Sohadagi ayrim investitsiya loyihalari uchun yerlar tanlovsiz ajratiladi

    Prezident tomonidan 30.09.2024-yildagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-151-sonli Farmon imzolandi.

    Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi negizida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilmoqda.

    Shuningdek, Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilmoqda.

    2025-yilda 29,2 ming ga yer maydonida yangi intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilmoqda.

    Zaxiradagi yer uchastkalari yangi sanoat intensiv bogʻlari va uzumzorlarini barpo etish uchun Agentlikka yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ijara huquqi bilan ajratiladi. Bunda, istisno tariqasida:

    — investitsiya loyihasining qiymati 10 mln AQSH dollaridan kam boʻlishiga;

    — eng yaxshi taklifni tanlash boʻyicha tanlov oʻtkazilmasligiga;

    — oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq roʻyxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.

    Agentlikka oʻziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish huquqi beriladi.

    Yer uchastkasi bogʻ va tokzorlardan foydalanish huquqi bilan 30-yil muddatgacha ijaraga beriladi.

    Yangi bogʻlarni barpo etishni Jamgʻarma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari orqali moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilmoqda:

    — birinchi bosqichda — yerni ekishga tayyorlash uchun imtiyozli kreditning 10 foizgacha miqdorida;

    — ikkinchi bosqichda — koʻchat sotib olish va ekish xarajatlariga imtiyozli kreditning 40 foizgacha miqdorida;

    — uchinchi bosqichda — sugʻorish tizimlarini oʻrnatish xarajatlariga imtiyozli kreditning 30 foizgacha miqdorida;

    — toʻrtinchi bosqichda — bogʻ hosilga kirgunga qadar 3-yil parvarishlash xarajatlariga imtiyozli kreditning 20 foizgacha miqdorida ajratiladi.

    Bunda:

    — yangi bogʻlarni barpo etish boʻyicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida koʻzda tutilgan yer maydoniga mutanosib ravishda, ammo 1 gektarga koʻpi bilan BHMning 500 baravaridan oshmagan miqdorda imtiyozli kreditlar ajratiladi;

    — tashabbuskorlarga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada 3-yillik imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga kreditlar ajratiladi;

    — mazkur shartlar meva va uzum mahsulotlarini zamonaviy saralash, qadoqlash va qayta ishlashni tashkil etish loyihalariga ham tatbiq etiladi.

    2025-yil 1-yanvardan boshlab:

    — tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi 3 baravarga oshiriladi;

    Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish hamda maydoni 1 gektar va undan yuqori boʻlgan yangi bogʻlar barpo etish loyihalarini, texnik-iqtisodiy asoslari mavjud boʻlganda hamda Agentlik tomonidan ijobiy xulosa berilganda amalga oshirishga ruxsat etiladi. Bunda tashabbuskorlar yangi bogʻlarni barpo etishda oʻz ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan roʻyxatdagi payvand tagli mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvand ustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda QQS va bojxona bojlaridan ozod etiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 02.10.2024-yildan kuchga kirdi.