichiga kirib bormasak, ahvol eskiligicha qolaveradi. Qiz oʻstirib, oq yuvib, oq taragan onalarning farzandini boshqa xonadonga uzatganidan keyingi tomoshasini yaqinroq borib oʻrganaylik. Bir – ikki yil farzand koʻrmasa, sen bepushtsan, deb kelinni ostonadan nariga chiqarib qoʻyayotgan ayrim qaynonalarga bundoq yaqinroq turib gapiraylik.

Yoshi bir joyni qoralab qolgan kayvoni onaxonning gapida jon bor edi. Davrimizning “Farmon bibi”si haq. Uning kuyinchakligi ortida ming afsuski, achchiq haqiqat mujassam. Oʻsha kuni, oʻsha majlisda men ham mutaxassis shifokor sifatida oilani rejalashtirish, ayollar kasalliklari, balogʻat yoshidagi qizlarni oilaga tayyorlash boʻyicha oʻz mulohazalarimni bildirdim. Olib borayotgan ilmiy-amaliy faoliyatimni oddiy tilda, hamma tushunadigan qilib talqin etdim.

Biroq, shu bilan mening koʻnglim taskin topmadi.

Doktorlik himoyam oldidan oʻtkazgan ijtimoiy soʻrovnomalar aslida qanchalar haqiqatga yaqin ekanligi haqida oʻyladim.

Shaharga yetib kelgunimcha ayollarning oila barqarorligidagi oʻrni toʻgʻrisida oʻz-oʻzimga savol berdim.

Qiz bola singari oʻgʻil bolalar tarbiyasi va salomatligiga ham juda kichik yoshdan eʼtibor berish kerak emasmikan, degan fikrlar xayolimda charx ura boshladi.

Tan olish kerak, keyingi yillarda ayollarimizning tibbiy saviyasi ancha takomillashib bormoqda, biroq yana shuni afsus bilan aytishim kerakki, ayrim oila bekalarining qizlarimiz taqdiriga nisbatan biroz befarqligi bois yuqoridagi kabi muammolar koʻplab uchrayapti.

Mana masalan, men olib borayotgan ilmiy tadqiqot — bepushtlik mavzusini olaylik.

Biz uzoq yillar davomida oilaviy ajrimlarda malomat toshlarini faqat qizlar tomon otib oʻrganib qoldik. Oilada qaysiki mojaro chiqsa, qiz tomonning tili qisiq boʻlaverdi. Aslida, oʻgʻil farzandni voyaga yetkazayotgan ota-onalarda gap koʻp emasmi? Kasbim taqozosi bilan qabulimga kelgan kelinchaklarning juda katta andisha bilan erining aybini yashirib, bor masʼuliyatni oʻz boʻyniga olishlariga koʻp marotaba guvoh boʻlganman. Bir tomondan toʻgʻri, ularning oʻz vaqtida farzandlik boʻlmayotganligiga ayrim ginekologik kasalliklar sabab boʻlmoqda. Biroq, juda katta ehtimol bilan sogʻligʻida muammosi boʻla turib oʻzidagi kamchilikni yashirib yurgan yigitlarga nima deysiz.

Ustiga ustak ularni tibbiy koʻrikka jalb etishning oʻzi bir muammo.

Eng qizigʻi, qaynonalar oʻgʻlidagi muammoni tan olishni xohlamaydi.

Shu maʼnoda, biz tibbiyot muassasalari professor-oʻqituvchilarining maktablarga biriktirib berilgani ayni muddao boʻldi. Biri paytlar darslar tarkibida oʻtiladigan salomatlik darslari endi mutaxassis vrachlar va tibbiyot oliygohlari oʻqituvchilari tomonidan olib boriladi.

Yana quvonarli tomoni, bakalavr bosqichidagi talabalarimizga darslar jarayonida bemor bilan yaqindan muloqotda boʻlish etikasi, darsdan tashqari paytda jamoatchilik asosida sogʻlom turmush targʻiboti bilan shugʻullanish koʻnikmalarini oʻrgatib boryapmiz.

Boisi, mamlakatimizda tibbiy taʼlim muassasalari soni kun sayin koʻpayib, zamonaviy bilim va koʻnikmaga ega kadrlar tayyorlash ishiga alohida eʼtibor berilyapti.

Ayni kunlarda barchaning diqqat markazida turgan yangicha qarashlarimizga ana shu kabi hayotiy zarurat sabab boʻldi.

Oʻzim olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar yuzasidan aytadigan boʻlsam:

Bugun dunyoda reproduktiv yoshdagi juftliklar oʻrtasida bepushtlikning sezilarli darajada tarqalib borayotgani avvalo oilalarda ijtimoiy va psixologik noqulay vaziyatlarga, ajralishlar sonining ortib borishiga olib kelmoqda.

Befarzandlikdan ozor chekkanlarning bir-biriga nisbatan tushkun kayfiyati jamiyat hayotiga koʻchib, baʼzan ish faoliyatining pasayishiga ham olib kelyapti.

Oʻzbekistonda oʻtkazilgan turli tadqiqotlar natijalariga koʻra, nikoh qurgan ayollardan birlamchi bepushtlik bilan aziyat chekuvchi ayollar 4.9 foizdan 5.3 gachani tashkil etadi.

Bu raqamlar jamiyatimizda ayollar bepushtligi muammosini bartaraf etishda hamkorlik va hamjihatlikka qanchalar ehtiyoj kattaligini koʻrsatmoqda.

Biz tibbiyot xodimlari esa boʻlajak soha xodimlari bilan oʻtkaziladigan amaliy jarayonlarni aholi orasida davra suhbati shaklida olib borsak, ikki tomonlama samaraga erishgan boʻlardik.

Zamonaviy tibbiyot ilmida yangi innovatsiyalarni amalga oshirayotgan bir olima, qolaversa ona sifatida meni quvontiradigan jihati yaqin-yaqinlargacha Oʻzbekistonda yordamchi reproduktiv texnologiyalarning yoʻqligi sabab bepushtlikdan aziyat chekayotganlar muolajalarni boshqa mamlakatlarda oʻtkazishga majbur boʻlardi. Endilikda unday emas, avvallari er-xotinni chet elda davolanishi uchun 3 000 dan 10 000 AQSH dollarigacha sarflangan boʻlsa, bugun bu xarajatlarga hojat yoʻq.

Mamlakatimizda bepushtlikni davolashning samarali tizimi yoʻlga qoʻyilgani aholi salomatligi va oilalar mustahkamligiga boʻlgan katta eʼtiborning yaqqol dalilidir.

Nigina Hikmatova,

Buxoro tibbiyot instituti dotsenti