Yurtimizda xalqaro andazalar darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tizimni barpo etish, xalqimizni sog‘lomlashtirish borasidagi vazifalar “Inson qadri uchun” tamoyilining asosini tashkil etib kelmoqda. Har bir fuqaroning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini o‘zida mujassam etgan ushbu g‘oya sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan yangilanishlarda o‘z ifodasini topayotir. Odamlarning baxtli-saodatli, bugunidan rozi bo‘lib yashashi uchun tibbiyot tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ham aholi salomatligiga qaratilgan yuksak e’tibordan dalolat.

Shu yilning 18 mart kuni Prezidentimiz sog‘liqni saqlash xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tgan va har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Bu boradagi muammolarga yechim sifatida mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy­sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirishga doir tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Natijada umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor, qishloq vrachlik punkt i oilaviy shifokor punkti, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinikaga aylantirildi. 

Mutaxassislarning pediatriya, terapiya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari yordamida tibbiy xaritalar orqali manzilli ish olib borishi yo‘lga qo‘yildi. Ommaviy shakldagi profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining dasturlari, total patronaj o‘rniga universal, progressiv patronaj tizimi joriy qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini to‘g‘ridan­to‘g‘ri bemor bilan ishlaydigan, kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizim sifatida shakllantirildi. 

Kuni kecha davlatimiz rahbari poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 22­-oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, qilingan ishlar, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Aholi va shifokorlar, hamshira va bemorlar uchun mavjud imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. 

Uch qavatli ushbu zamonaviy muassasa 56 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Poliklinikada bolalar hamda fizioterapiya bo‘limlari, kunduzgi stasionar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislik xonalari va laboratoriyalar barcha zarur anjomlar bilan jihozlangan. Xorijdan eng so‘nggi rusumdagi fizioterapiya uskunalari keltirilgan. Bepul tarqatiladigan dorilar va shifokor qabulidan oldingi ko‘rik xonalari tashkil etilgan. 65 nafar shifokor va ko‘plab hamshiralar bemorlar dardiga malham bo‘layotir.

 — Poliklinikamizda 23 ta tibbiy brigada faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, — deydi Uchtepa tumanidagi 22­oilaviy poliklinika bosh shifokori Nigora Shamsiyeva. — Fuqarolarga bir shifokor va to‘rt nafar hamshiradan iborat tibbiy brigada xizmat ko‘rsatadi. Tor mutaxassislar to‘rtinchi guruhga mansub xastalarga qaraydi, shuningdek, yotib qolgan bemorlar uyiga borib zarur muolajalarni o‘tkazadi. 

Tibbiyot sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri malakali tibbiy xizmatning har bir xonadonga kirib borishini ta’minlashdir. Bu boradagi xayrli ishlarga bugun har bir yurtdoshimiz o‘zining hayoti misolida guvoh bo‘lib turibdi.
— Ancha yildan beri yurak­-qon tomir kasalligi bezovta qiladi. Og‘ir operasiyani boshdan o‘tkazganman, — deydi Shaftolizor mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmuda Qodirova. — Poliklinikada kunduzgi stasionar tashkil etilgani men kabi bemorlar uchun qulay bo‘ldi. Hozir shu yerda davolanyapman. Barcha sharoit yaratilgan, malakali shifokorlar boshimizda parvona. Ilgari tekin beriladigan dori­darmon yo‘q edi. Keraklisini shifokor yozib berar, xarid qilishga esa doim ham imkoniyatimiz bo‘lmasdi. Endi zarur dori vositalari bepul berilyapti. 

Poliklinikada 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profili (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar)ni baholash, 40 yoshdan oshgan aholini oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari  orqali manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga kuchli e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Ta’kidlanishicha, avvallari yurtimizda o‘lim holatining 60 foizi ana shu bo‘g‘indagi kamchiliklar, masalan, yurak-­qon tomir kasalliklariga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmaslik tufayli sodir bo‘lgan. Saraton xastaligi bemorlarda kasallik so‘nggi bosqichga o‘tganidan keyin aniqlangan. Xullas, mazkur tizim o‘z vazifasini to‘la­to‘kis bajara olmagan. Endi ana shu kamchiliklar bartaraf etilib, aholining malakali tibbiy yordamdan to‘liq foydalanishiga ko‘maklashish, umr davomiyligini uzaytirish bo‘yicha izchil ishlar bajarilayotir. 

Prezidentimiz bilan muloqotda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish haqida ham so‘z bordi.

— Ko‘p hollarda kasallikni insonning o‘zi keltirib chiqaradi: kam harakatda bo‘ladi, to‘g‘ri ovqatlanmaydi, sog‘lig‘iga qaramaydi. Buni birlamchi bo‘g‘in keng tushuntirishi kerak. Aholini dori bilan emas, profilaktika bilan sog‘lomlashtirish zarur. Odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborini kuchaytirish, skrining tekshiruvlarini muntazam o‘tkazib borish kerak, — dedi davlatimiz rahbari. 

Darhaqiqat, har qanday kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan afzal. Birlamchi tizimni jonlantirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu. Yana aholining salomatligini yaxshilash, umrini uzaytirish, sog‘lom keksalikni ta’minlash ham muhim. Zero, faqat sog‘lom millat barkamol avlodni tarbiyalashga qodir bo‘ladi. Birlamchi bo‘g‘inni mahallagacha tushirish bo‘yicha boshlagan ishlar samarasiga bugun yurtdoshlarimiz mana shu poliklinika misolida guvoh bo‘lib turibdi. 
Sog‘liqni saqlash sohasida yangilanishlar tizimdagi barcha yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Jumladan, tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli — birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tizimini yanada takomillashtirish borasidagi chora­tadbirlar zamirida ham xalqimiz roziligiga erishish maqsadi mujassam. 

Davlatimiz rahbari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasi imkoniyatlari bilan ham tanishdi. Besh qavatli, 75 o‘ringa mo‘ljallangan majmuada shoshilinch tibbiy yordamdagi eng noyob sohalar — kardioxirurgiya, neyrovaskulyar xirurgiya hamda transplantologiya qamrab olingan. 

Binoda 25 o‘rinli kardioxirurgiya, 25 o‘rinli transplantologiya, 25 o‘rinli neyro­qon tomir xirurgiyasi bo‘limlari, 6 ta zamonaviy amaliyot xonasi va 12 o‘rinli reanimasiya bo‘limi faoliyat yuritadi. 

Xirurgiya majmuasining to‘liq ishga tushirilishi natijasida kardioxirurgiya bo‘limida yiliga 700 dan ortiq murakkab operasiya o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ilgari bunday amaliyotlar 300 tadan oshmas edi. Transplantologiya bo‘limida bir yilda 100 dan ziyod amaliyot o‘tkazilgan bo‘lsa, kelgusida buyrak va jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha yiliga 300 dan ziyod amaliyot bajarilishi uchun sharoit yaratiladi. Neyroxirurgiya bo‘limida bosh miya qon tomiri nuqsonlarini xirurgik davolash natijasida chuqur nogironlikka mahkum bo‘lgan bemorlarda yiliga 200 dan ziyod noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Bu nima degani? Misol uchun, ilgari bosh miya xastaligiga chalinganlarda jarrohlik amaliyoti kesuv yo‘li orqali o‘tkazilgan bo‘lsa, yangi jihozlar tomir yo‘lidan borib shu operasiyalarni bajaradi. Oldin boshda o‘sma bo‘lsa, mutaxassislar MSKT apparati tasviriga qarab jarrohlik usulini belgilagan. Hozirgi zamonaviy, so‘nggi rusumdagi navigatorlar jarrohlik amaliyoti paytida shifokorga yo‘nalish berib turadi. Mana shunday tibbiy jihozlar bemorlarning darddan forig‘ bo‘lib, salomatligini tiklashiga katta hissa qo‘shadi. Intervension muolajalar bo‘limida har yili o‘tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash bo‘yicha qo‘shimcha 1000 dan ziyod muolaja bajariladi. 

— Aholi sonining ortib borayotgani, murojaatlar ko‘pligi yangi xirurgiya majmuasini barpo etish zaruratini yuzaga keltirdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov.

— Tibbiyotning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan ushbu majmuada yiliga qo‘shimcha 3000 nafar bemorga yuqori texnologik shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin. U 7,5 million dollarlik yuqori texnologik tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.

Majmua nafaqat davolash ishlariga mo‘ljallangan, balki bu yerda ilmiy markaz ham tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Yuqori texnologik tibbiy jihozlar bilan ishlaydigan, murakkab jarrohlik amaliyotini bajaradigan xodimlarni tayyorlash vazifasi yuklatildi. Bu tizimda ishlayotgan mutaxassislarni tayyorlashda katta yordam beradi. 

Davlatimiz rahbari shu yerda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-­texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining tajriba va malakasini hamda moddiy manfaatdorligini oshirishga doir muhim topshiriqlar berdi. Bu vazifalar ko‘lami va miqyosiga ko‘ra, tizimdagi eng og‘riqli nuqtalardagi muammolar yechimiga qaratilgani bilan e’tiborga molik. 

Davrlar oshib kelayotgan yana bir haqiqat bor. U shundan iboratki, sog‘lom xalqning ruhi baland, kayfiyati joyida bo‘ladi. Buguniga minnatdorlik, ertangi kunga ishonch bilan qaraydi. Eng muhimi, aniq maqsad­muddao, orzu­umid bilan yashaydi. Yorug‘ niyatlari sog‘lom xalqni doim mamlakat taraqqiyoti uchun kamarbasta bo‘lishga, barkamol o‘g‘il­-qizlarni kamolga yetkazishga undaydi. Pirovardida, bu ezgu maqsadlar davlatning qudratiga sabab bo‘luvchi bemisl kuchga aylanadi. O‘zbekiston ayni paytda mana shu cho‘qqiga intilmoqda. Bu boradagi sa’y-­harakatlar, shubhasiz, o‘z ro‘yobini topadi.

Risolat MADIYEVA, 
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri